[:uz]Ўзбекистон касаба уюшмалари Федерациясининг Портали[:ru]Портал Федерации Профсоюзов Узбекистана[:oz]Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Portali[:uzl]Oʼzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Portali[:]
35 yil

27.10.2026. Joriy yilning 26 oktyabr kuni O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasida Federatsiya vakillari va XMTning “Better Work Uzbekistan” dasturi vakillarining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Unda “Better Work Uzbekistan” dasturining kadrlar siyosati hamda xodimlarni o‘qitish, salohiyatni oshirish uchun mas’ul katta mutaxassisi Minna Maaskola Despre xonim, dasturning milliy koordinatori Aziz Xakberdiyev, Federatsiya apparatining Mehnatni muhofaza qilish bo‘limi mudiri Nodira Gaibnazarova, Mehnatkashlarning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish bo‘limi mudiri o‘rinbosari Ruslan Rahmanov, Xalqaro ishlar bo‘limi bosh mutaxassisi Madina Abdukarimova, Tadbirkorlik, biznes va xizmat ko‘rsatish sohalari xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi Mehnat muhofazasi bo‘yicha bosh mutaxassisi Marat Adilovlar ishtirok etdilar.

Uchrashuvda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan mehnatkashlarning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish, mehnatni muhofaza qilish, Xalqaro mehnat tashkiloti bilan hamkorlik yo‘nalishlarida amalga oshirilayotgan ishlar haqida qisqacha axborot berildi.

Uchrashuv maqsadiga ko‘ra “Better Work Uzbekistan” dasturi vakillari dastur haqida va u tomonidan O‘zbekistonda 2026 yilda amalga oshirilgan ishlar, erishilgan natijalar, yangi jalb qilingan korxonalar haqida taqdimot qilishdi.

Xususan, “Better Work” dasturi O‘zbekistonda 2022 yilda amalga oshirilgan amaliy tadqiqotdan so‘ng 2023 yil iyul oyida ishga tushirilgan. “Better Work” dasturi kiyim-kechak ishlab chiqaruvchi yana 12 ta mamlakatda faoliyat yuritadi va to‘qimachilik, kiyim-kechak va poyabzal sohalarida munosib mehnatni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.

Ma’lumot uchun: “Better Work” dasturi yana 12 ta mamlakatda: Kambodja, Vetnam, Indoneziya, Shri-Lanka, Bangladesh, Pokiston, Misr, Iordaniya, Madagaskar, Efiopiya, Gaiti va Nikaraguada o‘z faoliyatini olib boradi.

XMTning “Better Work” dasturi O‘zbekistonda 2023 yil 30 mayda kelishilgan va imzolangan milliy manfaatdor tomonlar bilan o‘zaro anglashuv memorandumi asosida milliy hamkorlar bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.

Bugungi kunda dasturda O‘zbekistondagi 30 ta to‘qimachilik korxonasi ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, 2026 yilda ushbu korxonalarga 57 marta maslahat tashriflari amalga oshirilgan, 11 ta korxonada o‘rganish ishlari o‘tkazilgan, 2 ta korxona uchun va 1 ta milliy hamkorlar uchun seminar-treninglar tashkil qilingan.

O‘rganishlar mehnat muhofazasi, majburiy mehnat, bolalar mehnati, mehnat va mashg‘ulotlar sohasida kamsitishni taqiqlash, birlashish erkinligi va jamoaviy muzokaralar, ish vaqti, kompensatsiyalar, mehnat shartnomalari yo‘nalishlariga e’tibor qaratilib, xodimlar va ish beruvchilar bilan suhbatlar, korxona bo‘ylab kuzatish va hujjatlarni o‘rganish asosida amalga oshirilgan.

Seminar-treninglar mehnat muhofazasi, gender tenglik, ish joyidagi hamkorlik, shikoyat qilish mexanizmlari, yetakchilik ko‘nikmalari, xalqaro mehnat standartlari, bolalar mehnati, majburiy mehnat, birlashish erkinligi va jamoaviy muzokaralar yo‘nalishlarida tashkil qilingan.

Xususan, 2026 yil 24-26 avgust kunlari “Better Work” va “Paxta yetkazib berish zanjiridagi mehnat sohasidagi fundamental tamoyillar va huquqlar: RISE for Impact – yangi bosqich, yangi qarashlar” loyihasi (INDITEX) hamkorligida xalqaro ekspertlar ishtirokida “Paxta terimi mavsumi oldidan davlat mehnat inspektorlari uchun trening” tashkil qilingan. Mazkur treningda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi vakillari o‘z taklif va mulohazalari bilan ishtirok etgan.

Shuningdek, dastur tomonidan O‘zbekistonga brendlarni jalb qilish bo‘yicha 4 ta xalqaro brend bilan muloqot tashkil etilgan. “Better Work Uzbekistan” dasturi faoliyati bo‘yicha yangiliklar ikkita xalqaro brend tadbirida taqdim etilgan. Yevropalik brendlardan biri bilan mahalliy darajada uchrashuv o‘tkazilgan.

Uchrashuv davomida tomonlar amalga oshirilgan ishlar bilan birga kelgusidagi hamkorlik rejalarini muhokama qildilar.

Xususan, “Better Work Uzbekistan” dasturi tomonidan 2027 yil yanvar oyiga qadar korxonalarga 40 ta maslahat tashrifini, 8 ta korxonada o‘rganishlarni amalga oshirish, shuningdek, mehnat muhofazasi, gender tenglik, ish joyidagi hamkorlik, shikoyat qilish mexanizmi, yetakchilik ko‘nikmalari yo‘nalishlarida korxonalar uchun seminar-treninglar tashkil qilish rejalashtirilgan.

Uchrashuv yakunida “Better Work Uzbekistan” dasturini kelgusi uch yil muddatga uzaytirish yuzasidan xalqaro tashkilotlar, donorlar va Hukumat vakillari bilan muzokaralar olib borilayotganligi ma’lum qilindi.

O‘z o‘rnida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi xalqaro mehnat standartlarini ilgari surish va ularni milliy qonunchilikka implementatsiya qilishda faol ishtirok etayotganligi va bu yo‘nalishda “Better Work Uzbekistan” dasturi bilan hamkorlikni davom ettirishdan manfaatdor ekanligi ma’lum qilindi.

Ruslan Rahmanov

Mehnatkashlarning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish bo‘limi mudiri o‘rinbosari