[:uz]Ўзбекистон касаба уюшмалари Федерациясининг Портали[:ru]Портал Федерации Профсоюзов Узбекистана[:oz]Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Portali[:uzl]Oʼzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Portali[:]

19.11.2025. Har bir davlatning bayrog‘i — uning milliy davlatchiligi, suvereniteti va milliy o‘zligini ifodalovchi muqaddas timsol hisoblanadi.

1991 yil 18 noyabr’ kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida “O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilinib, milliy ramzimizning huquqiy asosi yaratiladi. 1992 yil 2 mart kuni mamlakatimiz Birlashgan Millatlar Tashkilotiga a’zo bo‘lgach, bayrog‘imiz dunyo tribunalarida ilk bor hilpiradi.

O‘zbekiston bayrog‘idagi ranglar, ramzlar va tasvirlar yurtimizning ham tarixi, ham kelajagiga ishora qiladi. Ko‘k rang — mangu osmon, tinchlik va halollik timsoli; oq rang — poklik, beg‘ubor niyatlar va bag‘rikenglik mezoni; yashil rang — tabiat navqironligi, yangilanish va umid ramzi; qizil yo‘lak esa hayot qudrati va intilish shiddati ifodasidir. Bayroqdagi hilol tasviri ezgulikka intilish, yangi davlatchilikning pok tadrijini anglatsa, o‘n ikki yulduz qadimgi burjlar va xalqimiz madaniy tafakkuriga xos mukammallik ramzini mujassam etadi.

Umuman, O‘zbekiston bayrog‘i — mustaqillikning mustahkam belgisi, Vatanga muhabbat, millatga fidoyilik va ozodlikka sadoqat timsoli. U yurt osmonida hilpirar ekan, har bir yurtdoshimizga mas’uliyat, g‘urur va birlik ruhini bag‘ishlaydi.

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Xorazm viloyat kengashi tomonidan sana munosabati bilan bir qator ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar va davra suhbatlari tashkil etildi. Ularda korxona va tashkilotlarda faoliyat ko‘rsatayotgan yoshlar ham faol ishtirok etdilar.

Shuni aytish kerakki, viloyat kengashi tashabbusi bilan bugungi kunda viloyatdagi barcha kasaba uyushmasi xodimlari uylarida O‘zbekiston bayrog‘i hilpirab turibdi. Zero, milliy bayrog‘imizni hurmat qilish, uning ostida birdam bo‘lib yashash va Vatan ravnaqi uchun xizmat qilish — har bir fuqaroning muqaddas burchidir. Bayroqni asrash — yurtni asrash, milliy qadriyatni ardoqlash demakdir.

Baxtiyor Ismoilov

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Xorazm viloyat kengashi raisining yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi