13.06.2025. 12 iyun’ — Butunjahon bolalar mehnatiga qarshi kurashish kuni munosabati bilan “Alpomish” bolalar oromgohida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Samarqand viloyati kengashi tomonidan tadbir tashkil etildi.
Tadbirda oromgohda dam olayotgan bolalar, viloyat kengashi xodimlari, Bolalarni sog‘lomlashtirishni tashkil etish departamenti rahbar va mas’ul xodimlari ishtirok etdilar.
Shuningdek, tadbirda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Samarqand viloyati kengashi raisi Suxrob Rafikov qatnashib, bolalarga Butunjahon bolalar mehnatiga qarshi kurashish kunining ahamiyati, majburiy bolalar mehnatiga yo‘l qo‘ymaslik va uning salbiy oqibatlari to‘g‘risida tushuncha berdi.
Tadbir doirasida “Taraqqiyot aniq, ammo qilinadigan ishlar ko‘p: sa’y-harakatlarni tezlashtiraylik!” shiori ostida rasm chizish tanlovi va shaxmat-shashka musobaqalari tashkil etildi.
Tadbir yakunida rasm tanlovi va sport musobaqalari g‘oliblariga O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Samarqand viloyati kengashi tomonidan esdalik sovg‘alari va diplomlar topshirildi. Shuningdek, tadbirda faol ishtirok etgan bir guruh tarbiyachilar Xorazm viloyatiga sayohat qilish huquqini beruvchi sertifikat bilan taqdirlandilar.