28.08.2026. O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan “Yagona xalq, yagona Vatan, yagona maqsad” shiori ostida sog‘liqni saqlash tizimida faoliyat yuritayotgan xotin-qizlar o‘rtasida sportning aerobika gimnastikasi yo‘nalishi bo‘yicha “Kasaba uyushmasi kubogi” sport musobaqasi tashkil etildi.
Musobaqa O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Toshkent viloyati Kengashi tashabbusi bilan Toshkent viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi hamda Toshkent viloyati Sport boshqarmasi hamkorligida Olmaliq shahridagi Toshkent viloyati gimnastika sport turlariga ixtisoslashtirilgan sport maktabida bo‘lib o‘tdi.
Mazkur sport musobaqasi tibbiyot sohasida faoliyat yuritayotgan xotin-qizlarni ommaviy tarzda sport bilan muntazam shug‘ullanishga jalb etish, ularning jismoniy faolligini oshirish, bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish hamda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish maqsadida o‘tkazildi.
Musobaqaning ochilish marosimida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Toshkent viloyati Kengashi raisi S. Fayzieva, Sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi raisi o‘rinbosari G. To‘xtaeva, Toshkent viloyati Sport boshqarmasi boshlig‘i R. Boboqulov hamda Toshkent viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari F. Rahmatullaeva ishtirok etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar ishtirokchilarni Mustaqillikning 35 yilligi bilan samimiy muborakbod etib, jamoalarga omad va muvaffaqiyat tiladi. Shuningdek, sportning inson salomatligini mustahkamlash, faol hayot tarzini qaror toptirish hamda jamoada hamjihatlik muhitini shakllantirishdagi muhim ahamiyati ta’kidlandi.
Musobaqada Toshkent viloyatining barcha tuman va shaharlaridagi tibbiyot muassasalari, Toshkent viloyati Perinatal markazi hamda Respublika tez tibbiy yordam markazi Toshkent viloyati filialida faoliyat yuritayotgan 250 nafarga yaqin xotin-qizlardan iborat 24 ta jamoa ishtirok etdi.
Har bir jamoa “Yagona xalq, yagona Vatan, yagona maqsad!” g‘oyasini o‘ziga xos sahnaviy talqinda ifodalagan 3 daqiqalik erkin dastur bilan maydonga chiqdi. Chiqishlarda gimnastika elementlari folklor va zamonaviy raqs, musiqa hamda turli xavfsiz atributlar bilan uyg‘unlashtirildi. Jamoalarning liboslari, sahnaviy kompozisiyasi, musiqiy bezagi va harakatlar uyg‘unligiga alohida e’tibor qaratildi.
Ishtirokchilarning chiqishlari hakamlar hay’ati tomonidan artistizm, texnik ijro, originallik hamda kompozisiya elementlarining uyg‘unligi mezonlari asosida 10 ballik tizimda baholandi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, Respublika tez tibbiy yordam markazi Toshkent viloyati filiali jamoasi 1-o‘rinni egallab, “Kasaba uyushmasi kubogi”ni qo‘lga kiritdi. Bo‘ka tumani jamoasi 2-o‘ringa, Chirchiq shahar jamoasi esa 3-o‘ringa munosib deb topildi. Shuningdek, musobaqaning barcha ishtirokchilariga tashkilotchilar tomonidan esdalik sovg‘alari topshirildi.
Tadbir davomida san’at ustalarining musiqiy chiqishlari ishtirokchilarga bayramona kayfiyat bag‘ishladi.
![[:uz]Ўзбекистон касаба уюшмалари Федерациясининг Портали[:ru]Портал Федерации Профсоюзов Узбекистана[:oz]Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Portali[:uzl]Oʼzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Portali[:]](https://kasaba.uz/wp-content/uploads/2024/04/cropped-ohirgi-logo_kasaba_v13-removebg-preview.png)



O'zbekcha
Русский