20.09.2026. Qashqadaryo viloyatidagi “Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi”ning 25 yillik yubileyi munosabati bilan tantanali tadbir o‘tkazildi.
Chorak asrlik tarix — bu, avvalo, insonlar mehnati tarixidir. Bugungi natijalarda kechagi avlodning tajribasi, bugungi avlodning mehnati va ertangi avlodga qoldirilayotgan tajriba mujassam.
Qashqadaryo vohasida barpo etilgan “Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi” ham 25 yillik faoliyati davomida o‘ziga xos mehnat va kasb maktabini shakllantirdi.
Korxonada turli yillarda mehnat qilgan faxriylar va ustozlarning tajribasi bugungi avlod mutaxassislari uchun muhim maktab bo‘lib xizmat qilmoqda. Bugun esa majmuada tajribali mutaxassislar bilan bir qatorda, yosh kadrlar ham mehnat qilib, korxonaning kelgusi taraqqiyotiga o‘z hissasini qo‘shmoqda.
Ana shu chorak asrlik mehnat yo‘lini sarhisob qilish, faxriylar va bugungi mehnat jamoasi xizmatini e’tirof etish maqsadida majmuaning Ishchilar shaharchasida 25 yillik yubileyga bag‘ishlangan tantanali tadbir o‘tkazildi.
Tadbirda korxona mehnat jamoasi, soha faxriylari, mahalliy hokimiyat vakillari, hamkor korxona va tashkilotlar rahbarlari, tarmoq mas’ullari hamda jamoat tashkilotlari vakillaridan iborat 1200 nafardan ortiq kishi ishtirok etdi.
Tantanada Qashqadaryo viloyati hokimi M. Azimov, “O‘zkimyosanoat” AJ raisi O. Temirov, “O‘zbekneftegaz” AJ Boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari S. Hamraev, Energetika vaziri maslahatchisi S. Qurbonov, tarmoq kasaba uyushmasi kengashi raisi o‘rinbosari O. Ismoilov va boshqa mas’ullar ishtirok etib, korxona mehnat jamoasini yubiley bilan qutladilar.
Xususan, tadbirda O‘zbekiston energetika, neft-gaz va geologiya xodimlari kasaba uyushmasi raisi o‘rinbosari O.Ismoilov O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi hamda tarmoq kasaba uyushmasi Respublika kengashi nomidan “Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi” mehnat jamoasini 25 yillik yubileyi bilan tabrikladi.
So‘zga chiqqanlar tomonidan korxonaning rivojlanishida mehnat qilgan faxriylar va ustozlarning, shuningdek, bugungi mehnat jamoasining hissasi alohida e’tirof etildi.
Shuningdek, xodimlarning mehnat huquqlari va ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlarini ta’minlash, munosib va xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratish, mehnat muhofazasi talablariga rioya etish, xodimlarning kasbiy salohiyatini oshirish hamda ijtimoiy himoyasini kuchaytirishda kasaba uyushmalari tomonidan olib borilayotgan ishlarga to‘xtalib o‘tildi.
Yubiley munosabati bilan korxonada ko‘p yillar mehnat qilgan faxriylar e’zozlandi.
Mehnat faoliyatida yuqori natijalarga erishgan, jamoat ishlarida faol ishtirok etayotgan xodimlar rag‘batlantirildi.
Tantanali tadbirda mehnatda o‘rnak ko‘rsatgan va kasaba uyushmalari faoliyati rivojiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan xodimlarga O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining “Ehtirom” nishoni topshirildi.
“Ehtirom” nishonining tantanali ravishda topshirilishi xodimlarning ko‘p yillik mehnati, jamoa oldidagi xizmati va kasaba uyushmalari faoliyatidagi ishtirokining e’tirofi bo‘ldi.
Mehnatga berilgan bunday baho nafaqat taqdirlangan xodimlar uchun, balki butun jamoa uchun ham muhim ahamiyatga ega.
Chunki mehnat qadrlangan muhitda xodimning o‘z kasbiga va jamoasiga daxldorlik hissi yanada mustahkamlanadi.
Yubiley munosabati bilan 100 nafarga yaqin ilg‘or xodimlar turli rag‘batlantirishlar bilan taqdirlandi.
Ularning mehnati munosib e’tirof etilgani jamoada kasbga sadoqat, mas’uliyat va mehnatga bo‘lgan munosabatni yanada kuchaytirishga xizmat qiladi.
“Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi”ning 25 yillik yubileyi munosabati bilan o‘tkazilgan tadbir korxonaning bosib o‘tgan mehnat yo‘lini sarhisob qilish, faxriylar xizmatini e’tirof etish, ilg‘or xodimlarni rag‘batlantirish va kelgusi vazifalarni belgilab olish nuqtai nazaridan ahamiyatli bo‘ldi.
Oybek Ismoilov
O‘zbekiston energetika, neft-gaz va geologiya xodimlari kasaba uyushmasi raisi o‘rinbosari
![[:uz]Ўзбекистон касаба уюшмалари Федерациясининг Портали[:ru]Портал Федерации Профсоюзов Узбекистана[:oz]Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Portali[:uzl]Oʼzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Portali[:]](https://kasaba.uz/wp-content/uploads/2024/04/cropped-ohirgi-logo_kasaba_v13-removebg-preview.png)



O'zbekcha
Русский