11.04.2025. Joriy yilning 10 aprel’ kuni Samarqand shahrida “O‘zbekiston kasaba uyushmalari harakatining 120 yilligi” hamda 7 aprel’ — Butunjahon sog‘liqni saqlash kuni munosabati bilan ommaviy sport tadbiri tashkil etildi.
“Salomatlik sari” shiori ostida o‘tkazilgan mazkur yurish marafoni O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Samarqand viloyat kengashi, Samarqand viloyat hokimligi, Viloyat sport boshqarmasi hamda qator hamkor tashkilotlar tashabbusi bilan amalga oshirildi.
Marafonda 420 nafardan ziyod ishtirokchi — kasaba uyushmalari vakillari, turli korxona-tashkilot xodimlari, sport faxriylari hamda yoshlar qatnashdi. Ishtirokchilar Samarqand shahridagi Alisher Navoiy nomidagi istirohat bog‘idan yurishni boshlab, Samarqand kinoteatrigacha bordilar. Marafon yakunlangach, maydonda jismoniy mashqlar va gimnastika harakatlari amalga oshirildi.
Ayni shu tadbirlar viloyatimizning barcha tuman va shaharlarida ham davom ettirilmoqda.
Shuningdek, kasaba uyushmalari tomonidan sportning turli yo‘nalishlari bo‘yicha musobaqalar o‘tkazilmoqda. Jumladan, Samarqand viloyat kasaba uyushmalari kengashi, Viloyat sport boshqarmasi va Shaxmat federatsiyasi hamkorligida “O‘zbekiston kasaba uyushmalari kubogi”ning tuman bosqichi tashkil qilindi.
Bundan tashqari, viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi hamda Yoshlar ishlari agentligi bilan hamkorlikda “Besh tashabbus olimpiyadasi” doirasida tuman va shaharlarda ommaviy sport musobaqalari o‘tkazilmoqda.
Akbar Abdusaidov
O’zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Samarqand viloyati Kengashi raisi o‘rinbosari