[:uz]Ўзбекистон касаба уюшмалари Федерациясининг Портали[:ru]Портал Федерации Профсоюзов Узбекистана[:oz]Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Portali[:uzl]Oʼzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Portali[:]
35 yil

02.10.2026. 1 oktyabr’ — O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan yurtimizdagi ta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan fidoyi ustozlarga yuksak ehtirom ko‘rsatilmoqda.

Ana shunday ezgu tadbirlar O‘zbekiston kimyo va farmasevtika sanoati xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi tomonidan ham tarmoq tizimidagi ta’lim muassasalarida keng nishonlandi.

Xususan, Toshkent kimyo-texnologiya instituti va institut akademik liseyi, D.Mendeleev nomidagi Rossiya kimyo-texnologiya universitetining Toshkent shahridagi filiali, M.Auezov nomidagi Janubiy Qozog‘iston universitetining Chirchiq shahridagi filiali, Angren shahar 4-son texnikumi kabi ta’lim muassasalarida yosh avlodga puxta bilim va munosib tarbiya berib kelayotgan faol, tashabbuskor o‘qituvchi va murabbiylar munosib taqdirlandilar.

Tadbirlar doirasida o‘zining samarali mehnati, kasbiga sadoqati va yoshlar ta’lim-tarbiyasiga qo‘shayotgan munosib hissasi bilan alohida ajralib turgan pedagoglarga O‘zbekiston kimyo va farmasevtika sanoati xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi faxriy yorliqlari va esdalik sovg‘alari topshirildi. Ta’lim muassasalari rahbarlariga esa kasaba uyushmalari bilan samarali va yaqin hamkorlik qilib kelayotganliklari uchun tashakkurnomalar taqdim etildi.

Taqdirlash marosimlarida ustozlik kasbining sharafi va mas’uliyati haqida so‘z yuritilib, o‘qituvchilarning mashaqqatli, ammo sharafli mehnati alohida e’tirof etildi. Zero, bugun ta’lim dargohlarida saboq olayotgan yoshlar — ertangi kunning mutaxassislari, olimlari, muhandislari va jamiyat taraqqiyotini ta’minlaydigan salohiyatli kadrlaridir. Ularni bilimli, vatanparvar, mustaqil fikrlaydigan va zamonaviy tafakkurga ega insonlar etib tarbiyalashda ustozlarning hissasi beqiyos.

Ayniqsa, kimyo va farmasevtika kabi sohalar uchun malakali kadrlar tayyorlashda ta’lim muassasalarida mehnat qilayotgan professor-o‘qituvchi va murabbiylarning o‘rni alohida ahamiyat kasb etadi. Ularning har bir darsi, har bir maslahati va har bir ezgu tashabbusi yoshlarning kasbiy kamoloti va hayotda o‘z o‘rnini topishiga xizmat qiladi.

Bayram tadbirlariga ko‘tarinki ruh bag‘ishlagan yana bir jihat — o‘quvchi va talabalar tomonidan tayyorlangan badiiy-sahnaviy chiqishlar, musiqiy va bayram dasturlari, ularning ustozlarga bo‘lgan samimiy ehtiromi, dil izhorlari va ijodiy chiqishlari tadbirlarga o‘zgacha fayz bag‘ishladi.

Shavkat Toirov

Kimyo va farmasevtika sanoati xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashining madaniy-ma’rifiy va sport ishlari bo‘yicha yetakchi mutaxassisi