[:uz]Ўзбекистон касаба уюшмалари Федерациясининг Портали[:ru]Портал Федерации Профсоюзов Узбекистана[:oz]Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Portali[:uzl]Oʼzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Portali[:]

21.01.2026. O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Samarqand viloyati Kengashi faollar zalida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning 2025-yil 26-dekabr kuni Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasining mazmun-mohiyati va ahamiyati, shuningdek O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Samarqand viloyati kengashi hamda O‘zbekiston faxriylari ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi viloyat bo‘limi o‘rtasida 2026 yilga mo‘ljallangan hamkorlik memorandumni imzolash tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Kasaba uyushmalari viloyat Kengashi hamda “Nuroniy” jamg‘armasi viloyat bo‘limining bir guruh faxriylari, viloyat Kengashining apparat xodimlari hamda tarmoq kasaba uyushmalari raislari ishtirok etdi.

Tadbir avvalida tarix fanlari doktori, professor Farhod Nabiev Prezident Shavkat Mirziyoevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasining jamiyatimiz va davlatimiz hayotidagi ahamiyati hamda undan kelib chiqadigan vazifalar haqida so‘zlab berdi.

U Murojaatnomada 2026-yilda amalga oshiriladigan eng muhim 6 ta ustuvor yo‘nalishga atroflicha to‘xtalib o‘tdi. Jumladan:
— birinchi ustuvor yo‘nalish: mahalla infratuzilmasini yanada yaxshilash, ularga Yangi O‘zbekiston qiyofasini olib kirish;
— ikkinchi ustuvor yo‘nalish: iqtisodiyotni texnologik va innovasion o‘sish modeliga o‘tkazish;
— uchinchi ustuvor yo‘nalish: ichki bozorda talabni rag‘batlantirish;
— to‘rtinchi ustuvor yo‘nalish: kasblarni rivojlantirish va yangi mehnat bozori arxitekturasini yaratish;
— beshinchi ustuvor yo‘nalish: ekologik muvozanatni ta’minlash, “yashil” energetika va suv resurslaridan oqilona foydalanish;
— oltinchi ustuvor yo‘nalish: zamonaviy davlat boshqaruvi va adolatli sud-huquq tizimi bo‘yicha islohotlarni amalga oshirish.

Kasaba uyushmalari Federatsiyasi viloyat kengashi raisi Suhrob Rafiqov “Nuroniy” jamg‘armasi bilan imzolanishi ko‘zda tutilgan memorandumning maqsad va vazifalari xususida to‘xtalib, jumladan shunday dedi:

— Memorandumni imzolashdan maqsad mamlakatimizda keksalar, urush va mehnat faxriylarini ma’naviy va moddiy qo‘llab-quvvatlash, e’zozlash hamda ularni ijtimoiy muhofaza qilishni yanada kuchaytirishdagi hamkorlikni oshirish, shuningdek yoshlarni ona Vatanga, milliy istiqlol g‘oyalariga sadoqat ruhida tarbiyalashda nuroniylarimizning boy hayotiy tajribalaridan foydalanish hamda kasaba uyushmalari tizimidagi korxona, tashkilot va muassasalarda faoliyat olib borayotgan pensiya yoshidagi xodimlarni qo‘llab-quvvatlash, ularni ijtimoiy muhofaza qilishni yanada kuchaytirishdan iborat.

“Nuroniy” jamg‘armasi viloyat bo‘limi Kengashi raisi Shuhrat Negmatov hamkorlik memorandumining imzolanishi viloyatimizdagi keksalar va mehnat faxriylarini ma’naviy va moddiy qo‘llab-quvvatlashni yanada mustahkamlashini, birgalikda amalga oshiriladigan tadbirlar — mehnat faxriylari va nuroniylar ishtirokida “Uch avlod uchrashuvi”, davra suhbatlari, madaniy-ma’naviy va sport tadbirlarini yanada yuqori saviyada tashkil etishga imkon yaratishini ta’kidladi.

Tadbir davomida yig‘ilganlarga “O‘zbekiston kasaba uyushmalari — kecha, bugun, ertaga” nomli tarixiy-hujjatli fil’m namoyish etildi.