17.08.2026. Mehnat muhofazasi — inson hayoti va sog‘lig‘ini asrash, xodimning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilishning muhim kafolatidir. Ishlab chiqarishda sodir bo‘lgan baxtsiz hodisa oqibatida xodim mehnat qobiliyatini yo‘qotgan taqdirda, ish beruvchi qonunchilikda belgilangan tartibda yetkazilgan zararni qoplashi va tegishli tovon pullarini o‘z vaqtida to‘lashi shart.
Ammo amaliyotda ayrim korxonalar tomonidan ushbu majburiyatlarni bajarmaslik holatlari ham uchrab turibdi. Bunday vaziyatlarda xodimlarning huquq va manfaatlarini himoya qilishda kasaba uyushmalarining roli alohida ahamiyat kasb etadi.
Fuqaro Dilfuza Axmedova 2012 yildan buyon «Uch-tepa paxta tozalash» AJda linter uchastkasi farroshi lavozimida mehnat qilib kelgan.
2015 yil 1 dekabr’ kuni ishlab chiqarish jarayonida baxtsiz hodisa sodir bo‘lib, D. Axmedova og‘ir tan jarohati olgan.
Mehnat jarohati oqibatida xodimning sog‘lig‘iga yetkazilgan zararni qoplash — ish beruvchining qonunchilikda belgilangan majburiyatlaridan biridir.
Shunga qaramay, «Uch-tepa paxta tozalash» AJ tomonidan D. Axmedovaga 2026 yil yanvar’ oyidan avgust oyiga qadar bo‘lgan davr uchun tegishli tovon pullari to‘lab berilmagan.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Jizzax viloyat Kengashi tomonidan korxonaga mavjud qarzdorlikni bartaraf etish va tegishli to‘lovlarni amalga oshirish yuzasidan taqdimnoma kiritilgan. Biroq mazkur talablar ham to‘liq bajarilmagan.
Shundan so‘ng kasaba uyushmasi tomonidan fuqaro D. Axmedovaning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish maqsadida sudga da’vo arizasi kiritildi.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Do‘stlik tumanlararo sudida mazkur ish ochiq sud majlisida ko‘rib chiqildi.
Sud Mehnat kodeksining tegishli normalari hamda Fuqarolik kodeksi talablariga asoslanib, da’vo talablarini qanoatlantirish haqida hal qiluv qarori qabul qildi.
Sud qaroriga ko‘ra, qarzdor korxonadan:
10 531 745 so‘m — yetkazilgan zarar, ya’ni tovon puli bo‘yicha qarzdorlik;
40 000 000 so‘m — protezlash xarajatlari uchun;
2 000 000 so‘m — ma’naviy zarar kompensasiyasi;
41 200 so‘m — pochta xarajatlari
undirilishi belgilandi.
Shu tariqa, jami 52 572 945 so‘m mablag‘ni jabrlangan xodim foydasiga undirish belgilandi.
Ushbu holat ishlab chiqarishda jarohat olgan xodimning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilishda kasaba uyushmalarining amaliy yordami qanchalik muhim ekanini yana bir bor ko‘rsatadi.
Inson hayoti va sog‘lig‘i — har qanday ishlab chiqarish natijasidan ustundir.
Xodimning huquqlari buzilganda esa ularni qonun doirasida himoya qilish — adolat va qonuniylikning muhim kafolatidir.
A. Burxanov
Jizzax viloyat Kengashi Mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha yetakchi mutaxassis
![[:uz]Ўзбекистон касаба уюшмалари Федерациясининг Портали[:ru]Портал Федерации Профсоюзов Узбекистана[:oz]Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Portali[:uzl]Oʼzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Portali[:]](https://kasaba.uz/wp-content/uploads/2024/04/cropped-ohirgi-logo_kasaba_v13-removebg-preview.png)



O'zbekcha
Русский