[:uz]Ўзбекистон касаба уюшмалари Федерациясининг Портали[:ru]Портал Федерации Профсоюзов Узбекистана[:oz]Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Portali[:uzl]Oʼzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Portali[:]
35 yil

25.08.2026. O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan yurtimizda qator madaniy-ma’rifiy va sport tadbirlari tashkil etilmoqda.

“O‘zkimyosanoat” AJ hamda O‘zbekiston kimyo va farmasevtika sanoati xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi hamkorligida Mustaqilligimizning 35 yilligiga bag‘ishlangan sport musobaqalari va “Mustaqillik to‘yi” festivali o‘tkazildi.

Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad — korxonalarda mehnat qilayotgan xodimlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish, sportga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirish, jamoalar o‘rtasida do‘stlik va hamjihatlik muhitini mustahkamlashdan iborat.

“Mustaqillik kubogi” doirasida mini-futbol, stol tennisi, voleybol, basketbol hamda gandbol bo‘yicha qizg‘in va murosasiz bellashuvlar o‘tkazildi. Turli korxona va tashkilotlardan tashrif buyurgan jamoalar musobaqalarda o‘z mahorat, chaqqonlik va irodalarini namoyon etdilar.

Ayniqsa, jamoaviy sport turlarida ishtirokchilarning o‘zaro hamjihatligi, bir-birini qo‘llab-quvvatlashi va g‘alabaga bo‘lgan intilishi musobaqalarga ko‘tarinki ruh bag‘ishladi. Sport maydonlaridagi har bir bellashuv nafaqat raqobat, balki tajriba almashish va yangi do‘stlar orttirish imkoniyatiga ham aylandi.

“Mustaqillik to‘yi” festivali doirasida “Uch avlod” uchrashuvi ham tashkil etildi. Unda mehnat faxriylari o‘zlarining ko‘p yillik kasbiy tajribalari, sohaning rivojlanishidagi muhim davrlar va mehnat faoliyatlari haqida so‘z yuritdilar. Shuningdek, mustaqillik yillarida yaratilgan imkoniyatlar, zamonaviy texnologiyalar va yangi avlod mutaxassislarining soha taraqqiyotidagi o‘rniga alohida to‘xtalib o‘tildi.

Tadbir davomida milliy qadriyatlar, urf-odat va an’analarimiz, yurtimizdagi tinchlik va osoyishtalikni tarannum etuvchi badiiy chiqishlar namoyish etildi.

Musobaqalar yakunida yuqori natijalar qayd etgan jamoa va ishtirokchilar munosib rag‘batlantirildi. “Mustaqillik kubogi” uchun kechgan bellashuvlarda faol ishtirok etgan va yuqori mahorat ko‘rsatgan sportchilar e’tirof etilgan holda, ularga tashkilotchilar tomonidan esdalik sovg‘alari topshirildi.

Bunday sport musobaqalari va madaniy tadbirlarning muntazam tashkil etilishi mehnat jamoalarida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish, xodimlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularni jismoniy faollikka keng jalb qilish hamda jamoaviy ruhni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Shavkat Toirov

Kimyo va farmasevtika sanoati xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashining madaniy-ma’rifiy va sport ishlari bo‘yicha yetakchi mutaxassisi