23.05.2026. O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasida Xotin-qizlarni ijtimoiy-iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Respublika komissiyasining kengaytirilgan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Uni O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi, Xotin-qizlarni ijtimoiy-iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Respublika komissiyasi raisi Qudratilla Rafikov olib bordi.
Videoselektor yig‘ilishida Markaziy studiyadan O‘zbekiston Respubltkasi Oliy Majlisi Senati rais Tanzila Norboeva, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ijtimoiy himoya masalalari bo‘yicha maslahatchisi – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori Mansurbek Olloyorov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova, O‘zbekiston mahallalar uyushmasi, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, tegishli vazirliklar, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi va tarmoq kasaba uyushmalari Respublika kengashlari mutasaddilari, hududiy studiyalardan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisining va viloyatlar hokimlarining iqtisodiy masalalar bo‘yicha birinchi o‘rinbosarlari, Respublika komissiyasiga a’zo tashkilotlarning hududiy boshqarmalari boshliqlari, Federatsiyaning hududiy kengashlari raislari va mas’ul xodimlari, tuman (shahar) hokimlari va ularning iqtisodiy masalalar bo‘yicha birinchi o‘rinbosarlari hamda oila va xotin-qizlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari, tijorat banklarining tuman (shahar) filiallari rahbarlari, barcha mahalla raislari va xotin-qizlar faollari ishtirok etdilar.
Kengaytirilgan videoselektor yig‘ilishida muhtaram Prezidentimiz tashabbuslari bilan amalda tatbiq etilgan noyob tizim – “Ayollar daftari” tizimining 7-bosqichida xotin-qizlarga yangi turdagi amaliy yordamlarni ko‘rsatish masalalari muhokama etildi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, 2021 yildan beri muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tashabbuslari bilan joriy etilgan “Ayollar daftari” tizimining 6 ta bosqichi orqali shu paytgacha Respublika bo‘yicha jami 4 mln 538 ming nafardan ziyod ehtiyojmand xotin-qizlarga amaliy yordamlar berildi. Birgina 2025 yil davomida Ayollar daftari” tizimining 6-bosqichida jami 1 mln 22 ming nafarga yaqin xotin-qizga ijtimoiy yordamlar ko‘rsatildi.
– Muhtaram Prezidentimiz 2025 yil 17 oktyabr’ kuni kasaba uyushmalari faollari va faxriylari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda “Ayollar daftari” tizimini yanada takomillashtirib, u orqali uy-joy va yashash sharoitini yaxshilashga, tibbiy va psixologik yordamga muhtoj, tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan, huquqiy yordamga muhtoj ayollarga ham amaliy yordam berish bo‘yicha topshiriq began edilar, – deya ta’kidladi jumladan O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi, Xotin-qizlarni ijtimoiy-iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Respublika komissiyasi raisi Qudratilla Rafikov. – Ushbu topshiriqqa asosan “Ayollar daftari”ning yangi tahrirdagi Nizomi loyihasi ishlab chiqildi. Vazirlar Mahkamasining 2026 yil 12 maydagi 239-son qarori bilan mazkur Nizom tasdiqlanib, “Ayollar daftari”ni yuritish tartibiga bir qancha o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Yig‘ilishda ushbu Nizomda nazarda tutilgan asosiy o‘zgarishlar haqida batafsil tushuntirishlar berildi. Xususan, Ayollar daftariga kiritilgan xotin-qizlar toifalari yanada takomillashtirilgani, ko‘rsatiladigan xizmatlar soni 23 tadan 46 taga oshirilgani qayd etildi. Ta’kidlanganidek, 1-toifa – ijtimoiy himoyaga muhtoj ishsiz xotin-qizlar bo‘lib, ushbu toifaga bandligi ta’minlanmagan, ishlash istagida bo‘lgan va daromad manbaiga ega bo‘lmagan ehtiyojmand xotin-qizlar kiritiladi. Ilgari mazkur toifadagi xotin-qizlarga 4 ta yo‘nalishda yordam berilgan bo‘lsa, endilikda 14 ta yo‘nalishdagi yordamlar ko‘rsatiladi. Xotin-qizlarning bandligini ta’minlash, “Vaucher” tizimi va buyurtma asosida kasb-hunarga ega bo‘lmagan ishsiz xotin-qizlarni kasb-hunar, xorijiy til va tadbirkorlikka o‘qitish, Tadbirkorlik sub’ektlariga – har bir kasanachining dastlabki uch oy davomidagi kasanachilik faoliyati uchun bir oylik o‘rtacha daromadi miqdorida to‘lov to‘lash uchun subsidiya ajratish, “Ijtimoiy reestr”ga kiritilgan oila a’zosi bo‘lgan xotin-qizlarga yengil konstruksiyali issiqxonalar o‘rnatish uchun 12 mln 360 ming so‘mgacha, sug‘orish vositalarini xarid qilish uchun 4 mln 120 ming so‘mgacha hamda urug‘liklar va ko‘chatlar sotib olish uchun 1 mln 236 ming so‘mgacha subsidiya ajratish,
