[:uz]Ўзбекистон касаба уюшмалари Федерациясининг Портали[:ru]Портал Федерации Профсоюзов Узбекистана[:oz]Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Portali[:uzl]Oʼzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Portali[:]
35 yil

09.10.2026. 2026-yil 8-10-oktyabr’ kunlari Toshkentdagi Olimpiya shaharchasining Suv sporti saroyida suzish bo‘yicha Jahon kubogi — «World Aquatics Swimming World Cup 2026» bosqichi ilk bor o‘tkazilmoqda.

“World Aquatics” federatsiyasining 2026 yilgi musobaqalar taqvimiga kiritilgan va suzish bo‘yicha “Ipak yo‘li” turining bir qismi hisoblangan mazkur jahon kubogi bosqichi suv sportining ushbu yo‘nalishida mamlakatimizda birinchi marta o‘tkazilmoqda. Yana bir ahamiyatli jihati – mazkur turnir murabbiylar va sportchilar uchun joriy yil dekabr’ oyida Pekin shahrida bo‘lib o‘tadigan 25 metrlik suv havzasida suzish bo‘yicha jahon chempionati oldidan so‘nggi tayyorgarlik va imkoniyatlarni sinovdan o‘tkazish vazifasini o‘taydi.

Musobaqalarda 40 ta mamlakatdan 400 nafarga yaqin sportchi ishtirok etmoqda. Delegasiyalar tarkibida murabbiylar shtabi a’zolari va jamoa rasmiylari ham bor.

Jahon kubogi bosqichida Avstraliya, Jazoir, Belarus, Belgiya, Botsvana, Buyuk Britaniya, Vengriya, Gonkong (Xitoy), Isroil, Hindiston, Irlandiya, Ispaniya, Italiya, Qozog‘iston, Kanada, Qirg‘iziston, Xitoy, Latviya, Makao (Xitoy), Namibiya, Niderlandiya, Yangi Zelandiya, Ummon, Pokiston, Polsha, Rossiya, Salvador, Singapur, AQSh, Trinidad va Tobago, Uganda, O‘zbekiston, Finlyandiya, Chexiya, Shveysariya, Shvesiya, Estoniya, Janubiy Afrika va Yaponiyadan sportchilar ishtirok etmoqdalar. Shuningdek, suzish klublaridan ham vakillar ishtirok etayaptilar.

O‘zbekiston sharafini 51 nafar sportchi himoya qilmoqda: 38 nafar erkak va 13 nafar ayol. Uch kunlik musobaqa davomida erkin uslub, chalqancha uslub, brass uslubi, batterflyay uslubi va kompleks suzish turlari bo‘yicha dastlabki va final bosqichlari o‘tkazilmoqda. Dastur sprint, o‘rta va uzoq masofalarni qamrab oladi.

Musobaqada “World Aquatics” va «Asia Aquatics» Federatsiyalari vakillari, xalqaro hakamlar, xronometraj bo‘yicha mutaxassislar va xalqaro ommaviy axborot vositalari vakillari ham ishtirok etmoqdalar.

Shu o‘rinda 6 va 7 oktyabr’ kunlari Jahon kubogi tadbirlari doirasida hakamlar uchun seminarlar va amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazilganini ham qayd etib o‘tish joiz.

Jahon kubogi bosqichi musobaqalarining tantanali ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, Milliy Olimpiya qo‘mitasi, Vazirlar Mahkamasi, vazirlik va idoralar, O‘zbekiston sport federatsiyalari, “World Aquatics”, «Asia Aquatics» va «Uzbekistan Aquatics» Federatsiyalari mutasaddilari, diplomatik korpus vakillari ishtirok etdilar.

Tantanali ochilish marosimida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi, O‘zbekiston suv sporti Federatsiyasi raisi Qudratilla Rafiqov so‘zga chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev rahbarligida mamlakatimizda sportni, ayniqsa, suv sportini rivojlantirish, sportchilar uchun munosib sharoitlar yaratish va nufuzli xalqaro musobaqalarni yuqori saviyada o‘tkazishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi. Bu esa sportchilarimizga o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarish va yangi g‘alabalar sari intilish imkoniyatlarini kengaytirayotganini qayd etdi.

