[:uz]Ўзбекистон касаба уюшмалари Федерациясининг Портали[:ru]Портал Федерации Профсоюзов Узбекистана[:oz]Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Portali[:uzl]Oʼzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Portali[:]
35 yil

26.10.2026. 21 oktyabr — o‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan O‘zbekiston kimyo va farmatsevtika sanoati xodimlari kasaba uyushmasi tizimidagi barcha korxona, tashkilot va ta’lim muassasalarida «Qadring baland bo‘lsin, ona tilim!» shiori ostida madaniy-ma’rifiy tadbirlar va ijodiy tanlovlar o‘tkazildi. Mazkur tadbirlardan ko‘zlangan asosiy maqsad — xodimlar o‘rtasida davlat tiliga bo‘lgan hurmatni oshirish va tilning sofligini saqlashdan iborat.

Bayram haftaligi doirasida tilshunos olimlar va mutaxassislar ishtirokida ona tilimizning tarixiy ildizlari, uning boy imkoniyatlari va bugungi kunda davlat tilini rivojlantirish borasida olib borilayotgan islohotlar yuzasidan «Ona tili — millat ruhi, milliy o‘zlik va ma’naviyat timsoli» mavzusida davra suhbatlari uyushtirildi.

Tarmoq tarkibidagi korxonalar o‘rtasida «Eng yaxshi kitobxon xodim» tanlovlari, «Zakovat» intellektual o‘yinlari o‘tkazildi, shuningdek, umummilliy diktant tashkil etildi.

Joylarda o‘tkazilgan tadbirlar katta sahnalarda davom etib, haqiqiy bayram ruhini his qildirdi. Ijodiy guruhlar tomonidan tayyorlangan sahnaviy chiqishlarda o‘zbek tili yana bir bor e’tirof etildi.

Korxonalarda o‘tkazilgan bayram tadbirlarida tanlovlar g‘oliblari va faol ishtirokchilar tashkilotchilar tomonidan faxriy yorliqlar hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.

Haftalik davomida o‘tkazilgan madaniy-ma’rifiy tadbirlar tarmoq xodimlarining ma’naviy dunyoqarashini boyitishga va davlat tiliga bo‘lgan yuksak ehtiromni yanada mustahkamlashga xizmat qildi.

Shavkat Toirov

Kimyo va farmatsevtika sanoati xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashining madaniy-ma’rifiy va sport ishlari bo‘yicha yetakchi mutaxassisi