17.03.2026. O‘zbekiston kasaba uyushmalari bog‘ida katta ko‘lamdagi ko‘kalamzorlashtirish va obodonlashtirish tadbiri o‘tkazilib, yangi daraxt va gul ko‘chatlari ekildi.
Mamlakatimizda Prezidentimiz tashabbuslari bilan hayotga tatbiq etilayotgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida Respublikamizning barcha hududlarida yangi bog‘lar tashkil etilib, ko‘plab mevali va manzarali daraxt nihollari ekilmoqda. O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi ham bunday xayrli ishlarga munosib hissa qo‘shib kelmoqda. Jumadan, Respublikamiz hududlarida Kasaba uyushmalari bog‘lari barpo etilib, minglab daraxt ko‘chatlari o‘tkazilmoqda va ularni doimiy parvarishlash tizimi yo‘lga qo‘yilmoqda.
O‘lkamizda yangilanish fasli bo‘lmish bahor nafasi ufurib turgan kunlarda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan yana bir xayrli ishga qo‘l urildi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026 yil 6 martdagi “2026 yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi Qaroriga asosan bayramga munosib tuhfa sifatida Toshkent viloyatining Nurafshon shahrida tashkil etilgan “Kasaba uyushmalari bog‘i”da katta ko‘lamdagi “Ko‘chat ekish” aksiyasi hamda obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish tadbirlari o‘tkazildi.
Ma’lumki, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan Toshkent viloyatining Nurafshon shahrida tashkil etilgan “Kasaba uyushmalari bog‘i” 5,5 gektarni tashkil etadi. Ayni kunda mazkur bog‘da jami 46 ming 250 tup daraxt va gul ko‘chatlari, shu jumladan, 5 ming tup olma, 200 tup gilos, 100 tup nok, 250 tup shaftoli, 200 dona mojevel’nik, 50 ta majnuntol, 50 tup qoratol, 200 tup tut va 200 tup manzarali daraxt ko‘chatlari, 20 mingdan ortiq xrizantema va 20 ming tupdan ortiq atirgul ko‘chatlari ekilgan bo‘lib, tegishli tartibda parvarishlab kelinmoqda. O‘tgan qisqa vaqt ichida Kasaba uyushmalari bog‘i hududiga yangi nihollarni o‘tkazish, mavjudlarini mehr bilan parvarishlash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilgani natijasida zarang, shumtol, sakura, kashtan daraxtlari, shu bilan birga butasimon o‘simliklar ham gurkirab rivojlanmoqda. Shu tariqa qisqa vaqt ichida keng maydonda inson ko‘zini yashnatib, dillarga orom beruvchi yaxlit go‘zal manzara hosil qilinib, yashillikning betakror simfoniyasi yaratildi. Bog‘ zamonaviy devorlar bilan o‘ralib, uning atroflari obodonlashtirildi.
Ayni ko‘chat o‘tkazish pallasi bo‘lgan ushbu kunlarda bog‘ni kkengaytirish maqsadida qo‘shimcha ravishda 4,7 gektar yangi yer maydoni olinib, Kasaba uyushmalari bog‘i maydoni 10,2 gektarga yetkazildi. Eng avvalo puxta tayyorlangan loyihaga ko‘ra, tegishli agrotexnika talablari asosida yerga ishlov berildi. Toshloq yerlar tekislanib, shudgorlash ishlari amalga oshirildi. O‘g‘itlash ishlari olib borildi.
Navro‘z bayrami arafasida tashkil etilgan tadbirda “Kasaba uyushmalari bog‘i”ga ajratilgan yangi yer maydoniga O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi, uning tasarrufidagi tashkilotlar hamda tarmoq kasaba uyushmalari Respublika Kengashlari mutasaddilari va xodimlari, kasaba uyushma faollari, shuningdek, Nurafshon shahri nuroniylari ishtirokida 21 mingdan ortiq mevali va manzarali nihollar hamda gul ko‘chatlari o‘tkazildi. Xususan, 500 tup olma daraxti, 400 tup tut, 200 tup chinor, 60 tup Qrim sosnasi, 200 tup manzarali daraxtlar, xususan katalpa va yapon saforasi, 20 mingta atirgul ko‘chatlari ekildi. Shuningdek, 2 gektar maydonga gazonlar o‘tkazildi. Bog‘ga ekilgan mazkur ko‘chatlarning barchasi tup qo‘yib, ko‘karishiga erishish maqsadida talab darajasida parvarishlash, o‘z vaqtida to‘g‘ri sug‘orish, tabiiy o‘g‘itlar bilan oziqlantirish ishlariga alohida e’tibor qaratilgan holda, tegishli chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan dolzarb tashabbus – “Yashil makon” umummilliy dasturi quloch yoyib, yurtimiz bo‘ylab bog‘u bo‘stonlar ko‘payishiga xizmat qilmoqda. Kasaba uyushmalari bog‘ida tashkil etilgan tadbirda ham atrof-muhit musaffoligiga hissa qo‘shuvchi yashillik olami bir necha ming daraxtlar hisobiga yana bir necha karraga ko‘paydi. Har bir ko‘chat turiga karab, mehr bilan belgilangan qatorlarga joylashtirildi. Chin dildan bajarilgan xayrli ishlar natijasida qisqa vaqt ichida bu joylar ko‘zni kuvontirib, dilni yayratadigan maskanga aylanib ulgurdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Ha demay ushbu bog‘ nafaqat Nurafshon shahri, balki butun o‘lkamiz ko‘rkiga ko‘rk bag‘ishlovchi maskanga aylanishiga shubha yo‘q.
