31.03.2026. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi va O‘zbekiston Ish beruvchilari konfederatsiyasi o‘rtasida ijtimoiy-iqtisodiy masalalar bo‘yicha 2023-2025 yillar uchun Bosh jamoa kelishuvining 2025 yilda bajarilishi Ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha respublika uch tomonlama komissiyasida ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanishicha, Bosh jamoa kelishuvining ijrosini ta’minlash borasida 2025 yil davomida davlat organlari, kasaba uyushmalari va ish beruvchilar tomonidan bir qator ishlar amalga oshirildi.
Xususan, mamlakat iqtisodiyotini, ishlab chiqarishni hamda tadbirkorlikni rivojlantirishga katta e’tibor berib kelinmoqda.
Milliy statistika qo‘mitasining ma’lumotlariga binoan O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti 2025 yil yakuniga ko‘ra 7,7 foizga o‘sib, 1 849,7 trillion so‘mni, ya’ni 147,06 milliard AQSh dollarini tashkil etdi. 2024 yilda yalpi ichki mahsulot 121 milliard dollarga baholangan edi. Aholi jon boshiga YaIM dastlabki hisobda 48,8 mln so‘m (3881 dollar)ni tashkil etdi.
Yalpi ichki mahsulot o‘sishiga xizmat ko‘rsatish sohasi eng katta hissa qo‘shdi, u 8,5 foizga o‘sdi va iqtisodiyotning umumiy o‘sishiga 3,9 foiz band qo‘shdi. Sektor ichida eng yuqori o‘sish sur’atlarini namoyish etgan savdo, yashash va ovqatlanish xizmatlari 12 foizga, transport, saqlash, axborot va aloqa 14,5 foizga o‘sdi.
Sanoatning o‘sishi 6,8 foizni tashkil etdi, uning YaIM o‘sishiga qo‘shgan hissasi 1,7 foiz bandga baholanmoqda. Qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaligi 4,4 foizga (+0,8) o‘sdi. Qurilish ishlari hajmi 14 foizga oshdi, qurilishning YaIM o‘sishidagi hissasi 1 foiz bandni tashkil etdi.
O‘zbekistonda 2025 yilda inflyasiya 7,3 foizgacha pasaydi, bu esa so‘nggi to‘qqiz yildagi eng past ko‘rsatkichdir. Oziq-ovqat mahsulotlari yil davomida o‘rtacha 5,5 foizga qimmatlashgan. Nooziq-ovqat mahsulotlari narxlari yil davomida 5,1 foizga oshdi. Xizmatlar yil davomida 13,9 foizga qimmatlashdi.
Ijtimoiy sheriklar bilan hamkorlikda Bosh jamoa kelishuvi ijrosi doirasida me’yoriy huquq ijodkorligi va xodimlarning huquqiy himoyasiga doir tizimli chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Ijtimoiy sheriklarning ijtimoiy-mehnat sohasiga oid normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish, qabul qilingan qonunlar mazmun-mohiyatini xodimlarga yetkazish, ularning huquqiy madaniyatini yuksaltirish hamda mehnat sohasidagi huquqlari himoyasini ta’minlash borasidagi faoliyati muntazam ravishda takomillashtirib borilmoqda.
Hisobot davrida ijtimoiy-mehnat sohasiga doir 200 dan ziyod normativ va normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari ko‘rib chiqildi va takliflar berildi.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasining «Davlat ijtimoiy sug‘urtasi to‘g‘risida»gi qonunini ishlab chiqish va qabul qilish yuzasidan takliflar kiritilib, ish jarayonida faol ishtirok etib kelindi. Qonun 2025 yil 10 dekabrda qabul qilindi.
“O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi bo‘yicha Mehnat kodeksiga qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha takliflar berildi, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining «Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida»gi va «Ijtimoiy ish to‘g‘risida»gi qonun loyihalari, vazirlik va idoralar buyruqlari va nizomlari yuzasidan takliflar berildi.
Mehnatga haq to‘lash, aholining real daromadlari va turmush darajasini oshirish borasida ham muayyan natijalarga erishildi.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston aholisining yalpi daromadlari 2025 yilda 1 134,3 trillion so‘mga etdi. Bunda daromadlarning nominal o‘sishi – 18,9 foizga, real o‘sishi –9,2 foizga teng bo‘ldi.
