[:uz]Ўзбекистон касаба уюшмалари Федерациясининг Портали[:ru]Портал Федерации Профсоюзов Узбекистана[:oz]Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Portali[:uzl]Oʼzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Portali[:]

03.04.2026. 2026 yilning 3 aprel’ kuni Toshkentda O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi tashabbusi bilan “Kasaba uyushmalari nashrlari transformasiya sharoitida: konvergensiya sari yo‘l” mavzuidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi. O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi muassisligida chop etilayotgan “Ishonch” gazetasi tashkil topganining 35 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan xalqaro anjumanni O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi Qudratilla Rafikov ochib berdi.

Xalqaro ilmiy-amaliy Konferensiya ishida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Kommunikasiyalar departamenti rahbari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot kotibi Sherzod Asadov, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi direktori, senator Abdusaid Ko‘chimov,  Milliy teleradiokompaniya raisi  Abdurashid Jo‘raboev, Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz rahbari, akademik Akmal Saidov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi Bahrom Abdullaev,   O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish masalalari qo‘mitasi raisi Gulrux Agzamova, markaziy nashrlar muharrirlari, taniqli va ustoz jurnalistlar, jurnalist kadrlar tayyorlashda jonbozlik qilayotgan olimlar, tadqiqotchilar, faxriy jurnalistlar, Qozog‘iston, Qirg‘iz Respublikasi, Tojikiston, Ozarbayjon va Turkiya kasaba uyushmalari tizimidagi nashrlar hamda media va kommunikasiyalar, ommaviy axborot vositalari bilan ishlash sektorlari rahbar va mutaxassislari ishtirok etdilar.

Anjumanda qayd etilganidek, bugun mamlakatimizda muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tashabbuslari bilan so‘z va axborot erkinligi, ochiqlik, jamoatchilik bilan muloqot, inson qadrini ulug‘lash kabi tamoyillar asosida tub islohotlar amalga oshirilib, salmoqli natijalarga erishilmoqda. Natijada, ommaviy axborot vositalariga munosabat tubdan o‘zgardi va matbuot uchun keng imkoniyatlar yaratilishi bilan birga zalvorli mas’uliyat ham yuklandi.

Ma’lumki, muhtaram Prezidentimizning 2025 yil 17 oktyabr’ kuni O‘zbekiston kasaba uyushmalari faollari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvida bir qator hayotbaxsh tashabbuslar ilgari surildi. Xususan, Davlatimiz rahbari Axborot kommunikasiyalari shiddat bilan rivojlanib borayotgan hozirgi davrda odamlarga ishonchli ma’lumotlarni o‘z vaqtida, to‘g‘ri yetkazish juda muhim ekanligini ta’kidlab, kasaba uyushmalarida buning uchun imkoniyat ham, sharoit ham, salohiyat ham yetarli ekanligini e’tirof etdilar. Shuningdek, “Eng katta auditoriyaga ega bo‘lgan kasaba uyushmalari halol va fidoyi mehnatni targ‘ib qilish hamda mehnat munosabatlarida qonuniylikni ta’minlashga oid axborotlarni jamoatchilikka birinchilardan bo‘lib yetkazib borishi kerak” deya ta’kidladilar.

Mazkur xalqaro anjuman xuddi shu dolzarb tashabbuslarning amaliy ifodasi sifatida tashkil etildi. Anjumandan ko‘zlangan maqsad – turli soha xodimlarining ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlari va mehnat sohasidagi huquqlarini himoya qiluvchi kasaba uyushmalarining bir vaqtning o‘zida ishonchli so‘z, haqqoniy munosabat va keng jamoatchilikka xolis axborot va ma’lumotlarni yetkazib berish borasidagi faoliyatini yanada rivojlantirishdir.

Ta’kidlash zarurki, mazkur angjuman nafaqat “Ishonch” gazetasi tahririyati, balki butun kasaba uyushmalari harakati, milliy matbuotimiz va jamoatchilik fikri taraqqiyoti uchun alohida ahamiyatga ega fikrlash maydoni bo‘ldi.

Bugun O‘zbekiston kasaba uyushmalari Yangi O‘zbekiston sharoitida, ya’ni, dunyoga ochiq, islohotlarga, xalqaro jarayonlarga integratsiyalashuvga intilayotgan mamlakat sharoitida faoliyat ko‘rsatmoqda. So‘zsiz uning nashri bo‘lgan “Ishonch” va “Ishonch-Doverie” gazetalari ham shu yo‘ldan bormoqda.

