[:uz]Ўзбекистон касаба уюшмалари Федерациясининг Портали[:ru]Портал Федерации Профсоюзов Узбекистана[:oz]Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Portali[:uzl]Oʼzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Portali[:]

05.12.2025. O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Toshkent viloyati Kengashi hamda Toshkent viloyati Kasbiy ta’lim boshqarmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi qabul qilinganligining 33 yilligi munosabati bilan Oqqo‘rg‘on tumanidagi Kasbiy ko‘nikmalar markazida “Konstitusiya – huquq va erkinligimiz kafolati” mavzusida “Rahbar va yoshlar uchrashuvi” tashkil etildi.

Uchrashuvda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Toshkent viloyati Kengashi raisi S.Fayzieva, Toshkent viloyati Kasbiy ta’lim boshqarmasi boshlig‘i N.Kulbekova, Oqqo‘rg‘on tumani Adliya bo‘limi yuridik xizmat ko‘rsatish markazi boshlig‘i B.Mavlanov Toshkent viloyatidagi kasbiy ta’lim muassasalarining o‘quvchi yoshlari ishtirok etdilar.

Uchrashuvni S.Fayzieva kirish so‘zi bilan ochib, Konstitusiyaning qabul qilinishi, unda xalqimizning orzu-istaklarining aks ettirilgani, kasaba uyushmalarining faoliyati, yoshlarning intellektual, ijodiy, jismoniy va axloqiy jihatdan shakllanishi uchun sharoitlar yaratib berish Konstitusiya bilan mustahkamlab qo‘yilgani to‘g‘risida ma’lumot berdi.

Shuningdek, o‘quvchi yoshlarga kasaba uyushmalarining yoshlar bilan ishlash yo‘nalishidagi faoliyati, Yoshlar birlashmasi tomonidan yo‘lga qo‘yilgan loyihalar, tashkilotlardagi yosh ishchi-xodimlarni qo‘llab-quvvatlashda kasaba uyushmalari tomonidan amalga oshiriladigan vazifalar bo‘yicha tushuncha berildi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining mazmun-mohiyati, unda inson huquq va erkinliklarining ta’minlangani, yoshlarning Konstitusiya bilan ta’minlangan ta’lim olish, mehnat qilish, ilm-fan bilan shug‘ullanishga oid huquqlari to‘g‘risida so‘z yuritildi.

Uchrashuv ochiq muloqot shaklida o‘tkazilib, unda yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollar hamda takliflar yuzasidan rahbarlarga murojaat etdilar.

Savollarga mas’ullar tomonidan atroflicha javob berildi. Bildirilgan takliflar ma’qullanib, ular yuzasidan alohida chora-tadbirlar amalga oshirilishi belgilandi.

Tadbir yakunida bir guruh faol va iqtidorli yoshlar tashkilotchilar tomonidan tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.