Xotin-qizlarga qishloq xo‘jaligi kooperativlari ustav fondiga ulush sifatida kiritishi uchun bazaviy hisoblash miqdorining 10 barobarigacha subsidiya ajratish, “Usta – shogird” an’analari asosida ayollarga hunar o‘rgatayotgan hunarmandlarga shogirdlar tayyorlash, zarur xomashyo sotib olish va shogirdlarni ish haqi bilan ta’minlash xarajatlarini qoplash uchun bazaviy hisoblash miqdorining 5 barobarigacha subsidiya ajratish shulur jumlasidandir. Shuninigdek, Xotin-qizlarga internet saytlarini yaratish, mahsulotlarini jahon elektron savdo maydonchalariga chiqarish va reklama qilish xarajatlarini qoplash, Ishsizlarga olingan bino va inshootning ijara to‘lovini to‘lash, Xotin-qizlarni ish o‘rinlarining belgilangan eng kam sonidan ortiq miqdorda ishga qabul qilish uchun ham ma’lum miqdorda subsidiyalar ajratiladi.
Bundan tashqari, jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan xotin-qizlarni ishga qabul qilish, tadbirkorlik sub’ektlariga ish o‘rinlari va sharoitlarini nogironligi bo‘lgan xotin-qizlarlarga moslashtirish, bandlik bo‘limlari yo‘llanmasi bo‘yicha ishga qabul qilingan xotin-qizlarni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishga sarflanadigan xarajatlarni qoplash uchun subsidiya ajratish ko‘zda tutilgan.
O‘rta tadbirkorlik sub’ektlarini tashkil etgan ayollarga yangi ish o‘rinlarini yaratish hamda xotin-qizlarning bandligini ta’minlash uchun “Hamroh” kompaniyasi mablag‘lari hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining 4 000 barobarigacha, ya’ni 1 mlrd 648 mln so‘mgacha imtiyozli kredit ajratish, jismoniy shaxslar va nodavlat tashkilotlarga xotin-qizlarning bandligi va ijtimoiy faolligini ta’minlashga qaratilgan ijtimoiy loyihalarni moliyalashtirish uchun bazaviy hisoblash miqdorining 60 barobarigacha, ya’ni 24 mln 720 ming so‘mgacha grant ajratish kabi xizmat turlari ham kiritilgan.
2-toifaga bandligi ta’minlanmagan va tadbirkorlik qilish istagida bo‘lgan ehtiyojmand xotin-qizlar hamda tadbirkorligini yo‘lga qo‘ygan va ushbu faoliyati rivojlanishining dastlabki bosqichlarida turgan tadbirkor yoki o‘zini-o‘zi band qilgan xotin-qizlar kiritiladi va ularga imtiyozli kreditlar beriladi. Ushbu xotin-qizlarga avval 4 turdagi bank kreditlari berilishi ko‘zda tutilgan bo‘lsa, yangi tartibga ko‘ra ularga 9 xildagi kreditlar beriladi. Shuningdek, yuridik shaxs va tadbirkorlik sub’ektlariga davlat mulki ob’ektlarini ijaraga olishlarida amaliy-huquqiy yordam ko‘rsatiladi.
3-toifaga kiritilgan uy-joyi ta’mirlashga muhtoj, biroq oilasining moddiy imkoniyati yetmaydigan ehtiyojmand xotin-qizlarga uy-joylarini ta’mirlash uchun “Ayollar daftari” jamg‘armasidan bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravarigacha mablag‘ ajratiladi. Ushbu toifaga kiritilgan noturar joylarda istiqomat qilayotgan, doimiy yashash uchun turar joyi bo‘lmagan, bir xonadonda uch va undan ortiq oila yashayotgan (uy-joy maydoni belgilangan ijtimoiy normadan kam bo‘lgan, ya’ni bir kishi uchun 16 m2), biroq o‘zining yoki birgalikda yashovchi oila a’zolarining nomida turar joy mavjud bo‘lmagan, xususiy uy-joy fondida ijara huquqi asosida istiqomat qilayotgan xotin-qizlarga esa ijara to‘lovining 50 foizi, biroq ko‘pi bilan 824 ming so‘mgacha (viloyatlar markazlarida ko‘pi bilan 1 mln 236 ming so‘mgacha) ijara kompensasiya to‘lovi to‘lab beriladi. Bundan tashqari, boshlang‘ich badalini to‘lab berish yoki ipoteka kreditining ma’lum foizi uchun subsidiya ajratish orqali arzon uy-joy bilan ta’minlanishi ham mumkin.