– Kasaba uyushmalari – bu, eng avvalo, inson manfaati degani. Shu ma’noda, kasaba uyushmalari nashrlari ham doimo inson qadri, mehnat huquqi, ijtimoiy himoya, adolat va hamjihatlik kabi ezgu tamoyillarga xizmat qilishi lozim, – dedi jumladan O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi, Senator Qudratilla Rafikov. – Shunday ekan, “Ishonch” va “Ishonch”-Doverie” gazetalarini faqat axborot tarqatuvchi nashr emas, baki, mehnatkash insonning dardi, huquqi, orzu-intilishi va jamiyatdagi o‘rnini ifoda etishga intilib kelayotgan minbar desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Bugungi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyamiz ham bejiz “Kasaba uyushmalari nashrlari transformasiya sharoitida: konvergensiya sari yo‘l” deb nomlanmagan. Zero, zamon o‘zgarmoqda, auditoriya o‘zgarmoqda, axborot iste’moli shakllari tez sur’atlarda yangilanmoqda. Endi gazeta faqat qog‘ozda chiqadigan nashr emas. U veb-sayt, telegram, Yutub, Instagram, foto va videokontent, tezkor raqamli muloqot imkoniyatlari bilan uyg‘unlashgan yaxlit media muhitning ajralmas qismiga aylanib bormoqda. Shu nuqtai nazardan qaraganda, bugungi anjuman tajriba almashish, fikrlashish, hamkorlikni kuchaytirish va kelgusi vazifalarni belgilab olish uchun muhim muloqot maydoni bo‘lib xizmat qiladi.

Ma’lumki, “Ishonch” gazetasining ilk soni 1991 yil 21 mart kuni nashr etilgan. Shu vaqtdan buyon uning 5 ming 500 dan ortiq soni mushtariylar qo‘liga yetib bordi. Bu raqamlar ortida uzoq yillik mehnat, tahririyat tajribasi, turli avlod jurnalistlarining izlanishlari va eng muhimi, o‘quvchi ishonchi mujassamdir.

Bugun “Ishonch” va “Ishonch-Doverie” nashrlari mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy va ma’naviy hayotini yoritib kelayotgan, mehnat ahli hayoti, uning huquq va manfaatlariga doir mavzularni muntazam ko‘tarib chiqayotgan nashrlar sifatida e’tirof etilmoqda.

Ayni kunda gazetalarning umumiy adadi 37 ming 500 nusxaga yetgani, ijtimoiy tarmoqlardagi jami auditoriyasi esa 250 mingga yaqinlashgani ularning o‘z o‘quvchisi, o‘z kuzatuvchisi, o‘z ta’sir doirasi borligini ko‘rsatadi. Shu bilan birga, bu holat tahririyat zimmasiga yanada katta mas’uliyat yuklaydi.

So‘nggi yillarda tahririyat faoliyatida qator yangilanishlar ko‘zga tashlanayotgani quvonarlidir. Xususan, tahririyatda konvergeniya jarayoni tizimli tus olgan holda tahririyat negizida mediamarkaz tashkil etildi, ijtimoiy tarmoqlarda sahifalar ishga tushirildi, gazetaning bosma shaklini hududlarda chop etish va tezkor tarqatish tizimi yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek, har yili gazeta sahifalarida e’lon qilingan eng sara maqolalar asosida kitoblar nashr etish an’anasi ham shakllandi.

Qayd etish zarurki, matbuot – jamiyat hayotining shu kundagi, ayni zamondagi ijtimoiy ahamiyatga molik voqea-hodisalarini aks ettirib, ommaga yetkazadigan, davrning dolzarb masalalariga munosabat bildiradigan, yechimini kutayotgan masalalarni ko‘tarib chiqadigan minbardir. Bugun zamonaviy jurnalistikaning umumiy tabiati sezilarli darajada o‘zgardi: bu jamiyat shaffoflashayotgani, auditoriya faollashayotgani, shaxslar faoliyati va axborot tezligi o‘sganligi bilan bevosita bog‘liq. Ma’lumki, auditoriya axborotni tez va sof holatda qabul qilishni istaydi. Zamon talabi bilan matbuotning raqamli texnologiyalar rivojlanishi barobarida transformasiyalashuvga o‘tishi ham muhim bo‘lib qolmoqda.  Shu nuqtai nazardan “Ishonch” gazetasi  tahririyati bosma nashr missiyasi bilan cheklanib qolmasdan zamonaviy texnologiyalar platformalaridan faollik bilan foydalanmoqda va bugun u chin ma’noda konvergent tahririyatga aylandi.

