[:uz]Ўзбекистон касаба уюшмалари Федерациясининг Портали[:ru]Портал Федерации Профсоюзов Узбекистана[:oz]Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Portali[:uzl]Oʼzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Portali[:]

11.09.2025. Avval xabar berganimizdek, joriy yilning 10-11 sentyabr’ kunlari Toshkentda O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi tashabbusi bilan Xalqaro mehnat tashkiloti va Xalqaro kasaba uyushmalari konfederatsiyasi hamkorligida tashkil etilgan “Xalqaro mehnat standartlarini ilgari surishda kasaba uyushmalarining roli: xalqaro amaliyot va O‘zbekiston tajribasi” mavzuidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Konferensiya ishida Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT), Xalqaro kasaba uyushmalari Konfederatsiyasi (XKUK), Xalqaro kasaba uyushmalari Konfederatsiyasi Umumevropa mintaqaviy kengashi mutasaddilari, 30 ga yaqin mamlakatdan nufuzli xalqaro ekspertlar va yirik olimlar, O‘zbekistonda akkreditasiyadan o‘tgan diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdilar.

Anjumanning 2-kuni ishtirokchilar 3 ta seksiyaga bo‘lingan holda ishni davom ettirdilar. Xususan, Xalqaro kasaba uyushmalari Konfederatsiyasi (XKUK) Umumevropa mintaqaviy kengashi ijrochi kotibi Anton  Leppik moderatorligidagi 1-seksiyada «Birlashmalar erkinligi, jamoaviy muzokaralar, uch tomonlama maslahatlashuvlar, bolalar mehnatiga va majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymaslik, ijtimoiy himoya, onalikni muhofaza qilish», xalqaro ekspert (Estoniya) Xarri  Taliga moderatorligidagi 2-seksiyada «Imkoniyatlar va muomala tengligi, mehnat sohasini boshqarish, inspeksiya, bandlik, kasbiy tayyorgarlik, muhojirlar va xodimlarning ayrim toifalari mehnati», Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) Mehnatkashlar faoliyati bo‘yicha Byurosi (ACTRAV)ning Yevropa va Markaziy Osiyo sektori mudiri Sergeyus  Glovaskas moderatorligidagi 3-seksiyada «Ish haqi, ish vaqti va dam olish vaqti, mehnat muhofazasi va xavfsizlik texnikasi» masalalari muhokama etildi.

Shundan so‘ng ikkinchi yalpi majlis davomida seksiyalar ishi yakunlari va Xalqaro konferensiya Tavsiyalari loyihasi yuzasidan takliflar ishlab chiqildi. Xususan, Albaniya, Armaniston, Bolgariya, Braziliya, Gruziya, Janubiy Afrika Respublikasi, Zambiya, Koreya, Keniya, Latviya, Litva, Mongoliya, Moldova, Nigeriya, Ozarbayjon, Somali, Tojikiston, Turkiya, Turkmaniston, Ukraina, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Quvayt kabi horijiy davlatlarning kasaba uyushma markazlari rahbarlari ishtirok etgan nufuzli xalqaro konferensiyada mehnat sohasining kelajagi, uning ijtimoiy adolat, tenglik va ishtirok etish tamoyillariga asoslangan holda shakllanishi, kasaba uyushmalarining xalqaro mehnat standartlarini ilgari surishdagi roli masalalari muhokama etildi.

Anjuman ishtirokchilari O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi tomonidan Toshkent shahrida o‘tkazilgan mazkur tadbir xalqaro mehnat me’yorlarini yanada ilgari surish borasida tajriba almashish va sa’y-harakatlarni birlashtirish bo‘yicha muhim platformaga aylanganini alohida ta’kidladilar.

Xalqaro konferensiya ishida Xalqaro mehnat tashkiloti, Xalqaro Kasaba uyushmalari konfederatsiyasi va uning Butunevropa mintaqaviy kengashi, Global federatsiyalar vakillari hamda Amerika, Afrika, Yevropa, Osiyo-Tinch okeani mintaqasi mamlakatlari kasaba uyushmalarining milliy markazlari va O‘zbekistondagi tarmoq kasaba uyushmalari rahbarlari, iqtisodiyot va huquq sohasidagi yetakchi olim va ekspertlarning ishtirok etgani xalqaro mehnat me’yorlarini ilgari surish, konstruktiv ijtimoiy muloqotni yo‘lga qo‘yish va ushbu yo‘nalishda jamoatchilik nazoratini olib borish borasida kasaba uyushmalarining strategiya va taktikasini takomillashtirish bo‘yicha aniq tavsiyalar ishlab chiqish imkonini berdi.

Xalqaro valyuta jamg‘armasining hisob-kitoblariga ko‘ra, joriy yilda O‘zbekiston iqtisodiyoti hajmi 130 milliard dollardan oshadi, bunday o‘sish sur’atlari va ekspertlarning yuqori baholari ilgari kuzatilmagan.

