27.04.2026. Toshkent shahrida Markaziy Osiyo mamlakatlari kasaba uyushmalari Kengashining umumiy yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Umumiy yig‘ilishda Markaziy Osiyo mamlakatlari kasaba uyushmalari Kengashiga a’zo bo‘lgan O‘zbekiston, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Mongoliya milliy kasaba uyushmalari markazlari mutasaddilari rahbarligidagi delegasiyalar, shuningdek, Turkmaniston kasaba uyushmalari Milliy markazi delegasiyasi, Xalqaro mehnat tashkilotining mehnatkashlar faoliyati bo‘yicha Byurosi (ACTRAV) Yevropa va Markaziy Osiyo sektori mudiri Sergius Glovaskas, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining hududiy kengashlari hamda tarmoq kasaba uyushmalari Respublika Kengashlari raislari, Federatsiya apparati mas’ul xodimlari, tasarrufdagi tashkilotlar rahbarlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.
Nufuzli anjumanga O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi Qudratilla Rafikov raislik qildi.
Anjumanda ta’kidlanganidek, oxirgi 9 yilda Markaziy Osiyoda ulkan ijobiy o‘zgarishlar ro‘y bermoqda. Mintaqa mamlakatlari o‘rtasida do‘stlik, o‘zaro manfaatlar va ishonch tamoyillariga asoslangan do‘stona qo‘shnichilik munosabatlari jadal rivojlanib bormoqda. Bularning barchasi tarixan qisqa vaqt ichida Markaziy Osiyo mintaqasi davlatlari rahbarlarining siyosiy irodasi natijasida mintaqa mamlakatlari o‘rtasidagi munosabatlarda ulkan ijobiy o‘zgarishlar amalga oshirilgani hamda hamkorlik aloqalarining yangi bosqichga olib chiqilgani natijasidir.
Alohida ta’kidlash zarurki, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining o‘zaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirish borasidagi sa’y-harakatlari mintaqa mamlakatlari kasaba uyushmalarining do‘stona aloqalarini yanada mustahkamlash va asosiy vazifalarini amalga oshirishda tajriba almashish ishlarini tamomila yangi bosqichga olib chiqdi. Bunda bandlikni ta’minlash, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlami ijtimoiy himoyasi, xotin-qizlar va yoshlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish, munosib mehnat sharoitlarini ta’minlash, milliy va xalqaro mehnat standartlarini hayotga tatbiq etish, xodimlar ma’naviyatini yuksaltirish, sifat jihatidan yangilangan ta’limni ilgari surish, kadrlar malakasini oshirish, ixtisoslashgan o‘quv muassasalarida kasaba uyushma xodimlarini tayyorlash va qayta tayyorlash vazifalari ustuvorlik kasb etmoqda.
Shu ma’noda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tashabbusi bilan tuzilgan Markaziy Osiyo mamlakatlari kasaba uyushmalari Kengashi ham turli soha mehnatkashlarining ijtimoiy-mehnat, kasbiy, iqtisodiy va boshqa qonuniy huquq hamda manfaatlarini, kasaba uyushmalari faoliyatining huquq va kafolatlarini himoyalash, kasaba uyushmalarining xalqaro birdamligini mustahkamlashga ko‘maklashish bo‘yicha ishtirokchi mamlakatlar kasaba uyushmalari harakatlarini birlashtirdi.
– Markaziy Osiyo mamlakatlari kasaba uyushmalari Kengashi tashkil topganiga qariyb 5 yil bo‘ldi. Bugungi umumiy yig‘ilishni tarixiy ahamiyatga ega desak, mubolag‘a bo‘lmaydi, – deya ta’kidladi jumladan, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi Qudratilla Rafikov. – Bundan qariyb 5 yil muqaddam Toshkentda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tashabbusi bilan Markaziy Osiyo mamlakatlari kasaba uyushmalari Kengashining ta’sis yig‘ilishi o‘tkazilgan edi. Bugun biz ishonch bilan ta’kidlashimiz mumkinki, Kengash o‘zini a’zo mamlakatlarda kasaba uyushmalari harakati va uning rivojlanish istiqbollari holati hamda faoliyati to‘g‘risida muntazam fikr va tajriba almashish uchun muhim platforma vazifasini bajaruvchi hayotiy va nufuzli xalqaro mintaqaviy kasaba uyushma tuzilmasi sifatida ko‘rsata oldi.
