23.01.2026. O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasida O‘zbekiston Suv sporti Federatsiyasining yil yakunlariga bag‘ishlangan navbatdagi hisobot Konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Sport vaziri Adham Ikramov, Milliy olimpiya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Otabek Umarov, suv sporti Federatsiyasi mutasaddi va mas’ullari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan 500 dan ortiq mutaxassislar ishtirok etdilar.
Videokonferens aloqa formatida o‘tkazilgan anjumanni O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi, O‘zbekiston Suv sporti Federatsiyasi raisi Qudratilla Rafikov olib bordi.
Konferensiyada O‘zbekiston suv sporti Federatsiyasining 2025 yilgi faoliyati yakunlari tahlil etilib, istiqboldagi vazifalar belgilab olindi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan mamlakatimizda sport sohasiga yuksak e’tibor qaratilmoqda. Xususan, yurtimizda ommaviy va professional sportni, shu jumaladan, suv sportini rivojlantirish, zamonaviy sport inshootlarini barpo etish, buning uchun zarur tuzilmalarni shakllantirish yo‘nalishlarida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Buning natijasida so‘nggi yillarda mamlakatimiz sportchilari xalqaro musobaqalarda tarixiy yutuqlarga erishmoqdalar. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 4 noyabrdagi «Suv sportini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Qarori ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston suv sporti Federatsiyasi tomonidan boshqaruv va muvofiqlashtirish, xalqaro aloqalar va hamkorlikni yo‘lga qo‘yish hamda rivojlantirish, infratuzilma va moddiy-texnik negizni mustahkamlash, sportchilar va murabbiylarni tayyorlash kabi muhim yo‘nalishlarda tizimli ishlar amalga oshirildi.
2025 yil suv sporti uchun ishonchli taraqqiyot yili, hayajonli startlar, murosasiz musobaqalar va munosib g‘alabalar yili bo‘ldi. Suv yo‘lkalari va suzish havzalarida nafaqat sport natijalari, balki intizom, iroda va g‘alaba qozonish istagi orqali xarakter ham shakllandi. O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasida bo‘lib o‘tgan konferensiya murabbiylar, sportchilar va soha mutaxassislarini birlashtirdi. Ular nafaqat medallar va rekordlarni, balki har bir muvaffaqiyat ortidagi odamlar, jamoaviy jipslik va Davlatitmiz rahbarining sportni rivojlantirishga muntazam ravishda ko‘rsatayotgan e’tibori natijalarini e’tirof etdilar. Mamlakat rahbari tomonidan ilgari surilayotgan dolzarb masalalar va vazifalar ijrosini ta’minlashga qaratilgan yangi, yanada yuksak maqsadlar belgilab olindi.
– Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev sportni ham sog‘liq, ham natijalar nuqtai nazaridan rivojlantirish vazifasini ilgari surganlar, – dedi jumladan, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi, O‘zbekiston Suv sporti Federatsiyasi raisi Qudratilla Rafikov. – Bu – katta fidoiylik va intizom, o‘zini tuta bilish, matonat va sabr-toqat, jamoada ishlash va qaror qabul qilish qobiliyatini hamda harakatlarimiz va natijalarimiz uchun yuqori darajadagi mas’uliyatni namoyon etishni talab qiladi. Bu kuchli xarakter, qat’iyat va ishonchlilikni shakllantiradi. Aynan shu fazilatlarni O‘zbekiston davlat bayrog‘ini jahon sahnasida sharaf bilan baland ko‘tarib yuradigan hamda o‘z mamlakati obro‘sini oshirayotgan sportchilarimizda rivojlantirishimiz kerak.
Mamlakatimizda sport infratuzilmasini rivojlantirish, zamonaviy inshootlarni qurish va modernizasiya qilish bo‘yicha keng ko‘lamli dasturlar izchil amalga oshirilmoqda. Bu sport bilan shug‘ullanish imkoniyatlarini sezilarli darajada kengaytirdi, uning mashhurligini oshirdi va yangi sport maktablari qurilishiga turtki berdi. Xususan, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Olimpiya shaharchasi sport majmuasida suv sportini rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratildi. Ushbu sport inshooti barcha zamonaviy talablarga javob beradi va jahon chempionati kabi yirik xalqaro sport tadbirlarini o‘tkazishga qodir inshoot sifatida tan olindi.
Har bir yutuq ortida soatlab fidoiylik bilan qilingan mashg‘ulotlar, murabbiylarning ustozligi va davlatimiz rahbarining eng yuqori darajada har tomonlama qo‘llab-quvvatlashi mujassam. So‘nggi 9 yil ichida millionlab odamlar sport bilan shug‘ullanishga jalb etildi, yangi sport maktablari, seksiyalari va klublari tashkil etildi. Mustahkam sport infratuzilmasi barpo etilib, rivojlanishda davom etmoqda.
Tanlangan yo‘nalishning to‘g‘riligi va amalga oshirilayotgan ishlarning samarali natijalarini yaqinda Fransiyaning Parij shahrida bo‘lib o‘tgan XXXIII yozgi Olimpiya o‘yinlarida mamlakatimiz ishtirokchi davlatlar orasida umumjamoa hisobida 13-o‘rinni egallagani ham ko‘rsatib turibdi. O‘zbekiston tarixida ilgari hech qachon bo‘lmagan bu kabi yutuqlar Davlatimiz rahbarining sport sohasiga va sportchilarga ko‘rsatayotgan yuksak e’tiborlari samarasidir.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Milliy Olimpiya qo‘mitasi raisi Shavkat Mirziyoev nafaqat erishilgan natijalarni saqlab qolish, balki, ikki yildan so‘ng Los Anjelosda bo‘lib o‘tadigan yozgi Olimpiada o‘yinlarida yanada yuqori natijalarga erishish vazifasini qo‘ygan. Bu borada Suv sporti Federatsiyasi oldida ham katta mas’uliyat turibdi.
Konferensiyada shuningdek, suzish, sinxron suzish, suvga sakrash va suv polosi bo‘yicha bosh murabbiylarning 2025 yilda amalga oshirilgan ishlar va 2026 yilga mo‘ljallangan rejalar bo‘yicha hisobotlari tinglandi. Hududlarda suv sportini rivojlantirish, moddiy-texnik bazani mustahkamlash va seleksiya foliyatini kuchaytirish bo‘yicha ishlarning holati to‘g‘risidagi masalalar muhokama etildi.
Anjuman yakunida xalqaro musobaqalarda yuqori natilarni qo‘lga kiritgan sportchilar va ularning murabbiylari munosib taqdirlandi.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Matbuot xizmati
![[:uz]Ўзбекистон касаба уюшмалари Федерациясининг Портали[:ru]Портал Федерации Профсоюзов Узбекистана[:oz]Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Portali[:uzl]Oʼzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Portali[:]](https://kasaba.uz/wp-content/uploads/2024/04/cropped-ohirgi-logo_kasaba_v13-removebg-preview.png)



O'zbekcha
Русский