13.02.2026. 15 fevral’ — Bolalar saraton kasalligiga qarshi kurashish kuni munosabati bilan O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tashabbusi bilan “Men donorman” xayriya aksiyasi o‘tkazildi.
Federatsiyaning Xorazm viloyati kengashi, tarmoq kasaba uyushmalari faollari va uyushma a’zolari ushbu aksiyada faol ishtirok etdilar.
Viloyat qon quyish markaziga yig‘ilgan ko‘ngillilarni bir maqsad birlashtirdi — og‘ir xastalik bilan kurashayotgan bolajonlarga umid bag‘ishlash. Chunki har bir topshirilgan qon tomchisi kimningdir hayotini saqlab qolishi mumkin.
Tadbir davomida 50 nafardan ortiq kasaba uyushmasi xodimi tibbiy ko‘rikdan o‘tdi. Shifokorlar xulosasiga ko‘ra, ularning 20 nafardan ziyodi donorlikka yaroqli deb topilib, belgilangan tartibda qon topshirdilar.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, kasaba uyushmalari tizimida muntazam donorlik qilayotgan fidoyi insonlar safining kengayib borayotgani jamiyatda saxovat va insonparvarlik ruhi mustahkamlanayotganidan dalolat beradi.
Yig‘ilgan qon preparatlari onkologiya va gematologiya yo‘nalishida davolanayotgan bolalar ehtiyoji uchun yo‘naltiriladi.
Bir tomchi qon — bir umr umid.
![[:uz]Ўзбекистон касаба уюшмалари Федерациясининг Портали[:ru]Портал Федерации Профсоюзов Узбекистана[:oz]Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Portali[:uzl]Oʼzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Portali[:]](https://kasaba.uz/wp-content/uploads/2024/04/cropped-ohirgi-logo_kasaba_v13-removebg-preview.png)



O'zbekcha
Русский