[:uz]Ўзбекистон касаба уюшмалари Федерациясининг Портали[:ru]Портал Федерации Профсоюзов Узбекистана[:oz]Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Portali[:uzl]Oʼzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Portali[:]
35 yil

17.09.2026. O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Ijroiya qo‘mitasining 2026 yil 14 sentyabrdagi 3-41 «s»-son qarori bilan kasaba uyushmalari tizimida faoliyat yuritayotgan xodimlar o‘rtasida «Mehnat huquqi bilimdoni» respublika tanlovini o‘tkazish belgilandi.
Tanlovning asosiy maqsadi — kasaba uyushmalari tizimi xodimlarining mehnat huquqi sohasidagi bilim va amaliy ko‘nikmalarini oshirish, mehnat to‘g‘risidagi qonunchilik normalarini to‘g‘ri qo‘llash, xodimlarning mehnat huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasidagi salohiyatini yanada mustahkamlashdan iborat.

Kimlar ishtirok etishi mumkin?
Tanlovda boshlang‘ich kasaba uyushmasi tashkilotlari, tarmoq kasaba uyushmalari Respublika kengashlari, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Qoraqalpog‘iston, viloyatlar va Toshkent shahar kengashlari hamda Federatsiya apparati xodimlari ishtirok etishi mumkin.

Tanlov qanday o‘tkaziladi?

Tanlov ikki bosqichda tashkil etiladi.

Birinchi bosqich — saralash bosqichi. U 2026 yil 5–10 oktyabr’ kunlari maxsus elektron platforma orqali onlayn shaklda o‘tkaziladi. Tanlov platformasi: https://tanlov.kasaba.uz. Platforma ishtirokchilar uchun 2026 yil 5 oktyabr’ soat 00:00 dan faollashtiriladi. Saralash bosqichida ishtirokchilarga mehnat huquqiga oid 30 ta test savoli taqdim etiladi va ularni bajarish uchun 30 daqiqa vaqt ajratiladi. Har bir to‘g‘ri javob 1 ball bilan baholanadi. Yakuniy natijalar bo‘yicha eng yuqori ball to‘plagan 30 nafar ishtirokchi respublika bosqichiga yo‘llanma oladi.

Ikkinchi bosqich — respublika bosqichi. U 2026 yil 14–16 oktyabr’ kunlari O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi binosida o‘tkaziladi. Respublika bosqichida har bir ishtirokchi bilet asosida 2 ta nazariy savol va 1 ta amaliy kazus bo‘yicha o‘z bilimini va huquqiy tahlil qilish ko‘nikmalarini namoyish etadi. Uzrli sabablarga ko‘ra tanlovda bevosita ishtirok etish imkoniyati bo‘lmagan ishtirokchilarga Respublika komissiyasining ruxsati bilan videokonferensaloqa orqali ishtirok etish imkoniyati berilishi mumkin.

G‘oliblarni qanday sovrinlar kutmoqda?

Tanlov g‘oliblari quyidagi qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanadi:
I o‘rin — O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tizimidagi sanatoriylardan biriga ikki kishilik yo‘llanma;
II o‘rin — noutbuk;
III o‘rin — planshet.
Respublika bosqichining boshqa ishtirokchilari ham maxsus sertifikatlar bilan taqdirlanadi.

Mehnat huquqini yaxshi bilasizmi? O‘z bilimingizni sinab ko‘ring!
2026 yil 5 oktyabrdan boshlab https://tanlov.kasaba.uz elektron platformasi orqali tanlovda ishtirok eting va «Mehnat huquqi bilimdoni» bo‘lish uchun o‘z salohiyatingizni namoyon qiling!