[:uz]Ўзбекистон касаба уюшмалари Федерациясининг Портали[:ru]Портал Федерации Профсоюзов Узбекистана[:oz]Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Portali[:uzl]Oʼzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Portali[:]

26.03.2026. “Ammofos-Maxam” Aksiyadorlik jamiyatida 2023-2025 yillarga tuzilgan Jamoa shartnomasining 2025 yilda bajarilishi yakunlariga bag‘ishlangan mehnat jamoasi konferensiyasi o‘tkazildi.

Tadbir davomida ish beruvchi va kasaba uyushma qo‘mitasi tomonidan jamoa shartnomasida belgilangan tadbirlarning bajarilishi to‘g‘risida mehnat jamoasiga hisobot berildi.

Toshkent viloyatining Olmaliq shaxrida joylashgan“Ammofos-Maxam” aksiyadorlik jamiyati azot va fosfori bo‘lgan murakkab mineral o‘g‘itllar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan yirik qo‘shma korxona hisoblanadi. Bugungi kunda korxonada 2 476 nafar xodim mehnat qilmoqda.

Ta’kidlash joizki, “Ammofos-Maxam” AJ Jamoa shartnomasiga 347 ta band kiritilgan bo‘lib, 2025 yil yakuni bo‘yicha barcha bandlar bajarilishiga erishildi. Xodimlar manfaatlarini himoyalash borasida qator ijobiy ishlar amalga oshirilishi natijasida 2025-yilda  jamoa shartnomasi tadbirlarini bajarilishi uchun o‘rta hisobda  bir xodimga 24 million 270 ming 610 so‘m sarflangan. Ushbu ko‘rsatkich 2023 yilga nisbatan qariyb 2 barobarga ko‘pdir.

Hisobotlarda qayd etilganidek, korxonada oylik ish haqdan muddati o‘tgan qarzdorlik mavjud emas. Yana bir muhim jihat – 2025 yil davomida oylik ish haqi 15 % ga ko‘tarilgan.

Korxonada O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 264-moddasiga asosan xar bir tungi ish soati uchun bir yarim baravar miqdorida to‘lovlar amalga oshirib kelinmoqda. Korxona tomonidan har oyda Kasaba uyushmasi qo‘mitasiga mehnatga haq to‘lash fondidan 1,0 % miqdorida mablag‘ o‘tkazilishi ta’minlab kelinmoqda.

Korxonada mehnat muhofazasi masalalariga ustuvor ahamiyat qaratilib, ishlab chiqarishdagi jarohatlanish, kasb kasalliklari va baxtsiz xodisalarning oldini olish borasida samarali natijalarga erishilmoqda. O‘tgan 2025 yil davomida korxonada baxtsiz hodisa sodir bo‘lmagani so‘zimizning yorqin dalilidir.

Korxonada 52 nafar mehnat muhofazasi yo‘riqchilari (vakillari) bor. Ular xar yili jamiyatning “malakalarni baholash markazida” malakalarini oshirib keladi. Ish joyida mehnatni muhofaza qilish qoidalariga rioya etilishini ta’minlash, xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratish borasida kasaba uyushmasi qo‘mitasining mehnatni muhofaza qilish xizmati yaqindan yordam ko‘rsatadi.

Ish joylaridagi mehnat sharoitlarining holatini, ayniqsa zararli va xavfli ishlab chiqarish omillarini to‘liq nazorat qilish amalga oshirilmoqda. Ishlab chiqarishdagi shikastlanishlarning oldini oluvchi zamonaviy xavfsizlik vositalari joriy etilgan. Kasb kasalliklari paydo bo‘lishining oldini oluvchi sanitariya-gigiena sharoitlari ta’minlagan. Ish joylarida chang, gaz, shovqin va tebranishning me’yoriy ko‘rsatkichlariga rioya etilishi ham ta’minlangan bo‘lib, me’yoriy harorat rejimi va ish joylarining yoritilishi talab darajasida tashkil etilgan. Bu borada aspiratsiya, shamollatish va gazni tozalash uskunalarining ishlashi doimiy nazorat qilib boriladi.

Shuni ham alohida ta’kidlash zarurki, amaldagi qonunchilikka muvofiq har bir ish joyiga nisbatan yo‘riqnomalar ishlab chiqilgan bo‘lib, mehnatkashlarning mehnat jarayonidagi o‘zgarishlar, ish sharoitlariga qo‘yiladigan talablarning oshishi, xodimlarning sog‘lig‘ini himoya qilish va barqaror ishlashini ta’minlash uchun yo‘riqnomalarga muntazam ravishda zarur tuzatishlar kiritib boriladi.

Xodimlarning mehnat sharoitlari, shu jumladan, kasbiy va boshqa kasalliklar xavfi mavjudligi, muayyan ish joylarida va ishlab chiqarishda mehnatni muhofaza qilish holati, shuningdek, ularga tegishli bo‘lgan imtiyozlar va kompensatsiyalar, shaxsiy va jamoaviy himoya vositalari to‘g‘risida yo‘riqnomadan o‘z vaqtida o‘tkazish alohida nazoratga olingan. Har yili birinchi fevralga qadar o‘tgan yilda ishlab chiqarishdagi shikastlanishlar va kasb kasalliklari bilan bog‘liq vaziyat tahlil qilinib, xavfsizlik va mehnat sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha kompleks rejaning bajarilishi hamda sanitariya-sog‘lomlashtirish tadbirlari natijalari sarhisob qilinadi. Xavfsizlik texnikasi xonalari va mehnatni muhofaza qilish burchaklari tegishli ofis uskunalari, zarur texnik vositalar, o‘quv va ko‘rgazmali qurollar, tashviqot va targ‘ibot vositalari, plakatlar va mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha o‘qitish uchun boshqa jihozlar bilan to‘liq ta’minlangan.

“Davolash-profilaktika ovqatlanish huquqini beradigan ishlab chiqarishlar, kasblar, lavozimlar ro‘yxati” ga muvofiq, mehnat sharoitlari noqulay bo‘lgan ishlarda ishlaydigan xodimlar belgilangan me’yorlarga muvofiq davolash-profilaktika oziq-ovqatlari bilan bepul ta’minlangan. Xususan, sut mahsulotlari va mineral suv bepul ajratiladi. Jamiyatning issiq sexlarida ishlaydigan xodimlar gazlangan sho‘r suv bilan ta’minlangan. Har bir xodimga bepul sovun ajratiladi. “Jamiyat ishchi va xodimlariga maxsus kiyim-kechak, maxsus poyabzal va boshqa shaxsiy himoya vositalarini bepul berish ro‘yxati” ga muvofiq mehnatkashlar maxsus kiyim va poyafzal hamda boshqa shaxsiy himoya vositalari bilan bepul ta’minlangan. Xususan, korxona xodimlari hisobot yili davomida 2 200 juft maxsus poyabzal, 2 200 to‘plam maxsus kiyim va 18 000 juft himoya qo‘lqopi  20 000 dona respirator, 25 to‘plam L-1 himoya kostyumi bilan ta’minlangan. Ushbu maqsadlarga sarflangan mablag‘ 1 mld 537 mln 186 ming 136 so‘mni tashkil etgan.

Mehnat kodeksining 360-moddasiga binoan xodimlarni dastlabki, ya’ni mehnat shartnomasini tuzayotganda va davriy – mehnat faoliyati davomida majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishda xodimlarni chiqimdor qilmagan holda amalga oshirib kelinmoqda. Majburiy tibbiy ko‘riklarni o‘tkazish vaqtida xodimning ish joyi (lavozimi) va o‘rtacha ish haqi saqlanib qolingan holda 1900 nafar xodim tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan va ushbu maqsadlarga 739 mln 100 ming so‘m sarflangan.

Bundan tashqari homilador ayollarga antenatal (tug‘ruqqacha) parvarishlash uchun qo‘shimcha bo‘sh kunlar berilishi ta’milangan. Homiladorlik va tug‘ish ta’tili o‘z vaqtida amalga oshiriladi, Mehnat shartnomasini bekor qilish chog‘ida homilador ayollar uchun kafolatlar qo‘llaniladi.

Shuningdek, ikki yoshga to‘lmagan farzandi bor ayollar va shaxslarga qonunchilikda belgilangan ijtimoiy ta’tillar beriladi. Ish beruvchi xodimga kafolatli to‘lovlarni amalga oshirish majburiyatini tuliq amalga oshirib kelmoqda. Bolani ikki va uch yoshga to‘lguniga qadar parvarishlash ta’tillari hamda bolani ovqatlantirish uchun tanaffuslar beriladi.

Tungi ishlarda, dam olish kunlaridagi hamda ishlanmaydigan bayram kunlaridagi ishlarda homilador ayollar va yosh bolasi bor shaxslar mehnati qo‘llanilishiga hamda ularni xizmat safariga yuborishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Uch yoshga to‘lmagan bolaning ota-onasidan birining qisqartirilgan ish vaqti davomiyligiga bo‘lgan huquqi ta’minlab kelinmoqda. Shuningdek, bolani ikki va uch yoshga to‘lguniga qadar parvarishlash ta’tillari qo‘llanilmokda. 2 yoshgacha bolasi bo‘lgan ayollarni yoki ota-onalardan birini yoki homilador ayollarni osonroq ishga o‘tkazishda oldingi ish joyidagi o‘rtacha oylik ish haqi saqlab qolinadi.

