[:uz]Ўзбекистон касаба уюшмалари Федерациясининг Портали[:ru]Портал Федерации Профсоюзов Узбекистана[:oz]Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Portali[:uzl]Oʼzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Portali[:]
35 yil

06.10.2026. 8-10 oktyabr’ kunlari poytaxtimiz “World Aquatics” federatsiyasining 2026 yilgi musobaqalar taqvimiga kiritilgan va suzish bo‘yicha “Ipak yo‘li” turining bir qismi hisoblangan jahon kubogi bosqichiga mezbonlik qiladi. Ta’kidlash joizki, suv sportining ushbu yo‘nalishida bunday nufuzli musobaqa mamlakatimizda ilk bor o‘tkazilmoqda. Turnir murabbiylar va sportchilar uchun joriy yil dekabr’ oyida Pekin shahrida bo‘lib o‘tadigan 25 metrlik suv havzasida suzish bo‘yicha jahon chempionati oldidan so‘nggi tayyorgarlik va imkoniyatlarni sinovdan o‘tkazish vazifasini o‘tashi bilan ham ahamiyatli.

Yaqinda musobaqaga tayyorgarlik ishlarining borishi muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi va “Uzbekistan Aquatics” Federatsiyasi raisi Qudratilla Rafikov olib borgan yig‘ilishda ta’kidlanganidek, mamlakatimizda yoshlarni sportga keng jalb etish, iqtidorli sportchilarni saralash va yuqori natijalarga erishish uchun zarur shart-sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, suv sporti turlarini rivojlantirish, ommalashtirish, mutaxassis va murabbiylar salohiyatini oshirish, zamonaviy infratuzilmani shakllantirish bo‘yicha ham izchil ishlar olib borilmoqda.

Bu yo‘nalishdagi amaliy harakatlarda 2024 yil 4 noyabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev tomonidan imzolangan “Suv sporti turlarini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qaror dasturilamal bo‘lmoqda. Hujjatda suzish, suv polosi, sinxron suzish va suvga sakrash kabi sport turlarini yanada rivojlantirish, iqtidorli sportchilarni saralash va tayyorlash, xalqaro musobaqalarda yuqori natijalarga erishish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha vazifalar belgilangan edi.

Natijada O‘zbekistonning xalqaro suv sporti harakatidagi ishtiroki kengayib, 2025 yilda mamlakatimiz vakili 2025-2029 yillar uchun “World Aquatics” byurosiga Osiyo mintaqasidan a’zo etib saylandi. Shuningdek, o‘tgan yili davlatimiz rahbari “World Aquatics” prezidenti Husayn Al-Musallamni qabul qilib, xalqaro tashkilot bilan hamkorlikni rivojlantirish hamda O‘zbekistonda yirik xalqaro musobaqalarni o‘tkazish masalalari yuzasidan fikr almashgandi.

Ana shu harakatlar natijasi o‘laroq o‘tkaziladigan nufuzli musobaqada Amerika, Yevropa, Osiyo va Afrika qit’alaridan 400 nafardan ziyod sportchi, murabbiy va hakamlar ishtiroki kutilmoqda.

Yig‘ilishda musobaqani o‘tkazishga mas’ul bo‘lgan vazirlik va idoralar rahbarlari, Suv sporti turlari bo‘yicha Respublika oliy sport mahorati maktabi mas’ullarining hisobotlari tinglandi. Qayd etildiki, turnirni yuqori saviyada o‘tkazish uchun barcha tashkiliy masalalar hal etilgan. Jumladan, 27-29 sentyabr’ kunlari test musobaqalari o‘tkazilib, hakamlar ishi, start va finish zonalari, hisoblash tizimi hamda natijalarni qayd etish jarayonlari sinovdan o‘tkazilgan. Bundan tashqari, mehmonlar bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishi uchun Toshkentning diqqatga sazovor maskanlariga sayohatlar uyushtirish ham nazarda tutilgan.

Ushbu musobaqa O‘zbekiston suv sportining xalqaro nufuzini yanada oshirish barobarida, sportchilarimiz jahonning eng kuchli suzuvchilari bilan bir maydonda raqobatlashib, tajriba orttirishlariga ham xizmat qilishi bilan ahamiyatli.