[:uz]Ўзбекистон касаба уюшмалари Федерациясининг Портали[:ru]Портал Федерации Профсоюзов Узбекистана[:oz]Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Portali[:uzl]Oʼzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Portali[:]
35 yil

10.09.2026. O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi bilan Moldova kasaba uyushmalari milliy Konfederatsiyasi o‘rtasidagi hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarildi. Joriy yilning 5 sentyabr’ kuni Kishinyov shahrida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi Qudratilla Rafikov hamda Moldova kasaba uyushmalari milliy Konfederatsiyasi raisi, Xalqaro kasaba uyushmalari Konfederatsiyasining umumevropa mintaqaviy kengashi prezidenti Igor’ Zubku 2026-2031 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni imzoladilar.

Ushbu bitim xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlari va mehnat sohasidagi huquqlarini himoya qilish, jamoaviy muzokaralar hamda mehnat muhofazasi sohasida tajriba almashish va ikki mamlakat kasaba uyushmalari o‘rtasida bevosita aloqalarni rivojlantirishni nazarda tutadi. Hujjatda tarmoq va hududiy tashkilotlar o‘rtasidagi aloqalarni faollashtirish, qo‘shma konferensiyalar, seminarlar va davra suhbatlari o‘tkazish, o‘quv dasturlari hamda loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan. Yoshlar va xotin-qizlar bilan ishlash, shuningdek, ikki mamlakat kasaba uyushmalari tuzilmalari o‘rtasidagi kasbiy aloqalarni kengaytirishga alohida e’tibor qaratilgan.

Muzokaralarda kelgusidagi qo‘shma loyihalar muhokamasidan tashqari mehnat bozorida kechayotgan o‘zgarishlar, milliy kasaba uyushmalari oldida turgan yangi vazifalar va muammolar, bugungi kasaba uyushmalari harakatining ustuvor yo‘nalishlari yuzasidan fikr almashildi. O‘zbekiston delegasiyasi Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlar, ijtimoiy va mehnat sohalaridagi o‘zgarishlar, xodimlar manfaatini himoya qilishda kasaba uyushmalarining o‘rni haqida ma’lumot berdi.

Uchrashuvda xalq diplomatiyasining ahamiyatiga ham alohida urg‘u berildi. Zero, rasmiy kelishuvlar odamlar o‘rtasidagi bevosita muloqot bilan mustahkamlangandagina ularning amaliy samarasi to‘laroq namoyon bo‘ladi. Madaniy va sport loyihalari, sayyohlik tashabbuslari, shuningdek, mehnat jamoalari, yoshlar, mutaxassislar hamda jamoat tashkilotlari o‘rtasidagi aloqalar o‘zaro ishonchni kuchaytiradi, davlatlararo munosabatlarga samimiyat bag‘ishlaydi.

Bunday sheriklik har ikki mamlakat kasaba uyushmalari uchun amaliy ahamiyatga ega. Vaholanki, bugungi kunda ular mehnat sharoitlarini yaxshilash, ijtimoiy himoyani kuchaytirish, bandlikni ta’minlash, jamoaviy muzokaralarni rivojlantirish va yosh kadrlarni tayyorlash kabi yo‘nalishlarda o‘xshash maqsad va vazifalarni amalga oshiryapti. Zero, samarali yechimlar va sinovdan o‘tgan tajribalar bilan o‘rtoqlashish esa har bir mamlakatning milliy sharoiti va ehtiyojlariga moslashtirib qo‘llash imkonini beradi.

Tabiiyki, imzolangan bitim amaliy natijalarda aks etishi kerak. 2026-2031 yillarda bu natijalar qo‘shma loyihalar, mutaxassislar almashinuvi, ta’lim dasturlari hamda kasaba uyushmalari a’zolari va mehnat jamoalariga aniq naf keltiradigan boshqa tashabbuslarda o‘z ifodasini topishi kutilyapti.

Uchrashuv yakunida ikki milliy kasaba uyushma markazi rahbarlariga xalqaro kasaba uyushmalari hamkorligini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun mukofotlar topshirildi.

Kishinyovdagi uchrashuv nafaqat O‘zbekiston va Moldova kasaba uyushmalarini, balki ikki mamlakat ishchi-xodimlarining umumiy manfaatlarini ham yaqinlashtirdi. Chunki munosib mehnat, adolatli munosabat va himoyalangan huquq har bir inson uchun birdek qadrli.