[:uz]Ўзбекистон касаба уюшмалари Федерациясининг Портали[:ru]Портал Федерации Профсоюзов Узбекистана[:oz]Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Portali[:uzl]Oʼzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Portali[:]

24.09.2025. O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi 2025 yilgi paxta yig‘im-terimi mavsumida terimchilar uchun shart-sharoitlar yaratilishini o‘rganish, bolalar mehnati va majburiy mehnatdan foydalanmaslik yuzasidan Milliy monitoring o‘tkazadi.

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan “2025 yilgi paxta yig‘im-terimi mavsumida terimchilar uchun shart-sharoit yaratilishini o‘rganish, bolalar mehnati va majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha Milliy monitoringni tashkil etish borasida olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida” Brifing o‘tkazildi.

Anjumanda ta’kidlanganidek, so‘nggi 7-8 yil davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti muhtaram Shavkat Mirziyoev tashabbuslari bilan xalq manfaatlarini ta’minlash va inson qadrini ulug‘lash maqsadida barcha sohalarda birdek amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar natijasida ijtimoiy mehnat munosabatlari sohasida ham salmoqli yutuqlarga erishildi. Xususan, Davlatimiz rahbarining qat’iy siyosiy irodasi tufayli mamlakatimizda bolalar mehnati va majburiy mehnatga butunlay barham berildi. Xuddi shu maqsadlarda qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinib, mavjudlari takomillashtirildi. Bu kabi sa’y-harakatlar natijasi o‘laroq Xalqaro mehnat tashkiloti tomonidan 2021 yilgi paxta-yig‘im terimi mavsumi davomida o‘tkazilgan “Uchinchi tomon monitoringi” natijalariga ko‘ra O‘zbekistonda bolalar mehnati va majburiy mehnatdan umuman foydalanilmagani e’tirof etildi. 2022 yil 10 mart kuni esa “Cotton Campaign” xalqaro koalisiyasi o‘zbek paxtasiga nisbatan global boykot bekor qilinganini e’lon qildi va bu O‘zbekiston uchun katta yutuq bo‘ldi.

Bolalar mehnati va majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymaslik borasida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan ham tizimli ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Xususan, mana bir necha yildirki, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan fuqarolik jamiyati instutlari ishtirokida paxta yig‘im-terimi davrida bolalar mehnati va majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymaslik va terimchilar uchun yaratilgan sharoitlarni o‘rganish yuzasidan Milliy monitoring o‘tkazib kelinmoqda.

Milliy monitoringni o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad – paxta yig‘im-terimi ishlarida voyaga yetmagan shaxslarning, o‘quvchi va talabalarning, byudjet va nobyudjet tashkilotlari xodimlarining majburiy mehnatidan foydalanishga yo‘l qo‘yilmasligi yuzasidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish, paxta yig‘im-terimi mavsumida terimchilar uchun yetarli yashash, dam olish va mehnat sharoitlari yaratilganini baholash, qo‘lda terilgan har bir kilogramm paxta xom ashyosi uchun adolatli mehnat haqi to‘lanishini, paxta-to‘qimachilik klasterlari, fermer xo‘jaliklari xodimlari bilan mehnat shartnomasi, vaqtinchalik terimga jalb qilingan fuqarolar bilan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda muddatli mehnat shartnomasi tuzilganligini hamda terim otryadlari va paxta yetishtiruvchi xo‘jalik o‘rtasida jamoa shartnomasi tuzilganligini nazorat qilishdan iboratdir. Shuningdek, Ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha respublika uch tomonlama komissiyasi tomonidan tayyorlangan Tavsiyalarga rioya etilishi ham monitoring jarayonida o‘rganiladi.

Brifingda joriy yilgi Milliy monitoring 25 sentyabrdan boshlanib, 31 oktyabrgacha davom etishi ma’lum qilindi. Milliy monitoring davomida kamchiliklar aniqlansa, ularni joyida bartaraf etish choralari ko‘rilishi, monitoring yuzasidan O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi hamda Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari bo‘yicha Milliy komissiyasiga axborot berib borilishi qayd etildi.