Ta’kidlash o‘rinliki, ko‘chat ekib, bog‘ yaratish shunchaki mavsumiy yumush emas, balki insonning hayotiga haqiqiy baraka kiritadigan ezgu amaldir. So‘zimizning isboti sifatida o‘tgan yili kasaba uyushmalari bog‘idan samarali foydalangan holda 1 gektar maydonga mosh, loviya, qovoq kabi ekinlar ekilib, olingan hosil aholi dasturxoniga tortiq qilinganini keltirishimiz mumkin. Bundan tashqari, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan barpo etilayotgan yangi sanatoriy va bolalar sog‘lomashtirish oromgohlariga ham zamonaviy usullarda daraxt va gul ko‘chatlari yetkazib berilmoqda.
“Kasaba uyushmalari bog‘i”ning yangi qo‘shilgan yer maydonida ekilgan nihollarning kelgusida gurkirab yashnashi uchun O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan daraxt va gul ko‘chatlarini tomchilatib sug‘orish texnologiyasi joriy etilmoqda. Maqsad, barcha ko‘chat va gullarni o‘z vaqtida suv bilan ta’minlash. Bog‘ga o‘tkazilgan ko‘chatlarning sug‘orish tizimlari, vegetasiya va ko‘karish jarayonlari nazorati esa bog‘ning malakali agronom va mutaxassislari nazorati ostida olib borilmoqda. O‘z navbatida, ushbu ekilgan daraxtlarni parvarishlash, turli kasalliklardan saqlash va sug‘orish ishlari jadal yo‘lga qo‘yilganini aytib o‘tish xam joiz.
Xususan, shu kunga qadar biogumus va ammofos dori preparatlari bilan yerni o‘g‘itlash, qayta ishlash ishlari amalga oshirildi. Kelgusida esa suvni yanada tejash maqsadida Koreya tajribasi bo‘yicha suvsizlikka chidamli, iqlim sharoitiga mos yopiq ildizli konteyner va in-vitro usulida ko‘chat yetishtirish ishlarini amalga oshirish uchun “yo‘l xaritalari” ishlab chiqilmoqda.
Har bir qarich yerni asrab-avaylash, obod qilish, atrof-muhit musaffoligini ta’minlash bugun dunyo miqyosida dolzarb masala bo‘lib turgan iqlim o‘zgarishi jarayonida juda muhimdir. Shu ma’noda Yangi O‘zbekiston bo‘ylab jadal sur’atlarda amalga oshirilayotgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi yurtimizning yashil belbog‘ini yaratishga xizmat qilayotganini, kasaba uyushmalari ham ushbu ezgu ishlarga munosib hissa qo‘shayotganini ta’kidlab o‘tish o‘rinlidir.
Tiriklikning yorqin ranglari aks etgan mazkur bog‘ ham hudud ekologiyasiga ijobiy ta’sir etishi bilan birga, nafaqat Nurafshon shahri, balki viloyatning dilni yayratadigan maskanlaridan biriga aylanishi shubhasiz. O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan bu boradagi ishlar davom ettirilib, ana shunday istikbolli loyihalar mamlakatimizning barcha hududlarida hayotga tatbiq etilmoqda.
Muhabbat O‘rmonbekova
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Matbuot xizmati rahbari
![[:uz]Ўзбекистон касаба уюшмалари Федерациясининг Портали[:ru]Портал Федерации Профсоюзов Узбекистана[:oz]Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Portali[:uzl]Oʼzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Portali[:]](https://kasaba.uz/wp-content/uploads/2024/04/cropped-ohirgi-logo_kasaba_v13-removebg-preview.png)



O'zbekcha
Русский