05.05.2026. O‘zbekiston agrosanoat majmui xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi tomonidan 2–3 may kunlari Qozog‘iston Respublikasining tarixiy va ziyoratbop hududlaridan biri — Turkiston viloyatiga madaniy-ma’rifiy sayohat tashkil etildi.
Ushbu sayohatda Respublika Kengashining ijtimoiy sheriklari bo‘lgan 13 ta vazirlik va idoralar hamda ularning tizim tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan kasaba uyushmasi a’zolarining ishtiroki o‘zaro hamjihatlik va hamkorlik rishtalarini mustahkamlashga xizmat qildi.
Jumladan, turli sohalar vakillarining bir joyga jam bo‘lishi nafaqat tajriba almashish, balki sayohat davomida do‘stona muhitni qaror toptirish, jamoaviylikni kuchaytirish imkonini berdi.
Sayohat davomida ishtirokchilar avvalo Arslonbobo ziyoratgohiga tashrif buyurib, u yerdagi tabarruk muhitni his etdilar. Arslonbobo islom ma’naviyatida yuksak o‘rin tutadigan, xalq orasida katta hurmat qozongan avliyolardan biri hisoblanadi. Rivoyatlarga ko‘ra, u hazrati Ahmad Yassaviyning ma’naviy ustozlaridan bo‘lgan.
Shuningdek, ishtirokchilar Turkiston shahrida joylashgan buyuk mutafakkir, tasavvuf ilmining zabardast namoyandasi hazrati Ahmad Yassaviy maqbarasini ziyorat qildilar. Bu muqaddas maskan asrlar davomida turkiy xalqlar ma’naviyatining muhim markazlaridan biri bo‘lib kelmoqda. U zotning ta’limoti insonni ma’rifat, sabr, poklik va halollikka da’vat etadi.
Sayohat doirasida ishtirokchilarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish maqsadida kamondan o‘q otish bo‘yicha sport musobaqasi, bayram dasturxonlari hamda musiqiy tadbirlar uyushtirildi. Ushbu tadbirlar qizg‘in va samimiy ruhda o‘tib, ishtirokchilarga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.
Mazkur sayohat ishtirokchilar qalbida chuqur taassurotlar qoldirib, ularning ma’naviy olamini boyitishga, milliy va diniy qadriyatlarga bo‘lgan hurmatni yanada kuchaytirishga xizmat qildi. Shu bilan birga, bunday tadbirlar jamoalar o‘rtasidagi do‘stlik va hamjihatlikni mustahkamlab, kelgusidagi samarali hamkorlik uchun mustahkam poydevor yaratadi.
![[:uz]Ўзбекистон касаба уюшмалари Федерациясининг Портали[:ru]Портал Федерации Профсоюзов Узбекистана[:oz]Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Portali[:uzl]Oʼzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Portali[:]](https://kasaba.uz/wp-content/uploads/2024/04/cropped-ohirgi-logo_kasaba_v13-removebg-preview.png)



O'zbekcha
Русский