4-toifa – tibbiy va psixologik yordamga muhtoj xotin-qizlar toifasiga ruhiy holatini yaxshilashga yoki Ijtimoiy reestrga kiritilgan oila a’zolarini jarrohlik amaliyotisiz davolash va jarrohlik amaliyotini o‘tkazishga muhtoj ehtiyojmand xotin-qizlar kiritiladi. Ularga davolanish uchun davlat byudjeti hisobidan order (yo‘llanma) berish, jarrohlik amaliyotisiz davolanish uchun “Ayollar daftari” jamg‘armasidan – bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravarigacha mablag‘ ajratish, jarrohlik amaliyotini o‘tkazish uchun – Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi tomonidan hisoblanadigan narxlar doirasida xotin-qizlarning jarrohlik amaliyoti xarajatlarini qoplash, tibbiy yordam ko‘rsatish zarurati bo‘lganda, belgilangan tartibda tegishli birlamchi tibbiy sanitariya muassasasi tomonidan stasionar yoki ambulator davolanish, davlat byudjeti hisobidan xotin-qizlar va ularning voyaga yetmagan (qaramog‘ida I guruh nogironligi bo‘lgan farzandlarining yoshidan qat’iy nazar) farzandlarini viloyat yoki respublika darajasidagi tibbiy muassasalarda davolash, malakali psixologlar tomonidan xotin-qizlarning ruhiy holatini yaxshilash bo‘yicha seminarlar tashkil etish kabi 6 ta yo‘nalishda asosiy yordamlar ko‘rsatiladi.
5-toifaga huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilgan, ajrim, yarashtiruv, sud, aliment va boshqa shu kabi masalalarda maslahat va amaliy yordam ko‘rsatishga muhtoj ehtiyojmand xotin-qizlar kiritiladi. Ularga 7 ta yo‘nalishdagi asosiy yordamlar ko‘rsatiladi. Xususan, ular uchun huquqiy mavzularda malakali huquqshunoslar tomonidan seminarlar o‘tkaziladi, xotin-qizlarga va ularning farzandlariga tug‘ilganlik haqida guvohnoma yoki fuqarolik pasportini (ID-karta) olishda davlat bojlari to‘lab beriladi, sudlarga da’vo arizalari kiritilishida ko‘maklashiladi va belgilangan davlat bojlari to‘lab beriladi. Shuningdek, huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilgan xotin-qizlarga sudga murojaat qilish tartibi tushuntirilib, murojaat qilish uchun kerak bo‘ladigan hujjatlarni rasmiylashtirishga ko‘maklashiladi, tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarni himoya qilish, takroriy zo‘ravonlik sodir etilishining oldini olish va zo‘ravonlik sodir etgan shaxsga nisbatan chora ko‘rish bilan birga himoya orderi ajratiladi va uning ijrosi nazorat qilinadi, aliment to‘lovlarini undirish masalalari bo‘yicha huquqiy yordam beriladi va xotin-qizlarga birlamchi yuridik yordam ko‘rsatish mutlaqo bepul bo‘ladi.
Yig‘ilishda yangi tahrirdagi “Ayollar daftari” nizomida yana 6 ta turdagi qo‘shimcha yordamlar nazarda tutilgani, ushbu yordamlar toifasidan qat’iy nazar “Ayollar daftari”ga kiritilgan barcha xotin-qizlarga ko‘rsatilishi mumkinligi tushuntirib o‘tildi. Qayd etilganidek, yangi tahrirdagi “Ayollar daftari” nizomining asosiy maqsadi ehtiyojmand xotin-qizlarga shunchaki bir marta yordam berish emas, balki ularning doimiy daromad manbaiga ega bo‘lishi va kambag‘allikdan xalos bo‘lishiga ko‘maklashishdan iboratdir.
Kengaytirilgan videoselektor yig‘ilishida “Ayollar daftari” tizimini yuritishning yangi tartibi qadamma-qadam tushuntirib berildi.
