06.11.2026. “11 noyabr — O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni” munosabati bilan Farg‘ona shahridagi “Afrosiyob” tantanalar majmuasida bayram tadbiri tashkil etildi.
Inson qadrini ulug‘lash, mehnatkashlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ular uchun munosib mehnat va ijtimoiy sharoitlar yaratish — kasaba uyushmalari faoliyatining bosh mezoni. Bugun mamlakatimizda ushbu ezgu maqsadlar yo‘lida olib borilayotgan tizimli ishlar, xodimlarning mehnat huquqlarini ta’minlash, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasidagi sa’y-harakatlar kasaba uyushmalarining jamiyat hayotidagi o‘rni va ahamiyatini yanada oshirmoqda.
Tantanali tadbirda so‘zga chiqqanlar mamlakatimiz kasaba uyushmalari tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, tashkilotning xalqaro miqyosdagi nufuzi va hamkorlik aloqalari tobora kengayib borayotganini ta’kidladilar. Ayniqsa, kasaba uyushmalarining oddiy mehnatkashlar manfaatini himoya qiladigan, ularning dardu tashvishlariga yelkadosh bo‘ladigan xalqchil tashkilot sifatidagi mavqei mustahkamlanayotgani e’tirof etildi.
Bayram munosabati bilan yurtimizning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotiga, aholi farovonligini yuksaltirishga, mehnatkashlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga, kasaba uyushmalari harakati rivojiga munosib hissa qo‘shayotgan bir guruh soha xodimlari hamda mehnat faxriylari munosib taqdirlandi. Ularga O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Farg‘ona viloyati kengashining faxriy yorliqlari va esdalik sovg‘alari topshirildi.
— Tinch yurtga faqat bayram yarashadi. Har yili ushbu sanani ko‘tarinki kayfiyatda nishonlaymiz. Ahamiyatlisi, bugun men uchun ikki karra bayram, — deydi Buvayda tuman tibbiyot birlashmasi kasaba uyushma qo‘mitasi raisi Saidaxon Abdullayeva. — Sababi, “11 noyabr — O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni” munosabati bilan o‘tkazilgan respublika tanlovida “Eng faol raisa” nominatsiyasi bo‘yicha birinchi o‘ringa munosib deb topildim. Buni kamtarona mehnatlarimga berilgan yuksak baho deb bilaman. Albatta, bu e’tirof zimmamga yanada katta mas’uliyat yuklaydi. Bundan buyon ham xodimlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, kasaba uyushmalari nufuzini oshirish yo‘lida bor kuch-g‘ayratimni safarbar etaman.
Bayramning yana bir quvonchli yangiligi — O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan o‘tkazilgan respublika tanlovida Farg‘ona viloyati kengashining “Eng namunali hududiy kengash” nominatsiyasi g‘olibi deb topilgani bo‘ldi. Bu e’tirof viloyatda kasaba uyushmalari faoliyati samaradorligini oshirish, ishchi-xodimlar manfaatlarini himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga berilgan munosib bahodir.
Darhaqiqat, kasaba uyushmalarining faoliyati faqat xodimlarning mehnat huquqlarini himoya qilish bilan cheklanmaydi. Ularning ijtimoiy qo‘llab-quvvatlanishi, salomatligini mustahkamlash ham muhim vazifalar sirasiga kiradi.
Bu borada O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Farg‘ona viloyati kengashi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar e’tiborga molik.
Xususan, joriy yilning o‘tgan davrida sud jarayonlarida xodimlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish natijasida ularga yetkazilgan zararni qoplash, bekor yurgan kunlari uchun haq to‘lash, o‘z vaqtida berilmagan ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlarni undirish maqsadida jami 2 milliard 55 million so‘m mablag‘ ishchi-xodimlar foydasiga undirib berildi.
Korxona, tashkilot va muassasalarda mehnat qilayotgan 13 ming 501 nafar ishchi-xodim hamda ularning oila a’zolari uchun mamlakatimizning diqqatga sazovor maskanlari, qadimiy shaharlari va muqaddas qadamjolariga sayohatlar tashkil etildi.
Shuningdek, joriy yilning o‘zida ijtimoiy sug‘urta mablag‘lari hisobidan 3 ming nafardan ziyod ishchi-xodim O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tasarrufidagi sihatgohlarda sog‘lomlashtirilib, salomatligini mustahkamlab qaytdi.
Bayram tadbirida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasidan biriktirilgan mas’ul rahbarlar, Farg‘ona viloyati hokimi Xayrulla Bozorov, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Farg‘ona viloyati kengashi raisi Erkinjon Nuraliyev, mutasaddilar, soha xodimlari hamda hamkor tashkilotlar vakillari ishtirok etdilar.
![[:uz]Ўзбекистон касаба уюшмалари Федерациясининг Портали[:ru]Портал Федерации Профсоюзов Узбекистана[:oz]Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Portali[:uzl]Oʼzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Portali[:]](https://kasaba.uz/wp-content/uploads/2024/04/cropped-ohirgi-logo_kasaba_v13-removebg-preview.png)



O'zbekcha
Русский