18.09.2026. O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan “2026 yilgi paxta yig‘im-terimi mavsumida terimchilar uchun shart-sharoit yaratilishi, bolalar mehnati va majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan Milliy monitoringni tashkil etish borasida olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida” mavzusida Brifing o‘tkazildi.
Brifingda markaziy studiyadan ommaviy axborot vositalari vakillari, kasaba uyushmalari Federatsiyasi rahbariyati, mas’ul xodimlari, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assosiasiyasi vakillari ishtirok etishdi. Shuningdek, onlayn tarzda hududiy studiyalardan kasaba uyushmalari mas’ul xodimlari, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmalari, Savdo-sanoat palatasi hamda O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assosiasiyasining hududlardagi vakillari ishtirok etdilar.
Brifingda ta’kidlanganidek, so‘nggi o‘n yilda Muhtaraham Yurtboshimiz Shavkat Mirziyoev tashabbuslari bilan yurtimizda misli ko‘rilmagan islohotlar amalga oshirildi. Barcha soha va yo‘nalishlarda, ayniqsa ijtimoiy-mehnat sohasida inson qadrini ulug‘lash, mehnatkashlar ijtimoiy himoyasini kuchaytirishga qaratilgan ko‘plab ijobiy ishlar olib borilmoqda. Ijtimoiy-mehnat munosabatlari sohasiga oid qonunchilik hujjatlari xalqimizning, mehnatkashlarning va xalqaro ekspertlarning takliflariga binoan takomillashtirib borilmoqda.
Qonunchilikdagi o‘zgarishlarning e’tiborli jihatlaridan biri, majburiy mehnatga jalb qilganlik uchun javobgarlik yanada kuchaytirildi. Majburiy mehnatga yoki bolalar mehnatiga jalb qilgan kishi o‘sha zahoti ma’muriy javobgarlikka tortiladi. Bundan tashqari holatdan kelib chiqib, kerak bo‘lsa jinoiy javobgarlikka tortish ham belgilangan.
Albatta, bu yutuqlarga o‘z-o‘zidan erishilmadi. Bunda Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning kuchli siyosiy irodasi muhim rol’ o‘ynadi.
Shuningdek, milliy qonunchilik hujjatlarini xalqaro standartlarga moslashtirish bo‘yicha ham sezilarli darajada ishlar amalga oshirildi. Bu borada Xalqaro mehnat tashkiloti va Xalqaro kasaba uyushmalari konfederatsiyasi bilan hamkorlikni alohida ta’kidlab o‘tish zarur.
O‘zbekiston mehnat sohasida xalqaro standartlarni keng joriy qilishda davom etmoqda. Bugungi kunda O‘zbekiston tomonidan ratifikasiya qilingan Xalqaro mehnat tashkilotining konvensiyalari 25 tani tashkil etadi. E’tiborli jihati, O‘zbekiston mustaqilligining dastlabki 25 yilida 13 ta konvensiya ratifikasiya qilingan bo‘lsa, so‘nggi 10 yilning o‘zida 12 ta konvensiya va 1 ta protokol ratifikasiya qilindi. Bu ishlar to‘xtab qolgani yo‘q va hozirda ham yana bir qator konvensiyalarni ratifikasiya qilish masalalari o‘rganib chiqilmoqda.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan ham yuqorida qayd etilgan yo‘nalishlarda bir necha yildan buyon fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlikda paxta yig‘im-terimi mavsumida terimchilar uchun shart-sharoitlar yaratib berilishi, mavsum davomida bolalar mehnati va majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan Milliy monitoring o‘tkazib kelinmoqda.
O‘tgan yilda ham paxta yig‘im-terimi mavsumida majburiy mehnatning oldini olish bo‘yicha monitoring ishlari, shuningdek, korxona, tashkilot va muassasalarda mehnat qonunchiligiga amal qilinishi holatlari yuzasidan o‘rganishlar olib borildi.
Xususan, 2025 yilda o‘tkazilgan Milliy monitoringda paxta yig‘im terimida bolalar mehnati va majburiy mehnatga jalb qilish holatlari uchramagan bo‘lsada, terim pullarining o‘z vaqtida berilmasligi yuzasidan 8 ming 752 nafar terimchining manfaatiga dahldor 166 ta holat, 9 ming 75 nafar terimchilar bilan mehnat shartnomasi tuzilmaganligi yuzasidan 227 ta holat, 24 ta fermer xo‘jaliklari va ishlab chiqarish klasterlari tomonidan 1 ming 222 nafar terimchilarga yetarli darajada mehnat va dam olish uchun shart-sharoitlar yaratilmaganligi aniqlangan.
2026 yilgi paxta yig‘im-terimi mavsumida terimchilar uchun shart-sharoitlar yaratib berilishi, mavsum davomida bolalar mehnati va majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan Milliy monitoring O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi va O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assosiasiyasi (O‘zNNTMA)ga a’zo bo‘lgan fuqarolik jamiyati institutlari vakillari ishtirokida o‘tkaziladi va 25 sentyabrdan boshlanib, 31 oktyabrga qadar davom etadi.
