[:uz]Ўзбекистон касаба уюшмалари Федерациясининг Портали[:ru]Портал Федерации Профсоюзов Узбекистана[:oz]Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Portali[:uzl]Oʼzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Portali[:]

12.02.2026. Xorazm viloyati hokimligida “Ayollar daftari”ning yettinchi bosqichini muvaffaqiyatli amalga oshirishga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishni Xorazm viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari Anvar Davletov hamda “Ayollar daftari” bo‘yicha Xorazm viloyati shtabi rahbari, Temiryo‘lchilar va transport quruvchilari kasaba uyushmasi Respublika kengashi raisi Qutlimurat Sabirov olib bordi.

Yig‘ilishda “Ayollar daftari” ijrosi bo‘yicha mas’ul tashkilotlar rahbarlari, kasaba uyushmalaridan biriktirilgan mas’ullar, shuningdek, videoselektor aloqasi orqali tuman studiyalarida shahar va tuman hokimlari, mazkur tizim ijrosiga mas’ul tashkilotlar rahbarlari, oila va xotin-qizlar bo‘limlari, mahalla uyushmasi tuman bo‘limlari mas’ullari hamda “mahalla yettiligi” vakillari ishtirok etdi.

Mazkur tashabbus O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, bandligini ta’minlash hamda jamiyatdagi faolligini oshirishga qaratilgan izchil islohotlarning amaliy ifodasidir. Shu kungacha “Ayollar daftari” tizimining olti bosqichi samarali amalga oshirilib, millionlab xotin-qizlarning muammolari o‘rganildi va ularga manzilli yordam ko‘rsatildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti o‘tgan yil 17 oktyabr’ kuni kasaba uyushmalari faollari va faxriylari bilan uchrashuvda xotin-qizlarning faol ijtimoiy qatlam sifatida shakllanishida “Kasaba uyushmalari – ayollar manfaati yo‘lida” shiori asosida yangi tizimni yo‘lga qo‘yish taklifini ilgari surgan edi. Shu asosda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi hamda Mahalla uyushmasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolangan. Uning asosiy maqsadi – “Ayollar daftari” tizimining yangi bosqichida ehtiyojmand va ishsiz xotin-qizlar bandligini ta’minlash, tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish va ularni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlarini amalga oshirishdan iborat.

Shuningdek, joriy yil 7 fevral’ kuni O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasida Respublika komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Vazirlar Mahkamasining yangi qarori hamda “Ayollar daftari”ning yangi tahrirdagi Nizomi loyihasiga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar muhokama qilindi.

Shtab rahbari “Ayollar daftari”ning yettinchi bosqichida Xorazm viloyatida amalga oshiriladigan chora-tadbirlar haqida atroflicha to‘xtaldi.

Endilikda “Ayollar daftari”ga kiritiladigan xotin-qizlar toifalari yanada takomillashtirilib, ularni beshta toifa bo‘yicha ro‘yxatga olish ko‘zda tutilmoqda:

Birinchi toifaga bandligi ta’minlanmagan, ishlash istagida bo‘lgan va doimiy daromad manbaiga ega bo‘lmagan ehtiyojmand xotin-qizlar kiritiladi.

Ikkinchi toifaga bandligi ta’minlanmagan va tadbirkorlik qilish istagida bo‘lgan ehtiyojmand ayollar, shuningdek, tadbirkorlikni boshlagan yoki o‘zini-o‘zi band qilgan xotin-qizlar kiritiladi. Ularga imtiyozli kreditlar ajratiladi.

Uchinchi toifaga uy-joyi ta’mirlashga muhtoj, turar joyi mavjud bo‘lmagan yoki uy-joy sharoiti ijtimoiy normadan kam bo‘lgan xotin-qizlar kiritiladi. Ularga ijara to‘lovini kompensasiya qilish yoki moliyaviy imkoniyatdan kelib chiqib uy-joy bilan ta’minlash choralari ko‘riladi.

To‘rtinchi toifaga ruhiy holatini yaxshilashga, shuningdek, “Ijtimoiy reestr” axborot tizimiga kiritilgan oila a’zolarini davolash yoki jarrohlik amaliyotini o‘tkazishga muhtoj xotin-qizlar kiritiladi.

Beshinchi toifaga huquq va qonuniy manfaatlari buzilgan, ajrim, sud, aliment va boshqa masalalar yuzasidan maslahat va amaliy yordamga muhtoj xotin-qizlar kiritiladi.

“Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarga ko‘rsatiladigan amaliy yordam jarayonida ularning doimiy daromad manbaiga ega bo‘lishi, sog‘lig‘ini tiklashi, ruhiy holatini yaxshilashi va huquqlarining tiklanishiga alohida e’tibor qaratiladi. Asosiy maqsad – bir martalik yordam emas, balki barqaror daromad manbai yaratish va kambag‘allikdan chiqishga ko‘maklashishdir.

Yig‘ilishda barcha mas’ullardan yakdillik bilan ish olib borish talab etildi. “Ayollar daftari” tizimi doirasida belgilangan vazifalar ijrosini samarali tashkil etish, manzilli yordam ko‘lamini kengaytirish hamda idoralararo hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilinib, tegishli topshiriq va tavsiyalar berildi.