05.11.2026. Mehnat jamoasida har bir xodimning o‘z o‘rni, huquqi va manfaati bor. Ana shu manfaatlarni himoya qilish, xodim bilan ish beruvchi o‘rtasidagi munosabatlarda qonuniylikni ta’minlash, mehnat sharoitlariga doir masalalarni e’tibordan chetda qoldirmaslik kasaba uyushmalarining asosiy vazifalaridandir. Xodimning dardini eshitish, ularning haq-huquqlarini himoya qilish, mehnat sharoiti bilan bog‘liq masalalarga befarq bo‘lmaslik — kasaba uyushmalari zimmasidagi mas’uliyatdir. Jamoadagi ishonch va kasaba uyushmasiga bo‘lgan munosabat, eng avvalo, ana shu ishlar samarasi bilan belgilanadi.
11 noyabr — O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni munosabati bilan Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida o‘tkazilgan uchrashuvda shu haqda so‘z bordi.
Tadbirda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi apparat rahbari O.Saliyev, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi maslahatchisi J.Abbasov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari M.Muxanov, O‘zbekiston agrosanoat majmui xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi raisi o‘rinbosari X.Begmatov ishtirok etdilar.
Muloqotda kasaba uyushmalarining bugungi kundagi ustuvor vazifalari, xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlari va mehnat huquqlarini ta’minlash, jamoa shartnomalari ijrosi, xodimlarning taklif va murojaatlarini o‘rganish masalalari muhokama qilindi.
Tadbirda filial kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisi G.Kazaxbayeva ham so‘zga chiqib, kasaba uyushmasi qo‘mitasi faoliyati, jamoada xodimlarning manfaatlarini himoya qilish, ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlar xususida to‘xtaldi.
Bayram munosabati bilan uchrashuv davomida Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialining bir guruh xodimlarining mehnat faoliyati ham munosib baholandi. Ularga O‘zbekiston agrosanoat majmui xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi rahbariyati tomonidan tashakkurnomalar va esdalik sovg‘alari topshirildi.
![[:uz]Ўзбекистон касаба уюшмалари Федерациясининг Портали[:ru]Портал Федерации Профсоюзов Узбекистана[:oz]Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Portali[:uzl]Oʼzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Portali[:]](https://kasaba.uz/wp-content/uploads/2024/04/cropped-ohirgi-logo_kasaba_v13-removebg-preview.png)



O'zbekcha
Русский