[:uz]Ўзбекистон касаба уюшмалари Федерациясининг Портали[:ru]Портал Федерации Профсоюзов Узбекистана[:oz]Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Portali[:uzl]Oʼzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Portali[:]

27.08.2025. O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 34 yillik shonli sanasini chinakam umumxalq bayrami sifatida ko‘tarinki kayfiyatda kutib olish maqsadida Kimyo va farmasevtika sanoati xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi va tarmoq tizimidagi korxonalar tomonidan ishlab chiqilgan chora-tadbirlar dasturiga muvofiq “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” shiori ostida qator tadbirlar tashkil etilmoqda.

Jumladan, tarmoq tizimidagi “Dehqonobod kaliy zavodi” AJ rahbariyati va kasaba uyushmasi qo‘mitasi hamkorligida O‘zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 34 yilligi va korxona tashkil topganligining 15 yilligi munosabati bilan turkum tadbirlar o‘tkazilib, ular doirasida korxonada mehnat qilayotgan xodimlarning fidokorona mehnatlari munosib e’tirof etilmoqda.

Xususan, korxona rivojiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan bir guruh soha vakillariga tarmoq kasaba uyushmasi Respublika Kengashi va “Dehqonobod kaliy zavodi” AJ tomonidan Faxriy yorliqlar va esdalik sovg‘alari topshirildi.

Shuningdek, korxonada ko‘p yillar mehnat qilgan va nafaqa yoshiga yetgan fidoyi xodimlar tantanali tarzda nafaqaga kuzatildi. Ularning uzoq yillar davomida olib borgan samarali faoliyatlari, sadoqatlari va tajribalari e’tirof etildi.

Bayram munosabati bilan “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” shiori ostida sport musobaqalari ham o‘tkazilib, ularning g‘oliblari munosib taqdirlandi. Sportning turli yo‘nalishlarida o‘tkazilgan musobaqalar xodimlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish bilan birga, jamoa birligi va hamjihatligini ham yaqqol namoyon etdi.

Bundan tashqari, eng ulug‘, eng aziz bayram arafasida “Dehqonobod kaliy zavodi” AJ rahbariyati va kasaba uyushmasi qo‘mitasi hamkorligida 30 nafar kam ta’minlangan oila farzandlari uchun sunnat to‘ylari o‘tkazib berildi. To‘y bolalarga maxsus sovg‘alar topshirildi. Ushbu xayrli ishlar ota-onalar va ularning farzandlari quvonchiga quvonch qo‘shdi.

Tadbirlar dasturiga ko‘ra, “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” shiori ostida o‘tkazilgan konsert dasturi davomida taniqli san’atkorlar ijrosida yangragan kuy-qo‘shiqlar, raqs jamoalari va yosh iste’dodlarning chiqishlari barchaga bayramona kayfiyat ulashdi.

O‘tkazilgan barcha bayram tadbirlari korxona mehnat jamoasi va mehmonlarda unutilmas taassurot qoldirdi.