02.07.2026. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026 yil 15 yanvardagi «Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va aholi o‘rtasida kitob o‘qishga qiziqishni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-9-sonli qarori hamda O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Toshkent shahar Kengashining 2026 yilda Yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi ijrosini ta’minlash maqsadida yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib etishga qaratilgan qator ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar izchil tashkil etilmoqda.
Ana shunday tadbirlardan biri sifatida «30 iyun’ — Yoshlar kuni» munosabati bilan O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasining Toshkent shahar Kengashi tomonidan korxona va tashkilotlarda mehnat qilayotgan 18 yoshdan 35 yoshgacha bo‘lgan ishchi-xodimlar ishtirokida «Eng faol yosh kitobxon» ko‘rik-tanlovi o‘tkazildi.
Tanlovda turli sohalarda faoliyat yuritayotgan 30 nafar yosh ishtirokchi ikki shart asosida o‘z bilim va salohiyatini sinovdan o‘tkazdi. Birinchi shart — «Mutolaa bilimdoni»da ishtirokchilarga adabiyot, kitobxonlik va umumiy bilimlarga oid 20 ta test savoli taqdim etildi. Ikkinchi shart — «Zehn sinovi»da esa ular o‘z fikr-mulohazalari, nutq madaniyati va tahliliy tafakkurini namoyon etdilar.
Tanlov davomida ishtirokchilar o‘zlarining mualliflik she’rlarini ham o‘qib eshittirdilar. Ushbu she’rlar tinglovchilar qalbidan chuqur joy olib, ularning yuksak e’tirofi va olqishiga sazovor bo‘ldi. Mualliflarning ijodiy mahorati, samimiy tuyg‘ulari va badiiy ifodasi tadbirga o‘zgacha ruh va mazmun bag‘ishladi.
Taqdirlash marosimida falsafa fanlari doktori, shoira Axrorova Shaxlo O‘rinboevna so‘zga chiqib, kitob inson ma’naviyatini yuksaltiruvchi, dunyoqarashini boyituvchi va intellektual salohiyatini mustahkamlovchi eng muhim manba ekanini ta’kidladi. Shuningdek, u bu kabi tanlovlar yoshlarning mutolaaga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirish, ularni bilimli va fidoyi mutaxassislar etib tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etishini qayd etdi.
Tanlov g‘oliblari diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Shuningdek, barcha ishtirokchilarga rag‘bat sifatida Zomin tumaniga ikki kunlik sayohat uchun yo‘llanmalar topshirildi.
Mazkur tanlov yoshlar o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, mutolaaga bo‘lgan qiziqishni yanada kuchaytirish, intellektual salohiyatni rivojlantirish hamda yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirishga xizmat qiluvchi muhim ma’naviy-ma’rifiy tadbir sifatida katta ahamiyat kasb etdi.
Malika Tolipova
Toshkent shahar Kengashi raisining yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi
![[:uz]Ўзбекистон касаба уюшмалари Федерациясининг Портали[:ru]Портал Федерации Профсоюзов Узбекистана[:oz]Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Portali[:uzl]Oʼzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Portali[:]](https://kasaba.uz/wp-content/uploads/2024/04/cropped-ohirgi-logo_kasaba_v13-removebg-preview.png)



O'zbekcha
Русский