[:uz]Ўзбекистон касаба уюшмалари Федерациясининг Портали[:ru]Портал Федерации Профсоюзов Узбекистана[:oz]Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Portali[:uzl]Oʼzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Portali[:]
35 yil

03.11.2026. 11 noyabr — O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni munosabati bilan «Chotqol» sanatoriysida «Yangi O‘zbekiston — yangi kasaba uyushmalari» shiori ostida tantanali bayram tadbiri o‘tkazildi.

Unda tarmoq kasaba uyushmalari tizimidagi 130 dan ortiq boshlang‘ich kasaba uyushma tashkilotlari hamda Birlashgan qo‘mitalar raislari va faollari, shuningdek, qo‘shni davlatlardan tashrif buyurgan mehmonlar ishtirok etdi.

Tadbirda O‘zbekiston energetika, neft-gaz va geologiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi raisi Shuhrat Qurbonov so‘z olib, mamlakatimizda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida inson qadrini ulug‘lash, mehnatkashlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarga alohida to‘xtalib o‘tdi.

Shuningdek, u O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan tizim faoliyatini takomillashtirish, mehnat munosabatlarida ijtimoiy sheriklikni rivojlantirish, xodimlar uchun munosib mehnat sharoitlarini yaratish, ularning salomatligi va ijtimoiy himoyasini ta’minlash yo‘nalishlarida olib borilayotgan ishlar, amaliy tashabbuslar hamda ustuvor vazifalar haqida atroflicha ma’lumot berdi. Bugungi yangilanishlar jarayonida kasaba uyushmalarining o‘rni va mas’uliyati tobora ortib borayotganini ta’kidlab, bu borada barcha faollarning hamjihatlik, fidoyilik va tashabbuskorlik bilan ish olib borishi muhimligini qayd etdi.

Tadbir davomida ijtimoiy sheriklikni yanada rivojlantirish, mehnatkashlar manfaatlarini ta’minlash, tarmoq kasaba uyushmalari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash va o‘zaro tajriba almashish masalalariga ham e’tibor qaratildi.

Qo‘shni davlatlardan tashrif buyurgan mehmonlarning ishtiroki esa uchrashuvga alohida mazmun bag‘ishlab, do‘stlik, hamjihatlik va mintaqaviy hamkorlik rishtalarini mustahkamlashga xizmat qildi.

Bayram tadbirining eng quvonchli va hayajonli lahzalarida soha rivojiga, mehnatkashlar huquq va manfaatlarini himoya qilishga, jamoalarda sog‘lom ma’naviy muhitni qaror toptirishga munosib hissa qo‘shib kelayotgan bir guruh fidoyi faollar e’tirof etildi. Ular O‘zbekiston energetika, neft-gaz va geologiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi, Energetika vazirligi hamda Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligining faxriy yorliqlari va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.

Mazmunli muloqotlar, samimiy tabriklar, o‘zaro hurmat va e’tirof ruhida o‘tgan bayram tadbiri ishtirokchilar uchun unutilmas taassurotlarga boy bo‘ldi.

Ushbu uchrashuv kasaba uyushmalari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, yangi tashabbuslarga ruhlantirish va mushtarak maqsadlar yo‘lida birlashishga xizmat qildi.

Zero, kasaba uyushmalarining asosiy maqsadi — mehnatkashlarning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlari va mehnat huquqlarini himoyalashdir.