[:uz]Ўзбекистон касаба уюшмалари Федерациясининг Портали[:ru]Портал Федерации Профсоюзов Узбекистана[:oz]Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Portali[:uzl]Oʼzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Portali[:]
35 yil

12.10.2026. O‘zbekiston agrosanoat majmui xodimlari kasaba uyushmasi tizimida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq va imkoniyatlarni yaratish  maqsadida 2030 yilgacha gender tenglikka erishish konsepsiyasi va “Yo‘l xaritasi” tasdiqlandi. Kelgusida amalga oshiriladigan ustuvor vazifalar belgilab olindi. Shuningdek, tarmoq kasaba uyushmasi Respublika kengashi markaziy apparatida kengash raisining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimi joriy etildi.

Ma’lumki, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoatida inson resurslari, shu jumladan, xotin-qizlarning roli yildan-yilga ortib bormoqda. Ushbu jihatlarni hisobga olgan holda Birlashgan Millatlar Tashkilotining 2007 yil 18 dekabrdagi  rezolyusiyasi bilan har yili 15 oktyabr’ Xalqaro qishloq ayollari kuni sifatida nishonlab kelinadi.

Shuningdek, qishloq hududlarida faoliyat yuritayotgan fermer ayollarning oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashdagi mehnatini e’tirof etish va ularni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash uchun BMT Bosh Assambleyasining rezolyusiyasi bilan 2026 yil “Fermer ayollar yili” deb e’lon qilingan.

Mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan fermer xo‘jaliklarining 3 596 tasiga xotin-qizlar rahbarlik qilmoqda. Ular izlanuvchanligi, ilg‘or tajriba va texnologiyalarni qo‘llashi orqali yuqori mehnat samaradorligiga erishmoqda.

Xalqaro qishloq ayollari kuni arafasida, 2026 yil “Fermer ayollar yili” dasturida belgilangan tadbirlar doirasida O‘zbekiston agrosanoat majmui xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi tashabbusi bilan O‘zbekiston fermerlar kengashi va O‘zbekiston agrar soha ayollar uyushmasi hamkorligida “Ibratli ayol fermer” respublika tanlovi o‘tkazildi. Uning tuman bosqichida 763 nafar, hududiy bosqichida esa 164 nafar fermer ayol ishtirok etdi. Hududiy bosqich g‘oliblaridan 13 nafari respublika bosqichiga yo‘llanma oldi. Respublika bosqichi 2026 yil 6–8 oktyabr’ kunlari bo‘lib o‘tdi.

Tanlov yakuniga ko‘ra, Samarqand viloyati, Urgut tumanidagi “Domla Abroriy UMR” fermer xo‘jaligi rahbari Maftuna Berdiqulova 1-o‘rinni egalladi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Kegeyli tumanidagi “Arzu” fermer xo‘jaligi rahbari Palzada Salievaga 2-o‘rin nasib etdi. Qashqadaryo viloyati, Kasbi tumanidagi  “Abdullaev Dilbek Abduqahhorovich” fermer xo‘jaligi rahbari Malika Umirova 3-o‘ringa sazovor bo‘ldi.

Shuningdek, Andijon viloyati, Asaka tumanilik Xayrixon Azizova “Chorvachilik yo‘nalishida eng faol fermer ayol”,  Buxoro viloyati, Peshku tumanilik Sanam Jumaeva “Ko‘p tarmoqli faoliyatni namunali yo‘lga qo‘ygan eng faol fermer ayol”, Jizzax viloyati, Do‘stlik tumanilik Yulduz Xolmatova “Zamonaviy innovasiya va texnologiyalarni qo‘llashda eng faol fermer ayol”, Namangan viloyati, Uychi tumanilik Matlubaxon To‘raboeva “Kasaba uyushmasi bilan hamkorlikda faoliyat yuritayotgan faol fermer ayol”,   Navoiy viloyati, Xatirchi tumanilik Nasiba Qozoqova “Ko‘p yillik samarali mehnatga erishgan fermer ayol”, Sirdaryo viloyati, Xovos tumanilik Yulduz Babakulova “Ibratli eng yosh faol fermer ayol”,  Surxondaryo viloyati, Denov tumanilik Rayhon Qurbonova “Saxovat va ijtimoiy ko‘mak bo‘yicha eng faol fermer ayol”,  Toshkent viloyati, Parkent tumanilik Gavhar Rizaeva “Eng yaxshi eksport salohiyatiga erishgan faol fermer ayol”,  Farg‘ona viloyati, Farg‘ona tumanilik  Nasibaxon Mirzaeva “Agrar sohada yoshlarni qo‘llab-quvvatlovchi eng faol fermer ayol”  va  Xorazm viloyati, Bog‘ot tumanilik Dilorom O‘rinova “Yuqori samaradorlikka erishgan eng faol fermer ayol”  nominasiyalari g‘olibi deb topildi.

Bundan tashqari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Kegeyli tumanidagi “Arzu” fermer xo‘jaligi rahbari  Palzada Salieva, Andijon viloyati, Asaka tumanidagi “Ming o‘rik azizi” fermer xo‘jaligi rahbari Xayrixon Azizova, Buxoro viloyati, Peshku tumanidagi “Malishoyak” fermer xo‘jaligi rahbari Sanam Jumaeva, Qashqadaryo viloyati, Kasbi tumanidagi “Abdullaev Dilbek Abduqahhorovich” fermer xo‘jaligi rahbari Malika Umirova,  Navoiy viloyati, Xatirchi tumanidagi  “Shahboz” fermer xo‘jaligi rahbari Nasiba Qozoqova, Namangan viloyati, Uychi tumanidagi “Matluba farzandlari Shokirbek va Sobirbek” fermer xo‘jaligi rahbari Matlubaxon To‘raboeva, Farg‘ona viloyati, Farg‘ona tumanidagi “Saxovatli ko‘l marvaridi” ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligi rahbari Nasibaxon Mirzaeva hamda Xorazm viloyati, Bog‘ot tumanidagi “Dilso‘z Bekzodbek” fermer xo‘jaligi rahbari Dilorom O‘rinova “Ilg‘or fermer” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.

Ko‘rik-tanlov yakunida g‘oliblar va nominasiyalar sohiblari BMT  Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti tomonidan Toshkent shahrida o‘tkazilayotgan xalqaro va mintaqaviy tadbirlar doirasida Xalqaro qishloq ayollari kuniga bag‘ishlangan “Fermer ayollar: ilm, innovasiya va agrooziq-ovqat tizimlari transformasiyasi” xalqaro forumida ishtirok etishdi.