[:uz]Ўзбекистон касаба уюшмалари Федерациясининг Портали[:ru]Портал Федерации Профсоюзов Узбекистана[:oz]Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Portali[:uzl]Oʼzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Portali[:]
35 yil

07.07.2026. Urganch olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazining Suv sporti saroyida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Xorazm viloyati Kengashi hamda “O‘zbekiston Aquatics” federatsiyasining hududiy bo‘limi hamkorligida “World Aquatics Day” ommaviy sport festivali doirasida suzish bo‘yicha musobaqalar tashkil etildi.

Tadbirni O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Xorazm viloyati Kengashi raisi, “O‘zbekiston Aquatics” federatsiyasining hududiy bo‘limi rahbari Gulsara Qurbonboeva kirish so‘zi bilan ochib berdi.

Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 4 noyabrdagi “Suv sporti turlarini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–382-son qaroriga muvofiq, har yili yurtimizda “World Aquatics Day” ommaviy sport tadbirlari va festivallarini o‘tkazish belgilangan.

Ushbu hujjat suv sportini keng ommalashtirish, aholining mazkur sport turiga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirish hamda sog‘lom va jismonan barkamol avlodni tarbiyalashga qaratilgan muhim vazifalarni belgilab bergan.

Festivalning asosiy maqsadi aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida suzish va suv sporti turlarini ommalashtirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish hamda yoshlarni muntazam sport bilan shug‘ullanishga keng jalb etishdan iborat.

Bugungi kunda Xorazm viloyatidagi 9 ta suv sporti saroyida 1000 nafardan ziyod yoshlar suzish bilan muntazam shug‘ullanmoqda. Hududda tashkil etilayotgan ommaviy sport tadbirlari yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularning iqtidorini aniqlash va qo‘llab-quvvatlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Viloyat sportchilari suzish va suv polosi bo‘yicha respublika musobaqalarida muntazam ishtirok etib, sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritmoqda. Shuningdek, Xorazmdan parasuzish bo‘yicha Osiyo va jahon chempionlari yetishib chiqqan. Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida suzish guruhlarining samarali faoliyat yuritayotgani ham bu boradagi ishlar izchil davom etayotganining yaqqol isbotidir.

Festivalda viloyatning barcha shahar va tumanlaridan kelgan 11–13 yoshli o‘g‘il-qizlar ishtirok etdi. Yosh sportchilar suzish bo‘yicha o‘z mahoratlarini namoyish etdilar. Suv polosi bo‘yicha ko‘rgazmali chiqishlar esa tadbirga yanada ko‘tarinki ruh bag‘ishladi.

Tadbirning faol ishtirokchilari O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Xorazm viloyati Kengashi tomonidan qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.

“World Aquatics Day” sport festivali Xorazm viloyatida suv sportini yanada ommalashtirish, yosh avlodning jismoniy barkamolligini ta’minlash va sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etishga xizmat qiladigan muhim sport bayramiga aylandi.