18.02.2026. D.I. Mendeleev nomidagi Rossiya kimyo-texnologiya universitetining Toshkent shahridagi filialida tuzilgan jamoa shartnomasining 2025 yilda bajarilishiga bag‘ishlangan mehnat jamoasining umumiy yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston kimyo va farmasevtika sanoati xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashining ijtimoiy himoya masalalari bo‘yicha bosh mutaxassisi Nilufar Muzapparova, institut rektori Botir Nurmatov, kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisi Asliddin Mamasoatov hamda kasaba uyushmasi a’zolari ishtirok etdilar.
Yig‘ilishda jamoa shartnomasida ko‘zda tutilgan shartlarning bajarilishi yuzasidan institut rektori B. Nurmatov va kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisi A. Mamasoatovning hisobotlari tinglandi hamda amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha dalolatnoma o‘qib eshittirildi.
Bugungi kunda filialda jamoa shartnomasi orqali professor-o‘qituvchilar, ma’muriy-boshqaruv va xizmat ko‘rsatuvchi xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy huquqlari hamda qonuniy manfaatlari himoya qilinmoqda. Jumladan, 2025 yil davomida xodimlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bir qator tadbirlar amalga oshirildi. Xodimlarga moddiy yordam ko‘rsatish, ularni ma’naviy va moddiy jihatdan rag‘batlantirish ishlari izchil olib borildi.
Xususan, davlat va kasbiy bayramlar munosabati bilan tadbirlar tashkil etildi. Ushbu tadbirlar doirasida xodimlar uchun esdalik sovg‘alari xarid qilinib, jamoa a’zolariga taqdim etildi.
Shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj, turmush sharoiti og‘ir bo‘lgan hamda muayyan hayotiy holatlarga duch kelgan xodimlarga kasaba uyushmasi qo‘mitasi tomonidan moddiy yordam ko‘rsatildi. Mehnat faoliyatida faollik, tashabbuskorlik va mas’uliyat bilan ishlayotgan xodimlar rag‘batlantirildi.
2025 yil davomida institutda mehnat haqi o‘z vaqtida to‘landi va ish haqi bo‘yicha muddati o‘tgan qarzdorlikka yo‘l qo‘yilmadi. Bu esa jamoada ijtimoiy barqarorlikni ta’minlashda muhim omil bo‘ldi.
Yig‘ilish yakunida jamoa shartnomasining 2025 yilda bajarilishi qoniqarli deb topildi.
Shavkat Tairov
Kimyo va farmasevtika sanoati xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi raisining yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi
![[:uz]Ўзбекистон касаба уюшмалари Федерациясининг Портали[:ru]Портал Федерации Профсоюзов Узбекистана[:oz]Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Portali[:uzl]Oʼzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Portali[:]](https://kasaba.uz/wp-content/uploads/2024/04/cropped-ohirgi-logo_kasaba_v13-removebg-preview.png)



O'zbekcha
Русский