Aholi jon boshiga daromad – yiliga 29,9 million so‘mni tashkil etdi. Rezidentlarning umumiy daromadlarida pul o‘tkazmalarining ulushi – 21 foizga teng bo‘ldi.
Aholining yalpi daromadlari tarkibida yollanma xodimlar daromadi 26,4 foiz, mustaqil ravishda band bo‘lishdan olingan daromadlar 34 foiz bo‘ldi. Hisob-kitoblarga ko‘ra Yalpi ichki mahsulot tarkibida mehnat haqi ulushi 37 foizga teng bo‘ldi.
Ish haqi oshirilishiga jamoa shartnomaviy munosabatlar ham o‘z hissasini qo‘shdi. Respublika bo‘yicha 13 ta, ya’ni 12,6 foiz tarmoq jamoa kelishuvlarida tarmoq tarif setkalari, 32 251 ta tashkilotda lokal tarif setkalari joriy qilinishi natijasida 1 342 300 nafar xodimlarning ish haqlari oshirilgan bo‘lib, avvalgi yilga nisbatan bunday tashkilotlar soni 8 247 taga ko‘paydi.
Ish beruvchilar tomonidan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoriga rioya etilishi holati yuzasidan davlat va jamoatchilik nazorati amalga oshirildi. Ushbu talablar bo‘yicha Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan bir qator tizimli ishlar amalga oshirildi. Xususan, 341 ta korxonaga xatlar yuborilib, mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoridan kam ish haqi to‘lagan korxonalar bo‘yicha manzilli ish tashkil etilgan.
Kasaba uyushmalari faollari tomonidan 12 395 ta tashkilotda mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoriga rioya etilish yuzasidan jamoatchilik monitoringlari amalga oshirildi. Shulardan 25 ta tashkilotda kamchiliklar aniqlanib, ular joyida bartaraf etildi.
Mehnat bozorini rivojlantirish, aholi bandligiga ko‘maklashish masalalarida asosiy e’tibor barqaror ish haqi va mehnat xavfsizligini ta’minlovchi, ayniqsa, qishloq joylaridagi ish o‘rinlarini tashkil etishga, oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalari bitiruvchilari va aholining boshqa ijtimoiy zaif qatlamlarini ishga joylashtirilishiga qaratildi.
2025 yilda respublika bo‘yicha ishsizlik darajasi 5,5 foizdan 4,9 foizga tushdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 30 avgustdagi “Norasmiy bandlik ulushini qisqartirish hamda mehnat resurslari balansini zamonaviy yondashuvlar asosida shakllantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-366-sonli qarorida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash choralari ko‘rildi.
Natijada norasmiy sektorda band bo‘lganlar soni 4 379,2 ming kishini tashkil etib, avvalgi yilga nisbatan 21,2 foizga yoki 1 176,0 ming kishiga kamaygan.
2025 yilda tuman (shahar) hokimliklarining qarorlariga asosan ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslar uchun 14 mingta korxona va tashkilot tomonidan jami 49,7 mingta ish o‘rinlari zahiralab qo‘yildi.
Mehnat xavfsizligi va gigienasi tizimini joriy etish, uning faoliyat ko‘rsatishi va rivojlanishini ta’minlash masalalari tarmoq va hududiy kelishuvlarda va jamoa shartnomalarida o‘z aksini topmoqda va kasaba uyushmalari tomonidan nazoratga olingan.
Ijtimoiy kafolatlar va ijtimoiy himoya borasida tizimli choralar ko‘rildi.
Kambag‘allik darajasi yil davomida 8,9 foizdan 5,8 foizga tushdi (5 million aholi daromadli bo‘ldi, 1,5 million ehtiyojmand aholi kambag‘allikdan chiqarildi).
Ishsiz band bo‘lmagan fuqarolarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi hisobidan 1,2 ming nafar fuqaroga subsidiya mablag‘lari ajratildi. Bundan tashqari 1,6 ming nafar fuqaro ishsiz deb e’tirof etilib, ishsizlik nafaqalari tayinlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi 2025 yil 30 yanvardagi PF-16-son Farmoni ijrosida kasaba uyushmalarining faol ishtirokini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining dasturi qabul qilindi.