Xususan, hududlarda Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i har oy yakunida amalga oshirilgan ishlarni tegishli tashkilotlar rahbarlari va “mahalla yettiligi” bilan birgalikda tahlil qilib borishi, muammolar vujudga keladigan bo‘lsa, ularni bartaraf etish choralarini ko‘rishi, har chorak yakunida tegishli xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlariga axborot berib borishi ta’kidlab o‘tildi. Ehtiyojmand ayollarning muammolari to‘liq hal etilgandan keyin, har yili dekabr’ oyida oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘ining “Mahalla yettiligi” bilan kelishilgan holda kiritilgan taklifiga muvofiq Xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlari qarori asosida xotin-qizlar “Ayollar daftari”dan chiqarilishi qayd etildi.
Ta’kidlanganidek, fevral’ oyida o‘tkazilgan xatlov yakunlariga ko‘ra 1 mln 26 ming nafar extiyojmand xotin-qizlar aniqlanib, ro‘yxatlari shakllantirilgan. Oldinda turgan asosiy vazifa – “Ayollar daftari”ning 7-bosqichiga kiritilgan ehtiyojmand xotin-qizlarga yangi Nizomga muvofiq tegishli amaliy yordamlarni ko‘rsatib, ularning muammolarini hal etishdir.
Buning uchun O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan har bir viloyat, tuman va shaharga bir nafardan mutasaddilar hamda har 10 ta mahallaga bir nafardan kasaba uyushmasi xodimi, jami 1 ming 125 nafar mas’ul biriktirildi. Shu bilan birga, joylarda “mahalla – tuman (shahar) – viloyat” darajasida shtablar tashkil etilgan.
“Ayollar daftari” tizimidagi vazifalarning samarali ijrosini ta’minlashda xotin-qizlarning doimiy ravishda oilasiga daromad kelib turishini ta’minlash choralarini ko‘rish, tadbirkorlik qilish istagida bo‘lgan hamda tadbirkorligini rivojlantirayotgan xotin-qizlarga tadbirkorlik ko‘nikmalarini o‘rgatish hamda kredit olgandan so‘ng ularni oyoqqa turguncha qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, kichik tadbirkorlik sub’ektiga ega xotin-qizlarning faoliyatini yanada kengaytirishga ko‘maklashish masalalariga alohida e’tibor qaratilishi zarurligi qayd etildi. Tuman (shahar)lar hokimlari amaliy yordam berish ishlarida tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirib, kamchiliklarni joyida bartaraf etib borishlari, kasaba uyushmalaridan hududlarga biriktirilgan mas’ullar yordamlarning haqqoniyligini joylarga chiqqan holda o‘rganishi ta’kidlab o‘tildi.
Muhtaram Prezidentimizning 2025 yil 14 martdagi 103-sonli qaroriga muvofiq har yili Toshkent viloyatidagi dam olish maskanlarida “Ayollar daftari”ga kiritilgan 50 ming nafar ehtiyojmand xotin-qizlar uchun psixologik yordam ko‘rsatish va tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘rgatish bo‘yicha motivasion seminarlar tashkil etib borilishi ham alohida ta’kidlandi.
Videoselektor yig‘ilishida belgilab berilgan vazifalarni yuqori saviyada amalga oshirishni ta’minlash borasida markaziy va hududiy studiyalardan ishtirok etgan mutasaddi va mas’ullar ham o‘z taklif va mulohazalarini bildirdilar.
Yig‘ilish yakunida Prezidentimiz tashabbuslari bilan amalga kiritilgan “Ayollar daftari” tizimi doirasida amalga oshirilayotgan ezgu ishlar millionlab opa-singillarimiz va ularning oilalari turmush sharoitlarini yanada yaxshilash, ularning hayotiga yorug‘lik va rozilik olib kirishga qaratilgani, buning uchun barcha mas’ullar bor imkoniyatlarni ishga solishi va yakdillik bilan ish olib borishi zarurligi ta’kidlandi. Bu yo‘lda barcha mutasaddi tashkilotlarni xalqimizni rozi qilishdek ulkan mas’uliyat birlashtirib turgani qayd etildi.
Muhabbat O‘rmonbekova
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Matbuot xizmati rahbari
![[:uz]Ўзбекистон касаба уюшмалари Федерациясининг Портали[:ru]Портал Федерации Профсоюзов Узбекистана[:oz]Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Portali[:uzl]Oʼzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Portali[:]](https://kasaba.uz/wp-content/uploads/2024/04/cropped-ohirgi-logo_kasaba_v13-removebg-preview.png)



O'zbekcha
Русский