Monitoringni o‘tkazishdan asosiy maqsad paxta yig‘im-terimi ishlarida voyaga yetmagan shaxslarning, o‘quvchi va talabalarning, byudjet va nobyudjet tashkilotlari xodimlarining majburiy mehnatidan foydalanishga yo‘l qo‘yilmasligi yuzasidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishdir. Shuningdek, paxta yig‘im-terimi mavsumida terimchilar uchun yetarli yashash, dam olish va mehnat sharoitlari yaratilganini baholash, qo‘lda terilgan har bir kilogramm paxta xom ashyosi uchun adolatli mehnat haqi to‘lanishini nazorat qilish, paxta-to‘qimachilik klasteri, fermer xo‘jaliklari va fuqaro o‘rtasida mavsumiy ishlarni bajarish to‘g‘risidagi mehnat shartnomasi tuzilganligini nazorat qilish, terim otryadi bilan paxta yetishtiruvchi xo‘jalik o‘rtasida jamoa shartnomasi tuzilganligini nazorat qilish, aniqlangan kamchiliklarni joyida bartaraf etish choralarini ko‘rish va monitoring natijalari yuzasidan O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi va Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari bo‘yicha Milliy komissiyaga axborot berib borish ham maqsad qilingan.
Shuningdek, Ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha respublika uch tomonlama komissiyasi tomonidan tayyorlangan “2026 yil paxta hosilini nes-nobud qilmasdan uyushqoqlik bilan yig‘ib-terib olishga ko‘maklashishni tashkil etish bo‘yicha TAVSIYaLAR”ga rioya etilishi ham monitoring jarayonida o‘rganiladi.
Monitoringni tashkil etish uchun Federatsiya tomonidan hududiy monitoring guruhlari tuzilib, ularning tarkibiga tarmoq kasaba uyushmalari Respublika kengashlarining mas’ul xodimlari, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining hududiy Kengashlari mehnat texnik inspektorlari, shuningdek, kelishilgan holda Savdo-sanoat palatasi va O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assosiasiyasining joylardagi a’zo tashkilotlari vakillari kiritildi.
Monitoring samaradorligini oshirish, ular uchun qulay mehnat sharoiti yaratish maqsadida monitoring o‘tkazish ishchi guruhlari tarkibidagi kasaba uyushmasi xodimlari monitoring jarayonida foydalanish uchun maxsus kiyim bosh, poyabzal va hududiy guruhlar rahbarlari planshetlar bilan ta’minlandi.
Milliy monitoringni sifatli o‘tkazish uchun uning uslubiyoti mavjud vaziyatdan kelib chiqib takomillashtirib borilmoqda. Uslubiyot ilovalarida “Monitoring guruhlarining joylarda harakatlanish ketma-ketligi”, “Monitoringda interv’yu olish savolnomasi”, “Paxta yig‘im-terimi ishtirokchilari uchun yaratilgan shart-sharoitlarni baholash bo‘yicha savolnoma” va axborot berish shakllari berilgan.
Monitoring guruhlarining Harakatlanish tartibiga kelsak, kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan hududiy ishchi guruhlar rahbarlariga dushanba-shanba kunlari davomida ertalab soat 07:00 da 3 tagacha boriladigan hududning tasodifiy GPS-koordinatlari yuboriladi hamda guruhlar yuborilgan yo‘nalishga soat 09:00 dan kechikmasdan chiqib ketadi.
Agarda monitoring jarayonida dalada paxta terayotgan voyaga yetmagan shaxslar aniqlansa, ularni zudlik bilan daladan olib chiqish va o‘quv dargohiga yoki uyiga yetkazilish choralari ko‘riladi. Bu haqda Akt (Dalolatnoma) tuziladi va mehnat inspeksiyasiga chora ko‘rish uchun beriladi.
Majburiy mehnatdan foydalanish xolatlari aniqlangan holda esa zudlik bilan kasaba uyushmalarining inspektori tomonidan vaziyat o‘rganiladi hamda Akt (Dalolatnoma) tuzilib, ularni ish joylariga qaytarish choralari ko‘riladi. Shu bilan birga hududiy “Qayta aloqa mexanizmi” vakillariga ham xabar beriladi.
Xodimlarning mehnat huquqlari buzilishini oldini olishga qaratilgan O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tizimidagi Qayta aloqa mexanizmi, mavsum davomida uzluksiz ravishda kechayu kunduz ishlaydi.
Buning uchun joriy yilning 15 sentyabridan boshlab Federatsiya Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash sho‘’basi va hududlardagi filiallarida kasaba uyushmalari vakillarining doimiy navbatchiligi tashkil qilindi. Kelib tushgan murojaatlarni tezkorlik bilan ko‘rib chiqish maqsadida 10-92 qisqa raqamli “Ishonch telefoni”, internet saytlar, telegram ijtimoiy tarmog‘i imkoniyatlaridan keng foydalaniladi.
Bu haqda kasaba uyushmalari tomonidan 200 ta banner tayorlandi va barcha tuman, shahar markazlariga joylashtirildi.
Korxona, tashkilot, muassasalar hamda odam gavjum bo‘ladigan joylarga 10 ming dona poster joylashtiriladi hamda mehnatkashlar va aholi vakillarining qo‘liga 200 ming dona flaer tarqatiladi.
Milliy monitoring davrida o‘rganish natijalarini oshkor etmaslik tamoyiliga amal qilinadi (O‘zbekiston Respublikasining “Bola huquqlari to‘g‘risida”gi va “Shaxsiy ma’lumotlar to‘g‘risida”gi Qonunlari hamda Xalqaro mehnat tashkiloti bilan kelishilgan “Monitoring uslubiyoti” talablariga muvofiq oshkor etmaslik tamoyiliga amal qilinadi) va monitoring yakunlari to‘g‘risida dekabr’ oyida o‘tkaziladigan Davra suhbatida batafsil e’lon qilinadi.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Matbuot xizmati
![[:uz]Ўзбекистон касаба уюшмалари Федерациясининг Портали[:ru]Портал Федерации Профсоюзов Узбекистана[:oz]Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Portali[:uzl]Oʼzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Portali[:]](https://kasaba.uz/wp-content/uploads/2024/04/cropped-ohirgi-logo_kasaba_v13-removebg-preview.png)



O'zbekcha
Русский