[:uz]Ўзбекистон касаба уюшмалари Федерациясининг Портали[:ru]Портал Федерации Профсоюзов Узбекистана[:oz]Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Portali[:uzl]Oʼzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Portali[:]
35 yil

27.08.2026. Yangi hayot va farovon kelajak sari yana bir ezgu qadam.

Navbahor tumanida O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yillik bayrami arafasida yana bir quvonchli voqea — Sarmishsoy hududida zamonaviy keksalar va bolalar sog‘lomlashtirish markazi o‘z faoliyatini boshladi. Qalqon ota mahallasi hududida qad rostlagan ushbu zamonaviy majmua aholi salomatligini asrash, mazmunli dam olishini ta’minlash va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etishga qaratilgani bilan alohida ahamiyat kasb etadi.

Umumiy qiymati 20 milliard so‘m bo‘lgan loyiha “SARMISHSOY NAVOIY” MChJ tomonidan amalga oshirildi. 200 o‘ringa mo‘ljallangan markazda keksalar va bolalar uchun tibbiy-sog‘lomlashtirish, reabilitasiya va hordiq chiqarishning barcha zarur shart-sharoitlari yaratildi.

Majmuada zamonaviy yotoqxonalar, davolash va fizioterapiya xonalari, ovqatlanish majmuasi, sport va dam olish maydonchalari, madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazish uchun maxsus maskanlar tashkil etilgan. Hududning obodonlashtirilib, ko‘kalamzorlashtirilgani esa bu yerga yanada fayz va ko‘rk bag‘ishlaydi.

Bu dargoh nafaqat salomatlikni tiklash va mustahkamlash, balki keksalar uchun xotirjam va mazmunli hordiq, bolalar uchun esa quvnoq dam olish va sog‘lom o‘sish maskani bo‘lib xizmat qiladi. Yangi majmuaning ishga tushirilishi Sarmishsoyning ijtimoiy infratuzilmasini yanada boyitish bilan birga, hududning sayyohlik salohiyatini yuksaltirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish va aholi farovonligini oshirishga ham xizmat qiladi.

Ayniqsa, betakror tabiati, qadimiy tarixi va boy madaniy merosi bilan mashhur Sarmishsoyda bunday zamonaviy maskanning barpo etilgani hududning turistik jozibadorligini yanada oshirishga keng imkoniyat yaratadi.

Sog‘lomlashtirish markazining tantanali ochilish marosimi “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” shiori ostida, yurtimizning eng ulug‘ va aziz bayrami — davlat mustaqilligining 35 yilligi shukuhi bilan ko‘tarinki ruhda o‘tkazildi.

Tadbirda Navbahor tumani hokimi Alisher Rashidov, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Navoiy viloyati Kengashi raisi Nazira Tog‘aeva, nuroniylar, yoshlar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Yig‘ilganlar yangi majmuaning aholi hayotidagi o‘rni, bu yerda yaratilgan qulayliklar, shuningdek, Sarmishsoyning ijtimoiy-iqtisodiy va turistik salohiyatini yuksaltirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida fikr almashdilar.

Ta’kidlanganidek, bunday zamonaviy va shinam maskanlarning barpo etilishi avvalo inson salomatligi va qadriga bo‘lgan e’tiborning amaliy ifodasidir. Zero, sog‘lom avlod va farovon keksalik uchun yaratilgan har bir sharoit — yurt taraqqiyoti va xalq farovonligiga qo‘shilgan munosib hissadir. Yangi sog‘lomlashtirish markazi kelgusida keksalar va bolalarga sifatli tibbiy-sog‘lomlashtirish xizmatlarini ko‘rsatadigan, dam olish va reabilitasiya uchun qulay, fayzli va zamonaviy maskan sifatida aholiga xizmat qiladi.

Sarmishsoyda qad rostlagan ushbu yangi dargoh — salomatlik, osoyishtalik va ezgu niyatlar maskani. Uning eshiklari yurtdoshlarimiz uchun doimo ochiq, fayz-barakasi esa ziyoda bo‘lsin!

Nigora Muhammadieva

“UZBEKISTAN AQUATICS” Navoiy viloyati hududiy bo‘limi ijrochi direktori