17.04.2025. 2023 yil avgust oyidan Bag‘dod tuman tibbiyot birlashmasining tug‘ruqxona majmuasida rekonstruksiya ishlari boshlanishi munosabati bilan bo‘limlar faoliyati to‘xtatilgan edi. Shu sababli, tug‘ruq bo‘limida faoliyat yuritayotgan 60 nafardan ziyod ishchi-xodim ish haqisiz qoldi.
Oylik maoshdan mahrum bo‘lgan xodimlar huquqiy yordam so‘rab, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Farg‘ona viloyati kengashiga murojaat qildilar.
Murojaat asosida Bag‘dod tuman tibbiyot birlashmasida o‘rganish ishlari olib borildi. Tekshiruvlar natijasida ma’lum bo‘lishicha, tug‘ruq bo‘limidagi rekonstruksiya sababli ish to‘xtab qolganiga qaramasdan, xodimlarga qariyb 5 oy mobaynida ish haqi to‘lanmagan.
Mehnat kodeksining 266-moddasi, 1-qismiga ko‘ra, ish beruvchining aybi bilan ish vaqtincha to‘xtatilgan taqdirda, xodimga o‘rtacha ish haqi miqdorida to‘lov to‘lanishi belgilangan.
Ammo amaliyotda bu talab bajarilmagan. Shu munosabat bilan ish sud muhokamasiga olib chiqildi.
Sud qaroriga asosan, 60 nafar xodimga 2024 yil 17 avgustdan 2025 yil yanvar oyigacha bo‘lgan bekor turib qolgan davr uchun jami 300 million so‘mga yaqin ish haqi to‘lab berilishi belgilandi.
Zafarjon Qurbonov
Sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashining Farg‘ona viloyati bo‘yicha mehnat huquqi inspektori