Qayd etilganidek, O‘zbekistonda oxirgi to‘qqiz yil davomida yalpi ichki mahsulot barqaror o‘sib bormoqda. Bunday natijalarga Prezidentimiz tashabbuslari bilan tadbirkorlikni faol qo‘llab-quvvatlash, zamonaviy sanoat majmualarini barpo etish, “yashil” va innovasion iqtisodiyotga o‘tish, qayta tiklanuvchi energiya manbalari, axborot texnologiyalari, turizm va moliyaviy xizmatlarni rivojlantirish tufayli erishilmoqda. Qurilish, qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik sanoati, elektrotexnika, mashinasozlik, farmasevtika kabi sohalarda misli ko‘rilmagan o‘zgarishlar ro‘y bermoqda. Davlat byudjetining 50 foizdan ko‘p qismi aholini ijtimoiy himoya qilishga yo‘naltirilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasining yangilangan Konstitusiyasiga bolalar mehnati va majburiy mehnatni taqiqlash, kamsitilmaslik va teng qiymatdagi mehnat uchun teng haq to‘lash prinsiplari, xavfsiz mehnat sharoitlaridan foydalanish huquqi, yillik haq to‘lanadigan ta’til va pensiya ta’minoti kabi xalqaro fundamental qadriyatlar o‘z aksini topgan. Shuningdek, “Kasaba uyushmalari to‘g‘risida”, “Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida”, “Aholi bandligi to‘g‘risida”, “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq va imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”, “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonunlar, ratifikasiya qilingan va ratifikasiya qilinmagan konvensiyalar qoidalarini o‘z ichiga olgan Mehnat kodeksining yangi tahriri qabul qilindi.

Kun tartibidagi masalalarni qizg‘in va konstruktiv ruhda muhokama qilish chog‘ida Xalqaro konferensiya ishtirokchilari xalqaro mehnat standartlarini ratifikasiya qilish, joriy etish va ularga to‘liq rioya qilish, xodimlarning huquq va manfaatlarini himoya qilishda uch tomonlama ijtimoiy muloqot institutlaridan eng yuqori darajada foydalanishga erishgan milliy kasaba uyushmalari markazlari, shu jumladan O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tajribasini ijobiy baholadilar.

Anjuman ishtirokchilari, shu jumladan, horijiy ekspertlar O‘zbekistonda kechayotgan bugungi o‘zgarishlar ­mamlakat yangi ­tarixini boshlab bergani, ijtimoiy-­iqtisodiy, siyosiy va boshqa sohalarda yuz ­berayotgan ­ulkan yangilanishlar mamlakatning dunyo hamjamiyati bilan tom ­ma’noda ­integratsiyalashuvini ta’minlayotganini e’tirof etdilar. Natijada bugun O‘zbekistonda ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy, intellektual sohalar qatori ijtimoiy-mehnat munosabatlari va xalqaro mehnat standartlarini hayotga izchil tatbiq etish sohalarida ham yuksak natijalarga erishilayotgani, Hukumat, kasaba uyushmalari va ish beruvchilar tashkilotlari o‘rtasida konstruktiv ijtimoiy muloqot yo‘lga qo‘yilgani alohida ta’kidlandi. Shuningdek, Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatda “Inson manfaatlari barcha narsadan ustun” degan oliyjanob g‘oyani hayotga tatbiq etishga, aholi farovonligini izchil oshirib borishga yuksak e’tibor qaratilayotgani, har bir inson va har bir oilaning hayotiy manfaatlariga daxldor bo‘lgan eng muhim ijtimoiy masalalarni hal etish uchun maqsadli dasturlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi. Buning natijasida iqtisodiy va ijtimoiy sohalarda yirik o‘zgarishlar ro‘y berayotgani, Yangi O‘zbekistonda ijtimoiy himoya siyosatining mutlaqo yangi modeli yaratilgani e’tirof etildi.

Bunday yangilanishlar jarayonida O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi ham faol ishtirok etib, mehnatkashlar manfaatlarini ta’minlash yo‘lida izchil ishlarni olib borayotgani ta’kidlandi. Mazkur yo‘nalishlardagi tadbirlar Hukumat, Kasaba uyushmalari Federatsiyasi va Ish beruvchilar Konfederatsiyasi o‘rtasida imzolangan Bosh kelishuvga kiritilgani, tarmoq va hududiy jamoa kelishuvlari, jamoa shartnomalarining barchasi xodimlar va ularning oila a’zolarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan kompleks tadbirlarni o‘z ichiga olgani qayd etildi. O‘zbekiston kasaba uyushmalari mazkur lokal hujjatlarga muvofiq xodimlarning real daromadlarini bosqichma bosqich oshirish, mehnat bozorida talab mavjud bo‘lgan kadrlarni tayyorlash tizimini kengaytirish, ish bilan band bo‘lmagan aholi vakillarini kasbga o‘qitish va qayta o‘qitish ishlarida hamkorlik ko‘rsatmoqda.

Ko‘zlangan maqsadlarga ko‘ra mazkur nufuzli xalqaro konferensiya bevosita xalqaro mehnat standartlarini ilgari surish bo‘yicha anjuman ishtirokchilarining takliflari, fikrlari va tajribalarini konstruktiv muhokama qilish uchun qulay maydon vazifasini o‘tadi. Anjumanning aynan shu formatda o‘tishi shak-shubhasiz O‘zbekistonning xalqaro hamjamiyatga ochiqligini, mazkur yo‘nalishda faol, amaliy hamkorlikka, xalqaro va chet el tajribasini o‘rganish hamda hayotga tatbiq etishga tayyorligini namoyish qildi.

Yalpi va seksiya majlislaridagi muhokamalar yakunlariga ko‘ra anjuman ishtirokchilari tomonidan Xalqaro konferensiyaning Toshkent rezolyusiyasi qabul qilindi.

Xalqaro anjuman doirasida horijiy ekspertlar Samarqand shahridagi tarixiy obidalarga ham tashrif buyurib, O‘zbekistonning boy madaniy merosi bilan tinishdilar.

Muhabbat O‘rmonbekova

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Matbuot xizmati rahbari