31.01.2026. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 2025 yil 17 oktyabr’ kuni kasaba uyushmalari faollari va faxriylari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda kasaba uyushmalari bilan mahallalar uyushmasi hamkorligini yanada mustahkamlash bo‘yicha qator vazifalarni ilgari surgan edi. Ushbu vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tashabbusiga ko‘ra O‘zbekiston mahallalari uyushmasi bilan o‘zaro hamkorlik bo‘yicha Memorandum imzolash marosimi o‘tkazildi.
Videokonferens aloqa formatida tashkil etilgan anjumanda Markaziy studiyadan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi va tarmoq kasaba uyushmalari Respublika Kengashlari mutasaddilari hamda mas’ul xodimlari, hududiy studiyalardan O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining hududiy kengashlari, O‘zbekiston mahallalari uyushmasining hududiy boshqarmalari va tuman bo‘limlari mutasaddilari, jami mingga yaqin mahalla raislari ishtirok etdilar.
Yig‘ilishni O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi Qudratilla Rafikov olib bordi.
Ma’lumki, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning 2025 yil 17 oktyabr’ kuni kasaba uyushmalari faollari va faxriylari bilan bo‘lib o‘tgan tarixiy uchrashuvida Davlatimiz Rahbari tomonidan kasaba uyushmalari va mahalla instituti o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirish, xotin-qizlarning faol ijtimoiy qatlam bo‘lib shakllanishida “Kasaba uyushmalari – ayollar manfaati yo‘lida” shiori asosida yangi tizimni yo‘lga qo‘yish taklifi ilgari surilgan edi. Ushbu tizim doirasida Xotin-qizlarni ijtimoiy-iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Respublika komissiyasi va O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan mehnat bozorida xotin-qizlar uchun teng imkoniyatlar yaratish, ularning hayotda o‘z o‘rnini topishiga va ijtimoiy faolligini oshirishga ko‘maklashish bo‘yicha yangi yondashuvlarni joriy etish vazifasi belgilab berilgandi.
Bunda xotin-qizlarning uy-joy va yashash sharoitlarini yaxshilash, tibbiy, psixologik, huquqiy yordamga muhtoj, taz’yiq va zo‘ravonlikka uchragan ayollarni ham “Ayollar daftari” orqali qo‘llab-quvvatlashni yo‘lga qo‘yish, qishloq joylarda ayollar bandligi va tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash dasturlarini yanada kengaytirish, har yili mehnat jamoalaridagi gender audit natijalarini muhokama qilib, ish beruvchilar bilan birgalikda xotin-qizlarga yanada qulay mehnat sharoitlarini yaratish, 14 ta tarmoq kasaba uyushmalarining gender tenglikni ta’minlash uchun manzilli strategiyalar ishlab chiqish bo‘yicha choralar ko‘rib borishi lozimligi ta’kidlangandi.
Bundan kelib chiqqan holda O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi tashabbusi bilan kasaba uyushmalari mutasaddilarining “mahalla yettiligi” bilan hamkorlikda xotin-qizlarga amaliy yordam berish tizimini kuchaytirish maqsadida kasaba uyushmalari hamda mahallalar uyushmasi o‘rtasida Hamkorlik memorandumi ishlab chiqildi.
Ushbu Memorandumdan ko‘zlangan asosiy maqsad – “Ayollar daftari” tizimining yangi bosqichida ehtiyojmand va ijtimoiy himoyaga muhtoj ishsiz xotin-qizlarning bandligini ta’minlash va tadbirkorligini yo‘lga qo‘yish hamda ularni ijtimoiy-iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha belgilangan chora-tadbirlarni birgalikda amalga oshirishdan iboratdir.
Ta’kidlash zarurki, Memorandum jami 9 ta moddadan iborat bo‘lib, u muhim ijtimoiy loyihani mukammal darajada tashkil etish mexanizmini o‘z ichiga oladi. Shubhasiz, mazkur hujjat O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi hamda O‘zbekiston mahallalari uyushmasi o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qiladi.
Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, Prezidentimiz tashabbusi bilan xotin-qizlar muammolarini hal qilish bo‘yicha yo‘lga qo‘yilgan va dunyoda analogi bo‘lmagan noyob tizim – “Ayollar daftari” tizimining 6 ta bosqichi orqali 2021 yildan to bugungi kungacha Respublika bo‘yicha jami 4,5 mln. nafardan ziyod ehtiyojmand xotin-qizlarga amaliy yordamlar berildi. Buning uchun jami 7 trillion so‘mga yaqin mablag‘ yo‘naltirildi.