Anjumanda Kasaba uyushmalari nashrlari – ijtimoiy adolatni ta’minlash va mehnat huquqlarini himoya qilishda medianing o‘rni, Kasaba uyushmalari nashrlari raqamlashuv davrida – transformasiya, ishonch va rivojlanish strategiyalari kabi mavzular ham muhokama qilindi.

Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya davomida O‘zbekistondagi Media-konvergensiya, raqamli tahririyat va mediaiqtisod, Media-konvergensiya sharoitida mediamahsulotlarni monetizasiya qilish modellari, Telegram, YouTube va Instagram platformalarida mediastrategiya: «Ishonch» gazetasi misolida, “Ishonch” va “Ishonch-Doverie” gazetalari jurnalistlarining zamonaviy axborot manbalari, Jurnalistikada sun’iy intellekt: Avtomatlashtirilgan kontent yaratish va RAG tizimining afzalliklari, Jurnalistlarning raqamli kontent yaratish kompetensiyalarini rivojlantirish, Videojurnalistika va mul’timedia formatlari – bosma OAV uchun yangi imkoniyatlar, Postjurnalistika fenomeni: xarakterli jihatlari va taraqqiyot tendensiyalari kasaba uyushmalari faoliyatini yoritish misolida, raqamli media auditoriyasining yangi iste’mol odatlari, Media transformasiyasi sharoitida polemik mavzularning jamoatchilik fikrini shakllantirishdagi o‘rni “Ishonch” gazetasi materiallari misolida ko‘rib chiqildi.

Shuningdek, horijiy ishtirokchilar ham bu boradagi o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar. Xususan, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi nashri bo‘lgan “Ishonch”, “Ishonch-Doverie” gazetalari faoliyati bilan bir qatorda Ozarbayjon tajribasi: kasaba uyushmalari nashrlari transformasiya sharoitida – mosashuv yo‘nalishlari, Qirg‘iziston kasaba uyushmalari mediasida konvergensiyalashuv, Qozog‘iston kasaba uyushmalarida media faoliyat, Tojikiston kasaba uyushmalari nashrlari axborot jamiyati tizimida, Turkiya tajribasi: Aloqa vositalarining xilma-xillashuvi va kasaba uyushmalari nashrchiligi borasidagi tajribalar ham o‘rganildi.

Sirasini aytganda, ochiq muloqot, savol-javob, fikr va muloazalarga boy bo‘lgan xalqaro anjuman tajriba almashish, fikrlashish, hamkorlikni kuchaytirish va kelgusi vazifalarni belgilab olish uchun muhim muloqot maydoni bo‘lib xizmat qildi. Yana bir muhim jihat – ushbu muloqot kasaba uyushmalari nashrlari o‘rtasida tajriba va yondashuvlarni o‘zaro boyitish, media sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashda muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.

Ta’kidlash zarurki, ko‘zlangan maqsadlarga ko‘ra mazkur xalqaro konferensiya bevosita anjuman ishtirokchilarining takliflari, fikrlari va tajribalarini konstruktiv muhokama qilish uchun qulay maydon vazifasini o‘tadi. Anjumanning aynan shu formatda o‘tishi shak-shubhasiz O‘zbekistonning xalqaro hamjamiyatga ochiqligini, mazkur yo‘nalishda faol, amaliy hamkorlikka, xalqaro va chet el tajribasini o‘rganish hamda hayotga tatbiq etishga tayyorligini namoyish qildi.

Anjuman yakunida oldinda turgan asosiy vazifa – kasaba uyushmalari nashrlarini yangi bosqichga olib chiqish, ta’sirchanligini oshirish, raqamli muhitdagi imkoniyatlardan samarali foydalanish, yosh auditoriya bilan ishlashning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish, tahliliy va mul’timedia kontent salmog‘ini kengaytirishdan iborat ekanligi qayd etildi. Bu jarayonda an’ana va yangilanishni uyg‘unlashtira oladigan, ishonch va tezkorlikni birlashtira oladigan, so‘z erkinligi bilan so‘z mas’uliyati o‘rtasidagi muvozanatni saqlay oladigan media muhim ahamiyatga ega ekanligi ta’kidlandi. Zero “Ishonch” va “Ishonch-Doverie” gazetalari ana shu yo‘lda izlanmoqda. Mazkur anjuman esa ushbu harakatlarni yangi davr talablari asosida yanada kuchaytirishga xizmat qiladi.

Muhabbat O‘rmonbekova

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Matbuot xizmati rahbari