30.04.2026. So‘ngi yillarda muhtaram Prezidentimiz tashabbuslari bilan “Inson qadri uchun” degan g‘oya asosida inson baxtu kamoli yo‘lida katta ko‘lamdagi ezgu ishlar amalga oshirilmoqda. Shuningdek, barcha sohalarda bo‘lganidek, mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish sohasida ham tub islohotlar olib borilmoqda. Buning natijasida xalqimiz turmush farovonligi oshib, mamlakatimiz sportchilari jahon arenalarida ulkan yutuqlarni qo‘lga kiritmoqdalar va yurtimizning turli hududlarida yangi sport inshootlari barpo etilmoqda. Mamlakatimiz bo‘ylab amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlarini dunyo tan olmoqda. Prezidentimiz tashabbuslari bilan O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan Qashqadaryo viloyatining Qarshi shahrida bunyod etilgan yangi zamonaviy Suv sporti saroyi ham inson manfaatlariga xizmat qiluvchi navbatdagi inshootlardan biri bo‘ldi.
Jahon standartlari talablariga to‘la javob beruvchi mazkur Suv sporti saroyining tantanali ochilish marosimida Xalqaro mehnat tashkilotining mehnatkashlar faoliyati bo‘yicha Byurosi (ACTRAV) Yevropa va Markaziy Osiyo sektori mudiri Sergius Glovaskas, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Turkmaniston va Mongoliya kasaba uyushmalari mutasaddilari rahbarligidagi delegasiyalar vakillari, “Vorld Aquatiks”ning xalqaro toifadagi hakami Natalya Lerman, Suzish bo‘yicha ikki karra Olimpiya o‘yinlari sovrindori, ustoz-murabbiy Svetlana Babanina, “Suv parisi – 2026” xalqaro turniri qatnashchilari – O‘zbekiston, Rossiya, Belarus’, Qozog‘iston davlatlaridan mahoratli suv sporti ustalari hamda poytaxtimizdan Oliy Majlis Senati a’zolari, Qonunchilik palatasi deputatlari, el-yurt ardog‘idagi mehnat faxriylari, yozuvchi-shoirlar va turli sohaning yetuk vakillari, Qashqadaryo viloyati oqsoqollari ishtirok etdilar.
Mehmonlar Qarshi suv sporti saroyida karnay va surnay sadolari hamda fol’klor jamoalari chiqishlari bilan kutib olindi.
– Bundan qariyb ikki yil avval muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev poytaxtimizning Yakkasaroy tumanida barpo etilgan suv sporti saroyi bilan tanishar ekanlar, bunday zamonaviy sharoitlar faqatgina poytaxtda emas, mamlakatimizning barcha hududlari, xususan, Qashqadaryoda ham bo‘lishi kerak degan tashabbusni ilgari surgan edilar, – dedi Suv sporti saroyining tantanali ochilish marosimida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi, O‘zbekiston suv sporti Federatsiyasi raisi, Senator Qudratilla Rafikov. – Ushbu inshootning bunyod etilishi Yurtboshimiz tomonidan Inson qadrini ulug‘lash va manfaatlarini ta’minlash yo‘lida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ezgu va xayrli ishlarning amaliy natijasidir.
Ta’kidlash zarurki, xalqimiz salomatligini mustahkamlash, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish hamda respublikamizda suv sportini yanada rivojlantirish kabi ezgu ishlarga munosib hissa qo‘shuvchi mazkur majmua individual loyihalangan bo‘lib, barcha suv sporti musobaqalarini o‘tkazishga mo‘ljallangan. 2 gektar hududda joylashgan Suv sporti saroyi tarkibida 50×21 metr o‘lchamli suzish havzasi, 16×16 o‘lchamli, 10 metr balandlikdan suvga sakrash uchun mo‘ljallangan havza va mahorat mashqlari uchun quruq basseyn, shuningdek, 6×12 metr o‘lchamdagi ikkita bolalar hovuzi mavjud. Balandlikdan sakrash xovuzida asosiy 5 ta sakrash maydonidan iborat minora mavjud bo‘lib, ularning balandligi 1, 3, 5, 7.5 va 10 metrni tashkil etadi. Shuningdek, sakrash uchun 7 ta tramplin o‘rnatilgan.
Bundan tashqari, yopiq suzish havzasi, ma’muriyat, media zonalar, fitnes hamda yig‘ilish zallari ham barpo etilgan. Infratuzilma doirasida 700 o‘rinli tomoshabinlar tribunasi, keng xoll, dush va kiyim almashtirish xonalari va dam olish hududlari tashkil etilgan. Inshootning yerto‘la qavat qismida suv havzalari uchun asosiy muhandislik tizimlari – suvni tozalash fil’trlari, nasos agregatlari, isitish aylanmalari hamda ventilyasiya uskunalari o‘rnatilgan. Shuningdek, ventilyasiya tizimi 3 ta yirik toza havo yetkazib beruvchi uskunalar bilan jihozlangan bo‘lib, ularning umumiy quvvati soatiga 90 ming metr kub toza havo yetkazib berish imkoniyatiga ega. Barcha uskuna va jihozlar dunyoning yetakchi, ishonchli va mashhur ishlab chiqaruvchi kompaniyalari tomonidan tayyorlangan bo‘lib, yuqori sifat, energiya samaradorligi va zamonaviy texnologiyalar talablariga to‘liq javob beradi. Xususan, majmua Xitoy, Italiya, Ispaniya, Germaniya va AQSh kompaniyalarining eng zamonaviy suv fil’trlari, nasoslari, isitish va ventilyasiya tizimlari bilan jihozlangan.
Ushbu maskanda suv sporti ishqibozlari bir joyning o‘zida uzoq masofaga suzish, suv polosi va balandlikdan sakrash mashqlari bilan shug‘ullanishlari uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratilgan. Eng muhimi, zamonaviy standartlar asosida barpo etilgan Yangi Suv sporti saroyi yoshlarning jismoniy toblanib, chiniqishi, suv sporti sir-sinoatlarini puxta egallashi, kelgusida esa Yangi O‘zbekistonimiz bayrog‘ini dunyo arenalarida baland ko‘tarishlariga xizmat qiladi.
Tantanali ochilish marosimidan so‘ng sinxron suzish bo‘yicha “Suv parisi – 2026” ochiq xalqaro turniri g‘oliblarining chiqishlari namoyish etildi.
Shundan so‘ng 25-27 aprel’ kunlari poytaxtimiz Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan sinxron suzish bo‘yicha “Suv parisi – 2026” ochiq xalqaro turniri g‘oliblarini tantanali taqdirlash marosimi o‘tkazildi. Musobaqalarda birinchi, ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni egallagan sportchilar munosib rag‘batlantirildilar.
Ushbu suv sporti kompleksida kelgusida Respublika, Osiyo va xalqaro musobaqalar tashkil qilinishi rejalashtirilgan.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Matbuot xizmati
![[:uz]Ўзбекистон касаба уюшмалари Федерациясининг Портали[:ru]Портал Федерации Профсоюзов Узбекистана[:oz]Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Portali[:uzl]Oʼzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Portali[:]](https://kasaba.uz/wp-content/uploads/2024/04/cropped-ohirgi-logo_kasaba_v13-removebg-preview.png)



O'zbekcha
Русский