Dastur doirasida jamoa shartnomalari va kelishuvlari orqali pensiya yoshidagi shaxslar hamda korxonalarning sobiq xodimlari bo‘lgan nogironligi bor shaxslar va o‘zgalar parvarishiga muhtoj kishilar, ishlamaydigan pensionerlardan 112 279 nafari jami 154 507,7 mln. so‘mlik turli ko‘rinishda moddiy qo‘llab-quvvatlandi.
Navro‘z, Xotira va qadrlash kuni, Mustaqillik bayramlari, arafasida respublikamiz hududidagi “Muruvvat” va “Saxovat” uylarida yashovchilar holidan xabar olindi va ularga jami 560,1 mln. so‘mlik maishiy jihozlar, kiyim-kechaklar, gigienik vositalar topshirildi.
Tizimdagi sanatoriylarda 1941–1945 yillardagi urush va mehnat fronti faxriylaridan 164 nafari davlat byudjetidan bepul davolandi.
Korxona, tashkilot va muassasalarda mehnat qilayotgan pensionerlar, shuningdek, kasaba uyushmasi a’zolarining pensioner ota-onalaridan 8 520 nafari imtiyozli ravishda sog‘lomlashtirildi.
Umuman, mazkur dastur doirasida jamoa shartnomalari va kelishuvlari orqali 198 693 nafar fuqaro va 71 940 ta oilaga 338 150 764 ming so‘mlik ijtimoiy ko‘mak ko‘rsatildi.
Bosh jamoa kelishuvi doirasida mehnat sohasida ijtimoiy muloqot va ijtimoiy sheriklikni rivojlantirish choralari ko‘rildi.
2025 yil davomida 28 210 ta tashkilotda yangi kasaba uyushma tashkilotlari tuzilib, ularda mehnat qilayotgan 993 665 nafar xodimning kasaba uyushmalariga birlashish huquqlari ta’minlandi.
Yil yakuniga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri miqyosida 14 ta hududiy jamoa kelishuvlari, tarmoqlarda respublika miqyosida 103 ta tarmoq jamoa kelishuvlari, tashkilotlarda 134 mingdan ko‘p jamoa shartnomalari amal qilmoqda.
Bosh jamoa kelishuvini amaliyotga tatbiq etish jarayonida o‘z yechimini kutayotgan masalalar ham aniqlandi.
Statistika agentligi ma’lumotlari tahlilidan, hududlarda, jumladan, Navoiy, Toshkent, Sirdaryo, Xorazm viloyatlari va Toshkent shahrida ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish ishlariga e’tibor yetarli emasligi ayon bo‘lmoqda. Masalan, 2025 yil davomida Toshkent shahri va Toshkent viloyatida yangi qurilish hisobidan kasalxonalarda yangi yotoq o‘rinlari va yangi poliklinik muassasalar ishga tushirilmadi.
Ko‘rilayotgan choralarga qaramasdan, 2025 yil yakunlariga ko‘ra ish haqi to‘lovlaridan muddati o‘tgan qarzdorlik salkam 235 mlrd. so‘mni tashkil etib, uning asosiy qismi neft-gaz va geologiya sohasidagi “Epsilon Development Company”, “Enter Engineering”, “Eriell” kabi yirik kompaniyalarga to‘g‘ri kelgan.
Respublikada kuzatilmaydigan (ya’ni norasmiy va yashirin) iqtisodiyotning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 26,9 foizni (2024 yilda – 35 foiz edi), norasmiy sektorda bandlar soni 4 379,2 ming kishini (2024 yilda – 5,5 mln kishi edi) tashkil etadi. Mazkur muammolarni hal etish choralarini izchillik bilan davom ettirish lozim.
Ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha respublika Uch tomonlama komissiyasi kotibiyati
![[:uz]Ўзбекистон касаба уюшмалари Федерациясининг Портали[:ru]Портал Федерации Профсоюзов Узбекистана[:oz]Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Portali[:uzl]Oʼzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Portali[:]](https://kasaba.uz/wp-content/uploads/2024/04/cropped-ohirgi-logo_kasaba_v13-removebg-preview.png)



O'zbekcha
Русский