Ishga qabul qilish va martabasi oshishida ayollar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar yaratilgan. Ayollar va erkaklar o‘rtasidagi ish haqi tengsizligiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Ijtimoiy imtiyolar va kafolatlar berilishi ham namunali yo‘lga qo‘yilgan. Xususan, korxonada bayram sanalari munosabati bilan hamda xizmat qilgan yillari uchun pul mukofotlari berilishi yo‘lga qo‘yilgan. Shuningdek, mazkur korxonada kamida 15 yil ishlagan xodimning yubiley yoshlari (50, 55, 60, 65, 70 yosh) munosabati 58 nafar xodim rag‘batlantirilgan. Jamoa shartnomasiga muvofiq har bir xodim uchun qishki mavsum uchun  qishloq xo‘jalik mahsulotlari bilan ta’minlangan.

“Ammofos-Maxam” AJ tasarrufidagi “Chimyon” bolalar sog‘lomlashtirish oromgohi 2025 yil yozgi mavsumga o‘z vaqtida tayyorlanib, ushbu maskanda korxona ishchi-xodimlarining 1000 nafar o‘g‘il-qizlari sog‘lomlashtirildi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj xodimlar farzandlari oromga bepul yo‘llanma bilan ta’minlandi.

Ta’kildanganidek, korxonada uzluksiz ishlagan xodimlarga, ya’ni 20 yil uzluksiz mehnat qilayotgan erkaklarga, va 15 yildan beri uzluksiz ishlayotgan ayollarga «Kimyogarlar kuni» kasb bayrami munosabati bilan  «Mehnat faxriysi» unvoni hamda lavozim maoshi miqdorida bir martalik pul mukofoti berilishi yo‘lga qo‘yilgan.

Korxonada yana bir ajoyib an’ana bor. Ya’ni, yillik ta’til hisobidan kamida 5 kun davom etadigan «oilaviy ta’til»ni tashkil etilgan bo‘lib, ushbu ta’til kunlarida ota-onalar va qarindoshlar bilan birgalikdagi sayohatlar tashkil etiladi. «Oilaviy ta’til» yillik asosiy ta’til hisobidan ish beruvchining roziligi bilan rasmiylashtiriladi.

Xodimlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida kasaba uyushmasi mablag‘lari hisobidan jami 238 nafar xodimni sog‘liqlari tiklangan, shuningdek, 38 nafar xodimning murojaatlariga ko‘ra jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazish uchun 197 million so‘m miqdorida moddiy yordam pullari ajratilgan.

Kam ta’minlangan, ko‘p bolali oilalarga va mehnat faxriylari bo‘lgan 28  nafar xodimga 114 million so‘m miqdorida moddiy yordam ajratilgan.

Yil davomida “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” shiori ostida  respublikamizning Samarqand, Buxoro, Xiva, Toshkent shaharlariga 350 nafar xodimlar uchun sayohatlar tashkil etilgan va buning uchun 378 mln. so‘m mablag‘ sarflangan.

Ommaviy sport va jismoniy tarbiyani rivojlantirishga ko‘maklashish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish maqsadida 2025 yil davomida sport musobaqalari va sog‘lomlashtirish tadbirlari tashkil etilgan bo‘lib, ularga 700 ga yaqin xodimlar va ularning oila a’zolari jalb etilgan.

Mehnat jamoasi konferensiyasi yakunida delegatlar tomonidan jamoa shartnomasining 2025 yilda bajarilishi qoniqarli deb topildi. Shuningdek, “Ammofos-Maxam” aksiyadorlik jamiyatining 2026–2028 yillar uchun mo‘ljallangan jamoa shartnomasiga kiritilgan o‘zgartirishlar ko‘rib chiqildi va ma’qullandi. Delegatlar tomonidan kasaba uyushmasining kelgusidagi faoliyati samaradorligini oshirish, sexlarda mavjud masalalar yuzasidan taklif va mulohazalar bildirildi.

Konferensiya ishida ishtirok etgan O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi o‘rinbosari Baxtiyor Maxmadaliev hamda Kimyo va farmasevtika sanoati xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi raisi Nigora Alimjonova mehnatkashlarga bugungi kunda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi va tarmoq kasaba uyushmami tizimida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida batafsil ma’lumot berdilar. Shu kuni “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida korxona hududiga daraxt ekish tadbiri ham o‘tkazildi.

Muhabbat O‘rmonbekova

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Matbuot xizmati rahbari