Davlatimiz rahbari tomonidan uzoqni ko‘zlab yuritilayotgan odilona va xalqchil siyosat natijasida “mahalla yettiligi” tizimi joriy etilganidan so‘ng esa “Ayollar daftari” tizimi doirasidagi ishlar sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi.
Yig‘ilishda “Ayollar daftari” tizimini amalga oshirish bo‘yicha ishlar samaradorligini yuksaltirish va kasaba uyushmalari bilan mahallalar hamkorligini yanada mustahkamlash maqsadida amalga oshiriladigan ishlar chuqur tahlil etildi. Xususan, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan har bir viloyat, tuman, shaharga hamda mahallalarga mas’ullar biritkirilishi qayd etib o‘tildi. Ular mahalla raisi boshchiligidagi “mahalla yettiligi” bilan hamkorlikda anketa-so‘rovnoma asosida xotin-qizlarning muammolarini har yilning 1 martigacha xonadonma-xonadon yurib, o‘rganishadi. Anketa-so‘rovnomalar to‘ldirilganidan so‘ng “mahalla yettiligi” a’zolari tomonidan xotin-qizlarning ijtimoiy himoyaga muhtojlik darajasi, ya’ni toifasi aniqlanib, ro‘yxat shakllantiriladi. Har bir xotin-qiz uchun individual dastur ishlab chiqiladi va mas’ul tashkilotlar bilan kelishilgan holda “mahalla yettiligi” tomonidan tasdiqlanadi. “Mahalla yettiligi” va mahallaga biriktirilgan kasaba uyushmalari xodimi tomonidan “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarga ijro etuvchi tashkilotlar tomonidan belgilangan yordamlar ko‘rsatilishi doimiy monitoring qilib boriladi. “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarning individual dasturda qayd etilgan masalalari to‘liq hal etilganidan keyingina har yili dekabr’ oyida “mahalla yettiligi” tuman (shahar) oila va xotin-qizlar bo‘limi bilan kelishilgan holda ularni “Ayollar daftari”dan chiqaradi.
Bordi-yu hal etilmay qolgan masalalar bo‘lsa, ularni tuman, viloyat va respublika darajasiga ko‘tarib, muammolarni o‘z vaqtida bartaraf etish choralari ko‘riladi.
Bu borada ikki jamoat tashkilotining hamkorligi Prezidentimizning insonparvar tashabbuslarining amaldagi ijrosiga xizmat qiladi.
Yig‘ilishda ishtirok etayotgan kasaba uyushmalari va mahallalar uyushmasi mutasaddilari ham o‘z fikr va mulohazalarini bildirdilar.
Alohida ta’kidlash zarurki, Davlatimiz Rahbari kasaba uyushmalari faollari bilan uchrashuvda “biz mahalla institutini tubdan isloh qilib, barcha darajadagi rahbarlar eng quyi bo‘g‘inga tushib ishlaydigan xalqchil tizim yaratdik… Endi, kasaba uyushmalari ham mahallalar bilan yaqindan ishlaydigan samarali tizimni yo‘lga qo‘ysa, o‘ylaymanki, to‘g‘ri bo‘ladi” deb ta’kidlagan edilar.
Mazkur topshiriq ijrosining amaliy ifodasi sifatida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi va O‘zbekiston Mahallalari uyushmasi o‘rtasida hamkorlik Memorandumi imzolandi.
Yig‘ilish yakunida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi va O‘zbekiston mahallalar uyushmasi vakillari Prezidentimizning xotin-qizlarga amaliy yordam berish bo‘yicha topshiriqlari ijrosini ta’minlash yo‘lida bir yoqadan bosh chiqarib, opa-singillarimiz hayotiga yorug‘lik va rozilik olib kirishdek ezgu ish yo‘lida bor imkoniyatlarini ishga solishlari va yakdillik bilan ish olib borishlarini ta’kidladilar. Bu yo‘lda barcha mutasaddi tashkilotlarni xalqimizni rozi qilishdek ulkan mas’uliyat birlashtirib turgani qayd etildi.
Muhabbat O‘rmonbekova
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Matbuot xizmati rahbari
![[:uz]Ўзбекистон касаба уюшмалари Федерациясининг Портали[:ru]Портал Федерации Профсоюзов Узбекистана[:oz]Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Portali[:uzl]Oʼzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Portali[:]](https://kasaba.uz/wp-content/uploads/2024/04/cropped-ohirgi-logo_kasaba_v13-removebg-preview.png)



O'zbekcha
Русский