Haqiqatdan ham Kengash rivojlanishining 5 yillik yo‘li kasaba uyushmalari birdamligi samaradorligini va mehnatkashlar huquqlarini himoya qilishda umumiy yondoshuvlarga bo‘lgan talabni yaqqol ko‘rsatdi. Kengashning umumiy yig‘ilishlarida mehnat muhofazasi, ijtimoiy himoya, kasaba uyushma ta’limi, yangi informasion texnologiyalarni tatbiq etish va kasaba uyushmalari faoliyatiga taalluqli boshqa ko‘plab muhim yo‘nalishlardagi dolzarb masalalar muhokama etilib, tegishli qarorlar qabul qilindi. Ijtimoiy muloqot uchun samarali maydonga aylangan Kengash faoliyati Xalqaro Mehnat tashkiloti (XMT) va Xalqaro kasaba uyushmalari Konfederatsiyasi (XKUK) tomonidan ham yuqori baholandi va Markaziy Osiyodagi asosiy hamkor sifatida tan olindi. Bir so‘z bilan aytganda, Kengash qisqa muddat ichida shunchaki rasmiy tuzilma emas, balki chinakam jonli va samarali mexanizmga aylandi va bu nufuzli xalqaro tashkilotlar tomonidan e’tirof etildi.
Markaziy Osiyo mamlakatlari kasaba uyushmalari Kengashi umumiy yig‘ilishi ochiq deb e’lon qilingach, kun tartibi tasdiqlab olindi.
Yig‘ilishda 2026 yilda Markaziy Osiyo mamlakatlari kasaba uyushmalari Kengashiga raislik qilish vakolati bir ovozdan O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasiga berildi.
Kun tartibiga muvofiq “Markaziy Osiyo mamlakatlarida milliy uch tomonlama itimoiy muloqot amaliyoti” masalasi ko‘rib chiqildi. Qayd etilganidek, ma’lumki, ijtimoiy muloqot munosib mehnat, inklyuziv rivojlanish va ijtimoiy hamjihatlikni ilgari surish va ta’minlash, shuningdek, samarali boshqaruvni rivojlantirishning asosiy vositasidir. Tripartizm esa Xalqaro mehnat tashkilotining asossoluvchi tamoyili va asosiy qadriyati hisoblanadi. Markaziy Osiyo mintaqasidagi har bir mamlakatda ijtimoiy muloqot o‘zining shakllanish va rivojlanish tarixiga, shuningdek, ko‘rib chiqilayotgan masalalar doirasiga ega. Shuningdek, mamlakatlarimizda uch tomonlama maslahatlashuvlar mavzusi bo‘lgan bir qator umumiy sohalar mavjudki, bular bandlik va mehnat munosabatlari, iqtisodiy siyosat, ish o‘rinlarini yaratish, gender tengligi, ijtimoiy ta’minot va ijtimoiy himoya, mehnat sharoitlari, Xalqaro mehnat me’yorlari va Xalqaro mehnat tashkiloti dasturlari kabi masalalarni qamrab oladi. Mintaqadagi har bir mamlakatda ijtimoiy-iqtisodiy siyosatning asosiy yo‘nalishlarini belgilovchi uch tomonlama Bosh jamoa kelishuvlari qabul qilinadi. Markaziy Osiyo mamlakatlari kasaba uyushmalari Kengashiga kiruvchi kasaba uyushma markazlari bu borada o‘ziga xos tajribaga ega. Bundan kelib chiqqan holda yig‘ilishda milliy uch tomonlama muloqot bo‘yicha tajriba almashildi va yaqin istiqboldagi umumiy vazifalar belgilab olindi.
Shundan so‘ng yana bir muhim masala – “Markaziy Osiyo mamlakatlarida qulay psixososial ish sharoitlarini yaratishda kasaba uyushmalarining roli” masalasi muhokama etildi. Ta’kidlanganidek, har yili 28 aprel’ sanasi barcha mamlakatlarda Butunjahon mehnatni muhofaza qilish kuni sifatida nishonlanadi. Odatda ushbu kun shiori Xalqaro mehnat tashkiloti tomonidan belgilanadi. Bu yil Butunjahon mehnatni muhofaza qilish kuni “Keling, sog‘lom psixososial ish muhitini ta’minlaylik” shiori ostida o‘tkazilmoqda. Ushbu kun doirasida o‘tkazilayotgan tadbirlarda psixososial xavflar: ish joyida stress, charchoq, zo‘ravonlik va ta’qiblarga qarshi kurashish, mehnat sharoitlari: ish hajmini optimallashtirish, xavfsizlik madaniyati: ruhiy farovonlik va hissiy xavfsizlik jismoniy himoya bilan teng ravishda qadrlanadigan muhitni yaratish kabi jihatlarga alohida e’tibor qaratilmoqda. Butunjahon mehnatni muhofaza qilish kuni doirasida kasaba uyushmalari ijtimoiy sheriklar bilan hamkorlikda mehnat jamoalarida mavzuga oid viktorinalar va tanlovlar, o‘quv seminarlari va treninglar, ish joylarini o‘rganish va yo‘riqnomalarni yangilash tadbirlarini o‘z ichiga olgan mehnat muhofazasi haftaliklarini o‘tkazmoqdalar.
