[:uz]Ўзбекистон касаба уюшмалари Федерациясининг Портали[:ru]Портал Федерации Профсоюзов Узбекистана[:oz]Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Portali[:uzl]Oʼzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Portali[:]
35 yil

20.09.2026. O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Mehnat va ijtimoiy munosabatlar akademiyasida yangi o‘quv yilining muhim tadbirlaridan biri – “Rektor va yoshlar” uchrashuvi tashkil etildi.

Samimiy ruhda o‘tgan an’anaviy ochiq muloqotda Toshkent shahar kengashi raisi, Akademiya rektori, iqtisod fanlari doktori, professor Sayfulla Normatovich Ahmedov, professor-o‘qituvchilar, ommaviy axborot vositalari vakillari hamda asosan 1-bosqich talabalari ishtirok etdilar.

Tadbir avvalida rektor yoshlarni nufuzli oliygoh talabasi bo‘lgani bilan qizg‘in tabriklab, ularga ta’lim dargohida yaratilgan sharoitlar hamda kasb sirlarini puxta egallashi uchun keng imkoniyatlar yaratilganini ta’kidladi. Shuningdek, kirish imtihonlarida yuqori ball to‘plab, Akademiya safiga qabul qilingan bir guruh iqtidorli yoshlarga esdalik sovg‘alari tantanali ravishda topshirildi.

Uchrashuvning eng amaliy qismi ochiq savol-javoblarga ulandi. Yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan masalalar bilan bevosita rahbarga murojaat qilishdi. Xususan, birinchi kurs talabalari tomonidan ko‘tarilgan qator masalalar joyida ijobiy hal etildi:

Musiqa va san’at to‘garagini tashkil etish hamda ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash;

Talabalarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida sport mashg‘ulotlarini jonlantirish;

Iqtidorli yoshlarni birlashtirishga qaratilgan “Zakovat” intellektual o‘yinlarini muntazam o‘tkazib borish tizimini yo‘lga qo‘yish.

Shuningdek, uchrashuv davomida yana bir muhim tashabbus ilgari surildi. Rektor tomonidan mas’ullarga talabalarning madaniy hordiq chiqarishi hamda yurtimizning diqqatga sazovor turizm manzillari, qadimiy qadamjolari bilan yaqindan tanishishi uchun maxsus sayohatlar tashkil etish bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi.

Qizg‘in va konstruktiv muloqot ruhida o‘tgan tadbir yakunida talabalar yaratilayotgan sharoitlar va ko‘rsatilayotgan e’tibor uchun oliygoh rahbariyatiga minnatdorchilik bildirib, kelajakda yuqori malakali kadrlar bo‘lib yetishishlarini qayd etdilar.

Samimiy va do‘stona ruhda o‘tgan muloqot talabalarda katta taassurot qoldirdi. Bu kabi tadbirlar yoshlarning nafaqat bilim olishi, balki faol hamohanglikda yashashi, jamiyatning ilg‘or qatlami sifatida shakllanishida muhim poydevor bo‘lib xizmat qiladi.

Nigora Hayitalieva

Mehnat va ijtimoiy munosabatlar akademiyasi matbuot kotibi, Filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori