[:uz]Ўзбекистон касаба уюшмалари Федерациясининг Портали[:ru]Портал Федерации Профсоюзов Узбекистана[:oz]Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Portali[:uzl]Oʼzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Portali[:]
35 yil

28.08.2026. Mustaqilligimizning 35 yilligi keng nishonlanishi arafasida yoshlarning intellektual salohiyati, bilim va dunyoqarashini namoyon etishi uchun yana bir muhim maydon yaratildi. O‘zbekiston transport, yo‘l va kapital qurilish, qurilish industriyasi xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi tashabbusi bilan tarmoq kasaba uyushmasiga a’zo bo‘lgan oliy ta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan 35 yoshgacha bo‘lgan xodimlar o‘rtasida “Zakovat” intellektual o‘yinining Respublika bosqichi yuqori saviyada tashkil etildi.

Toshkent davlat transport universitetida bo‘lib o‘tgan bellashuvda Navoiy, Xorazm, Samarqand, Sirdaryo viloyatlari hamda Toshkent shahridagi 6 ta oliy ta’lim muassasasidan 30 nafar yosh xodimdan iborat jamoalar ishtirok etdi.

Intellektual o‘yin “Zakovat” intellektual klubi nodavlat-notijorat tashkiloti bilan hamkorlikda tashkil etildi. Savollarni tayyorlash va bellashuvni o‘tkazish jarayonida klub mutaxassislari faol ishtirok etdi. Tashkilotchilar tomonidan o‘yinning Nizom talablari hamda belgilangan baholash mezonlari asosida shaffof va xolis o‘tkazilishiga alohida e’tibor qaratildi.

Bellashuv yakuniga ko‘ra, birinchi o‘rin Urganch innovasion universitetining “Renessans” jamoasiga nasib etdi. Ikkinchi o‘rinni Toshkent arxitektura-qurilish universitetining “Arxitektor” jamoasi, uchinchi o‘rinni esa Samarqand davlat texnika universitetining “Bunyodkor” jamoasi egalladi.

G‘olib va sovrindor jamoalarga hamda o‘yin ishtirokchilariga tarmoq kasaba uyushmasi Respublika Kengashi tomonidan diplom va qimmatbaho esdalik sovg‘alari topshirildi.

Mazkur bellashuv kasaba uyushmalarining yoshlar bilan ishlash, ularning intellektual va ijtimoiy faolligini oshirish, iste’dodli xodimlarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlari izchil davom etayotganini ko‘rsatdi. Eng muhimi, mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida tashkil etilgan ushbu tadbir yoshlarni bir maqsad — bilim, bunyodkorlik va yangi kelajak sari birlashtirdi.