[:uz]Ўзбекистон касаба уюшмалари Федерациясининг Портали[:ru]Портал Федерации Профсоюзов Узбекистана[:oz]Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Portali[:uzl]Oʼzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Portali[:]
35 yil

30.10.2026. O‘zbekiston kimyo va farmatsevtika sanoati xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashida “Yangi O‘zbekiston – yangi kasaba uyushmalari” shiori ostida “Ochiq eshiklar kuni” o‘tkazildi. Unda Mehnat va ijtimoiy munosabatlar akademiyasining bitiruvchi kurs talabalari ishtirok etib, tarmoq kasaba uyushmasining faoliyati va xodimlarning huquq hamda manfaatlarini himoya qilish borasidagi ishlar bilan tanishdilar.

Tadbir doirasida “Kasaba uyushmalari to‘g‘risidagi qonun va kasaba uyushmalari faoliyati” fani bo‘yicha amaliy mashg‘ulot tashkil etildi. Unda Akademiyaning bitiruvchi kurs talabalari, tarmoq kasaba uyushmasi Respublika Kengashi rahbariyati, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Murojaatlar bilan ishlash sho‘basi boshlig‘i G. Rzayeva hamda Akademiya assistent-o‘qituvchisi Z. Boboqulova ishtirok etdilar.

Mashg‘ulot jarayonida yoshlarga tarmoq kasaba uyushmasining asosiy faoliyat yo‘nalishlari, jumladan, xodimlarning mehnat huquqlari va ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish, mehnat muhofazasini ta’minlash, ijtimoiy sheriklik va xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, madaniy-ma’rifiy hamda sport tadbirlarini tashkil etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi. Shuningdek, tarmoq kasaba uyushmasining o‘ziga xos jihatlari va kundalik ish jarayonlari amaliy misollar asosida yoritildi.

Uchrashuv davomida kasaba uyushmalarining jamiyat hayotidagi o‘rni, mehnat munosabatlarini tartibga solishdagi ishtiroki, a’zolarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish mexanizmlari yuzasidan fikr almashildi. Talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan batafsil javoblar oldilar.

Bunday amaliy uchrashuvlar yoshlarni kasaba uyushmalari tizimi faoliyati bilan yaqindan tanishtirish, ularning ijtimoiy faolligi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, shuningdek, kelgusida ushbu tizimda faoliyat yuritishga bo‘lgan qiziqishlarini oshirishga xizmat qiladi.