[:uz]Ўзбекистон касаба уюшмалари Федерациясининг Портали[:ru]Портал Федерации Профсоюзов Узбекистана[:oz]Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Portali[:uzl]Oʼzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Portali[:]
35 yil

04.11.2026. Har yili 11 noyabr mamlakatimizda O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni sifatida keng nishonlanadi. Mazkur bayram munosabati bilan O‘zbekiston kimyo va farmatsevtika sanoati xodimlari kasaba uyushmasi tizimidagi korxona, tashkilot va ta’lim muassasalarida xodimlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ular o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, jamoaviy hamjihatlik va do‘stona muhitni yanada mustahkamlashga qaratilgan qator madaniy-ma’rifiy va sport tadbirlari o‘tkazilmoqda.

Jumladan, “Maxam-Chirchiq” AJ kasaba uyushmasi qo‘mitasi tashabbusi bilan xodimlar o‘rtasida sportning voleybol turi bo‘yicha musobaqa, bilim va tafakkurni sinovdan o‘tkazuvchi “Zakovat Quiz” intellektual o‘yini tashkil etildi. Shuningdek, 50 nafar xodim uchun Samarqand viloyatiga sayohat uyushtirilib, ularga tarixiy obidalar va betakror madaniy meros bilan yaqindan tanishish imkoniyati yaratildi.

“Birinchi rezinotexnika zavodi” MCHJ XKda ham bayram tadbirlari ko‘tarinki ruhda tashkil etilmoqda. Jumladan, “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri tashkil etildi. Unda xodimlarning yaqin qarindoshlari, do‘stlari, Angren kimyo sanoati texnikumi talabalari va ustozlari ishtirok etdi. Mehmonlar korxona tarixi, faoliyati va ishlab chiqarish jarayonlari bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ldilar.

Tadbirlar rejasiga ko‘ra korxona kasaba uyushmasi qo‘mitasi tomonidan xodimlar o‘rtasida “Kasaba uyushmasi kubogi” uchun mini-futbol musobaqasi tashkil etildi. Musobaqada korxonaning barcha ishlab chiqarish sexlari va tarkibiy bo‘limlaridan jami 14 ta jamoa ishtirok etdi. Yashil maydonda kechgan bellashuvlar davomida jamoalar g‘alaba uchun bor kuch va mahoratlarini namoyon etdilar. Shuningdek, sportning qo‘l kurashi va voleybol turlari bo‘yicha musobaqalar ham o‘tkazildi. Unda jamoalarning sport mahorati, o‘zaro hamjihatligi va g‘alabaga bo‘lgan intilishi namoyon bo‘ldi.

Mazkur tadbirlar mehnat jamoalarida sog‘lom muhitni qaror toptirish, xodimlarning ijtimoiy faolligini oshirish, ular o‘rtasida do‘stlik va hamkorlik rishtalarini mustahkamlashga xizmat qiladi.

11 noyabr — O‘zbekiston kasaba uyushmalari kunining mazmun-mohiyati ham aynan shunda mujassam. Inson qadrini ulug‘lash, mehnatni e’zozlash, xodimlarni qo‘llab-quvvatlash va jamiyatda ijtimoiy adolat tamoyillarini mustahkamlashdan iborat.

Shavkat Toirov

Kimyo va farmatsevtika sanoati xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi