24.09.2026. Qariyb 18 milliard dollarlik tovar ayirboshlash, O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan 6 mingdan ziyod qo‘shma korxona, o‘nlab milliard dollarlik investisiya loyihalari…
Ushbu raqamlar O‘zbekiston – Xitoy munosabatlarining bugungi ulkan ko‘lamidan darak beradi. Tabiiyki, har qanday yirik loyiha va iqtisodiy ko‘rsatkich ortida insonlar mehnati turadi. Demak, hamkorlik kengaygani sayin mehnatkashlar manfaatlarini himoya qilish, ular uchun munosib mehnat sharoitlarini ta’miinlash masalalari ham dolzarb ahamiyat kasb etib boraveradi.
23 sentyabr’ kuni Pekindaa O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi, Senator Qudratilla Rafikov hamda Butunxitoy kasaba uyushmalari Fedaratsiyasi raisi Van Dunmin o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuv chog‘ida ana shunday muhim masalalar muhokama qilindi.
Van Dunmin ayni paytda Butunxitoy xalq vakillari kengashi Doimiy qo‘mitasi raisi o‘rinbosari lavozimida ham faoliyat yuritadi. U rahbarlik qilayotgan Butunxitoy kasaba uyushmalari Federatsiyasi 1925 yilda tashkil etilgan bo‘lib, mamlakatdagi hududiy va tarmoq kasaba uyushmalari faoliyatini muvofiqlashtiradi, mehnatkashlar huquq va manfaatlarini ifoda etadi.
Uchrashuv chog‘ida Van Dunmin Xitoyning bugungi iqtisodiy taraqqiyoti, mamlakatda yangi – o‘n beshinchi besh yillik rejani amalga oshirish borasida olib borilayotgan ishlar xususida so‘z yuritdi. U O‘zbekiston kasaba uyushmalari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni kengaytirishga, amaliy hamkorlikni yanada kuchaytirishga, mehnat jamoalari va kasaba uyushmalari vakillari o‘rtasidagi almashinuvlarni rag‘batlantirishga tayyor ekanini bildirdi.
Xitoy tomoni Markaziy Osiyo mamlakatlari kasaba uyushmalari bilan aloqalarni rivojlantirishga ham alohida qiziqisho‘ bildirmoqda. Bu esa ikki tomonlama munosabatlarning kelgusida yanada keng mintaqaviy mazmun kasb etishidan dalolat beradi.
Qudratilla Rafikov o‘z nutqida O‘zbekiston – Xitoy munosabatlarining bugungi yuksak darajasida ikki davlat rahbarlarining siyosiy irodasi hal qiluvchi ahamiyat kasb etayotganini alohida ta’kidladi.
“Bugun davlatimiz rahbarlari, yaqin do‘stlar – hurmatli Prezident Shavkat Mirziyoev va hurmatli Rais Si Szin’pinning mushtarak siyosiy irodasi tufayli O‘zbekiston – Xitoy hamkorligi o‘z tarixining eng yuksak davrini boshdan kechirmoqda”, dedi Qudratilla Rafikov.
U shu yil 31 avgust kuni Bishkek shahrida O‘zbekiston va Xitoy rahbarlari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muzokaralarni ham alohida qayd etdi. Ushbu muloqot chog‘ida davlat rahbarlari har qanday sharoitda ham mustahkam, har tomonlama strategik sheriklikni yanada kengaytirishga intilishini tasdiqlagan edi.
“Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szin’pin Xitoy O‘zbekiston bilan do‘stlik va hamkorlikning yangi “oltin o‘n yilligini boshlashga tayyor ekanini alohida ta’kidladi”, dedi Qudratilla Rafikov.
Ikki mamlakat o‘rtasida iqtisodiy aloqalar kengaygani sari kasaba uyushmalari oldidagi vazifalar ko‘lami ham ortib bormoqda. Bugun amaldagi qo‘shma investisiya loyihalari portfeli qariyb 60 milliard dollarga baholanmoqda. Sanoat, energetika, transport, qishloq xo‘jaligi, yuqori texnologiyalarsingari hamkorlik qamrovi ham yildan-yilga kengaymoqda.
Bu jarayonda har bir yangi korxona, har bir yirik ishlab chiqarish maydoni yangi ish o‘rinlari, yangi mehnat jamoalari va tabiiyki mehnat muosabatlariga doir yangi vazifalarni yuzaga keltiradi. Shu ma’noda kasaba uyushmalari o‘rtasidagi muloqot iqtisodiy hamkorlikning ijtimoiy tayanchlaridan biriga aylanmoqda.
Ikki davlat kasaba uyushmalari o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli munosabatlar ancha avval boshlangan. 2024 yil oktyabr’ oyida Xitoy kasaba uyushmalari delegasiyasi Toshkentga tashrif buyurgan, muzokaralar yakunida hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum imzolangan edi.
Pekindagi uchrashuv esa O‘zbekiston kasaba uyushmalari delegasiyasining Xitoyga ilk rasmiy tashrifi sifatida ham ahamiyatli bo‘ldi.
“O‘zbekiston kasaba uyushmalari uchun Buitunxitoy kasaba uyushmalari Federatsiyasi – ishonchli hamkor va vaqt sinovidan o‘tgan do‘st. Bizni mushtarak maqsadlar hamda mehnatkashlar oldidagi umumiy mas’uliyat birlashtirib turadi”, deya ta’kidladi Qudratilla Rafikov.
Federatsiya raisi O‘zbekiston tomoni hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha xitoylik hamkasblariga beshta taklif bildirganini ma’lum qildi. “Ularning ikkitasi bo‘yicha ishlar allaqachon boshlanganidan mamnunmiz”, dedi u.
Kelgusidagi hamkorlikda tajriba almashish, kasaba uyushmalari faoliyatidagi zamonaviy yondashuvlarni o‘rganish, gumanitar aloqalarni kengaytirish kabi yo‘nalishlarga ustuvorahamiyat berish ko‘zda tutilmoqda. O‘zbekiston tomoni Xitoy kasaba uyushmalarining amaliy tajribasini o‘rganish va samarali mexanizmlarni milliy amaliyotga moslashtirishdan manfaatdor ekanini bildirdi.
O‘zbekiston delegasiyasi tashrif dasturi doirasida Sian’ shahridagi Mehnat ilg‘orlari muzeyi, mashinasozlik zavodi hamda “Xitoy – Yevropa” poezdlari tarkibini shakllantirish markazida bo‘ldi.
Mazkur tanishuv chog‘ida, ayniqsa, Xitoyda mehnat kishisiga bo‘lgan munosabat delegasiya a’zolari e’tiborini tortdi.
“Biz Xitoyda mehnat ahliga ko‘rsatilayotgan yuksak hurmatni yana bir bor his etdik. Bugungi qudratli va zamonaviy Xitoy ana shu insonlar bilimi, mahorati va fidokorona mehnati bilan barpo etilmoqda”, dedi Qudratilla Rafikov.
Darhaqiqat, zamonaviy iqtisodiyot avvalo inson kapitali, kasb mahorativa mehnatga munosabat bilan barpo bo‘ladi. Xitoy tajribasida ishchi va mutaxassisarning mehnatini e’tirof etish, ularning yutuqlarini keng targ‘ib qilish alohida o‘rin tutadi.
Muzokaralarda Xitoyning kambag‘allikni qisqartirish borasidagi tajribasi ham muhim mavzulardan biriga aylandi.
Qudratilla Rafikov bu borada O‘zbekistonda so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlarga to‘xtaldi. “Hurmatli Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan Yangi O‘zbekistonda kambag‘allik muammosi ochiq tan olindiva uni qisqartirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi”, dedi u.
Ushbu jarayonda kasaba uyushmalari faollari ham keng ishtirok etmoqda. Shu nuqtai nazardan Xitoy tajribasi aholini qo‘llab-quvvatlash, bandlikni ta’minlash, daroamd manbalarini kengaytirish borasida samara bergan yondashuvlarni tahlil qilish imkonini beradi.
Muloqot davomida Butunxitoy kasaba uyushmalari Federatsiyasi Markaziy Osiyo mamlakatlari kasaba uyushmalari bilan ham hamkorlikni rivojlantirish istagini bildirdi. Bu yondashuv mintaqada mehnat munosabatlari, ijtimoiy himoya va kasaba uyushmalari faoliyati bo‘yicha tajriba almashish uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochishi mumkin.
Qudratilla Rafikov Si Szi n’pin tomonidan ilgari surilgan “Bir makon – bir yo‘l” tashabbusining mamlakatlar o‘rtasidagi iqtisodiy, transport va gumanitar aloqalarni kengaytirishdagi ahamiyatiga ham to‘xtaldi. Zero, yirik infratuzilma va investisiya loyihalari ko‘payishi barobarida ularda ishtirok etayotgan mehnatkashlarning huquq va manfaatlarini ta’minlash masalasi ham tobora muhimroq ahamiyat kasb etib boradi.
Uchrashuv yakunida Qudratilla Rafikov Van Dunminni O‘zbekistonga taklif qildi.
Pekindagi uchrashuv bilan muloqotning yana bir muhim sahifasi ochildi. Olidnda esa bildirilgan takliflarni hayotga tatbiq etish, o‘zaro tajribani boyitish va mehnatkashlar manfaati yo‘lida birgalikda ishlash vazifasi turibdi. Chunki oddiy odamlar o‘z mehnati qadrlanayotganini his etsa, uning huquqi va manfaati ishonchli himoya qilinsa¸hamkorlikning samarasi ham hayotda o‘z aksini topadi.
![[:uz]Ўзбекистон касаба уюшмалари Федерациясининг Портали[:ru]Портал Федерации Профсоюзов Узбекистана[:oz]Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Portali[:uzl]Oʼzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Portali[:]](https://kasaba.uz/wp-content/uploads/2024/04/cropped-ohirgi-logo_kasaba_v13-removebg-preview.png)



O'zbekcha
Русский