Kun tartibidan o‘rin olgan navbatdagi masala “Markaziy Osiyo mamlakatlari kasaba uyushmalarining platforma iqtisodiyotidagi pozisiyasini shakllantirish” mavzusini qamrab oldi. Ta’kidlanganidek, 2026 yilning iyun’ oyida Xalqaro mehnat Konferensiyasining 114-Sessiyasi bo‘lib o‘tadi. Unda platforma iqtisodiyotida munosib mehnat, ish joyida gender tenglik, shuningdek, ijtimoiy muloqot va uch tomonlama hamkorlikka taalluqli masalalar muhokama etilishi ko‘zda tutilgan. Sessiyada platformali bandlik bo‘yicha Xalqaro mehnat tashkiloti Konvensiyasi yoki Tavsiyasi qabul qilinishi kutilmoqda.
Markaziy Osiyo mamlakatlari kasaba uyushmalari Kengashi umumiy yig‘ilishida platformali bandlik sohasiga oid barcha masalalar, shu jumladan, mavjud xavflar batafsil muhokama etildi. Bu sohada Markaziy Osiyo mamlakatlari kasaba uyushmalari Kengashi bayonoti ishlab chiqilgani, keyinchalik ushbu bayonot Xalqaro mehnat tashkiloti va Xalqaro kasaba uyushmalari Konfederatsiyasiga rasman taqdim etilishi bildirildi.
Navbatdagi muhokamalar davomida “Markaziy Osiyo mamlakatlari kasaba uyushmalari Kengashini Markaziy Osiyo mamlakatlari kasaba uyushmalari Konfederatsiyasiga aylantirish va Ustavni tasdiqlash” masalasi ko‘rib chiqildi.
Qayd etilganidek, ilgariroq Markaziy Osiyo mamlakatlari kasaba uyushmalari Kengashini doimiy apparatga ega tuzilmaga aylantirishga kelishib olingan edi. Bugun Kengashni doimiy shtab kvartiraga ega xalqaro tuzilma sifatida tashkil etish ayni muddaodir. Kengashni Konfederatsiyaga aylantirish masalasi bo‘yicha Qozog‘iston Respublikasi kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi Sotiboldi Dauletalin, Qirg‘iziston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi Muradil Djumadilde uulu, Tojikiston mustaqil kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Ismoil Fayzizoda, Mongoliya kasaba uyushmalari Konfederatsiyasi faxriy prezidenti Ad’yaa Gorchinsuren so‘zga chiqib, Kengashni Konfederatsiyaga aylantirish tashabbusini to‘la qo‘llab-quvvatladilar. Yangi Konfederatsiya Ustavini tasdiqlash to‘g‘risidagi qaror bir ovozdan qabul qilindi. Bu orqali faqat tuzilma nomi o‘zgartirilmadi, balki, mintaqa kasaba uyushmalari harakti tarixining yangi sahifasi ochildi, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.
Shundan so‘ng “Markaziy Osiyo mamlakatlari kasaba uyushmalari Konfederatsiyasi Bosh kotibini saylash to‘g‘risida”gi masala ko‘rib chiqildi.
So‘zga chiqqanlar Markaziy Osiyo mamlakatlari kasaba uyushmalari Konfederatsiyasi Bosh kotibi etib O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi Qudratilla Mirsoatovich Rafikovni saylash taklifini ilgari surdilar. Taklif bir ovozdan qabul qilinib, Qudratilla Rafikov Markaziy Osiyo mamlakatlari kasaba uyushmalari Konfederatsiyasi Bosh kotibi etib saylandi.
Umymiy yig‘ilish davomida Markaziy Osiyo mamlakatlari kasaba uyushmalari Konfederatsiyasi Bosh kengashi va uning tarkibi saylandi, Konfederatsiyaning Ijroiya qo‘mitasi tarkibi tasdiqlandi. Shuningdek, “Markaziy Osiyo mamlakatlari kasaba uyushmalari Konfederatsiyasining ishchi apparatini tuzish, uning shtatlarini tasdiqlash va moliyalashtirish manbaini belgilash to‘g‘risida”gi masala ham ko‘rib chiqilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.
![[:uz]Ўзбекистон касаба уюшмалари Федерациясининг Портали[:ru]Портал Федерации Профсоюзов Узбекистана[:oz]Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Portali[:uzl]Oʼzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Portali[:]](https://kasaba.uz/wp-content/uploads/2024/04/cropped-ohirgi-logo_kasaba_v13-removebg-preview.png)



O'zbekcha
Русский