Ta’kidlanganidek, bu yilgi monitoring ham O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan Savdo-sanoat palatasi, O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assosiasiyasi (O‘zNNTMA)ga a’zo bo‘lgan fuqarolik jamiyati institutlari vakillari ishtirokida Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari bo‘yicha Milliy komissiyasi hamda Ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha Respublika uch tomonlama komissiyasining majlis bayonlari bilan tasdiqlangan chora-tadbirlar, tavsiyalar, shuningdek, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Ijroiya qo‘mitasi qarori bilan tasdiqlagan chora-tadbirlarga asosan o‘tkaziladi.

Monitoringni tashkil etish maqsadida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan hududiy monitoring guruhlari tuzilib, ular tarkibiga tarmoq kasaba uyushmalari Respublika kengashlarining mas’ul xodimlari, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining hududiy kengashlari mehnat texnik inspektorlari, shuningdek, kelishilgan holda, Savdo-sanoat palatasi va O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assosiasiyasining joylardagi a’zo tashkilotlari vakillari kiritildi. Monitoring samaradorligini oshirish maqsadida Monitoring o‘tkazish ishchi guruhlari tarkibidagi mutaxassislar monitoring jarayonida foydalanish uchun maxsus kiyim bosh va hududiy guruhlar rahbarlari internet tarmog‘iga ulangan planshetlar bilan ta’minlandi. Shuningdek, Milliy monitoringni sifatli o‘tkazish maqsadida uning uslubiyoti, “Monitoring guruhlarining joylarda harakatlanish ketma-ketligi”, “Monitoringda interv’yu olish savolnomasi”, “Paxta yig‘im-terimi ishtirokchilari uchun yaratilgan shart-sharoitlarni baholash bo‘yicha savolnoma” va axborot berish shakllari ishlab chiqilib, monitoring guruhlariga taqdim etildi.

Brifingda Milliy monitroing jarayonida paxta terayotgan voyaga yetmagan shaxslar aniqlansa, ularni zudlik bilan daladan olib chiqish va o‘quv dargohiga yoki uyiga qaytarish choralari ko‘rilishi, bu haqda Akt (Dalolatnoma) tuzilib, aybdor shaxslarga nisbatan chora ko‘rish uchun mehnat inspeksiyasiga yuborilishi qayd etildi. Majburiy mehnatdan foydalanish xolatlari aniqlangan holda esa zudlik bilan kasaba uyushmalari inspektori tomonidan vaziyat o‘rganilishi hamda Akt (Dalolatnoma) tuzilib, ularni ish joylariga qaytarish choralari ko‘rilishi, shu bilan birga hududiy “Qayta aloqa mexanizmi” (QAM) vakillariga ham xabar berilishi ma’lum qilindi.

Shu o‘rinda eslatib o‘tish joizki, xodimlarning mehnat huquqlari buzilishining oldini olishga qaratilgan Qayta aloqa mexanizmi O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tizimida tashkil etilgan bo‘lib, mavsum davomida uzluksiz ravishda kechayu kunduz ishlaydi. Buning uchun Federatsiya Yuridik klinikasi va uning hududlardagi filiallarida kasaba uyushmalari vakillarining doimiy navbatchiligi tashkil qilingan. Kelib tushgan murojaatlarni tezkorlik bilan ko‘rib chiqish maqsadida 10-92 qisqa raqamli “Ishonch telefoni”, internet saytlar, telegramm ijtimoiy tarmog‘i imkoniyatlaridan keng foydalaniladi. Bu haqda kasaba uyushmalari tomonidan maxsus bannerlar tayyorlanib, respublikamizning barcha hududlaridagi tuman, shahar markazlariga o‘rnatilmoqda. Korxona, tashkilot, muassasalar hamda odam gavjum bo‘ladigan joylarga esa 10 ming dona posterlar joylashtirildi va mehnatkashlar hamda aholi vakillariga 200 mingta flaerlar tarqatilmoqda.

Brifingda ta’kidlanganidek, Milliy monitoring jarayonida o‘rganish natijalarini oshkor etmaslik tamoyiliga amal qilinadi (O‘zbekiston Respublikasining “Bola huquqlari to‘g‘risida”gi va “Shaxsiy ma’lumotlar to‘g‘risida”gi Qonunlari hamda Xalqaro mehnat tashkiloti bilan kelishilgan “Monitoring uslubiyoti” talablariga muvofiq oshkor etmaslik tamoyiliga amal qilinadi)  va monitoring yakunlari to‘g‘risida joriy yil dekabr’ oyida o‘tkaziladigan Davra suhbatida batafsil ma’lumotlar beriladi.

Muhabbat O‘rmonbekova

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Matbuot xizmati rahbari