Alohida ta’kidlash zarurki, ushbu yo‘nalishlardagi amaliy harakatlarda 2024 yil 4 noyabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev tomonidan imzolangan “Suv sporti turlarini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qaror dasturilamal bo‘lmoqda. Hujjatda suzish, suv polosi, sinxron suzish va suvga sakrash kabi sport turlarini yanada rivojlantirish, iqtidorli sportchilarni saralash va tayyorlash, xalqaro musobaqalarda yuqori natijalarga erishish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha vazifalar belgilangan va ularning samarali ijrosi natijasida O‘zbekistonning xalqaro suv sporti harakatidagi ishtiroki kengayib, 2025 yilda mamlakatimiz vakili 2025-2029 yillar uchun “World Aquatics” byurosiga Osiyo mintaqasidan a’zo etib saylandi. Shuningdek, o‘tgan yili davlatimiz rahbari “World Aquatics” prezidenti Husayn Al-Musallamni qabul qilib, xalqaro tashkilot bilan hamkorlikni rivojlantirish hamda O‘zbekistonda yirik xalqaro musobaqalarni o‘tkazish masalalari yuzasidan fikr almashgandi.

Ana shu harakatlar natijasi o‘laroq poytaxtimizda o‘tkazilayotgan nufuzli musobaqada Amerika, Yevropa, Osiyo va Afrika qit’alaridan 400 nafarga yaqin sportchi, murabbiy va hakamlar ishtirok etmoqdalar.

— O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan mamlakatingizda juda keng islohotlar olib borilyapti, va sportni rivojlantirishga, yoshlarga katta e’tibor qaratilyapti, — dedi Butunjahon suv sporti Federatsiyasi prezidenti Husayn Al-Musallam. — Buning natijalarini mana o‘zimiz ko‘rib turibmiz. Ayniqsa, oxirgi besh yil ichida O‘zbekistonda katta o‘zgarishlar yuz berdi. Olimpiya shaharchasining qurilishi, suzish bo‘yicha Jahon kubogi musobaqalarining O‘zbekistonda o‘tkazilayotgani ham ulkan natijadir. O‘zbekistonni bu sohalarda erishayotgan muvaffaqiyatlari bilan muborakbod etmoqchiman. Ushbu nufuzli tadbirning O‘zbekistonda o‘tkazilayotgani ham bejiz emas. Mamlakatingizda sportchilar uchun barcha zarur shart-sharoitlarning yaratilgani, kerakli inshootlarning mavjudligi, O‘zbekistonning boy madaniyat va boy tarixga ega ekanligi uchun ham O‘zbekistonni tanlaganmiz. Bu kabi tadbirlar O‘zbekistonni dunyoga tanitishga munosib hissa qo‘shadi. O‘zbekistonda suv sportining rivojlanib borayotganini, o‘zbek sportchilarining dunyo arenalarida ulkan natijalarga erishayotganini olqishlaymiz. Bu borada O‘zbekiston Prezidentining ulkan sa’y-harakatlarini tan olamiz.

Qayd etish joizki, turnirni yuqori saviyada o‘tkazish uchun barcha tashkiliy masalalar hal etilgan. Jumladan, 27-29 sentyabr’ kunlari test musobaqalari o‘tkazilib, hakamlar ishi, start va finish zonalari, hisoblash tizimi hamda natijalarni qayd etish jarayonlari sinovdan o‘tkazildi. Bundan tashqari, mehmonlar bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishi uchun Toshkentning diqqatga sazovor maskanlariga va viloyatlar bo‘ylab sayohatlar uyushtirilmoqda.

Suv sporti bo‘yicha Jahon kubogi musobaqalarining dastlabki kunida Ayollar o‘rtasida 50 va 400 metrga erkin suzish, 50 metrga chalqancha suzish, 200 metrga brass usulida va batterflyay usulida suzish, 100 metrga kompleks suzish musobaqalari o‘tkazildi.

Erkaklar o‘rtasida esa 50 va 400 metrga erkin suzish, 200 metrga chalqancha suzish, 100 metrga brass usulida va batterflyay usulida suzish, 100 metrga kompleks suzish musobaqalari o‘tkazildi.

Final musobaqalarida ayollar 50 va 400 metrga erkin suzish, 50 metrga chalqancha suzish, 200 metrga brass va batterflyay usulida suzish, 100 metrga kompleks suzish bo‘yicha, erkaklar esa 50 va 400 metrga erkin suzish, 200 metrga chalqancha suzish, 100 metrga brass va batterflyay usulida suzish, 100 metrga kompleks suzish bo‘yicha bellashdilar.

Mazkur ulug‘vor sport bayramining manzaralari butun dunyoga tarqaldi. Suzish bo‘yicha Jahon kubogi bosqichi O‘zbekiston suv sportining xalqaro nufuzini yanada oshirish barobarida, sportchilarimiz jahonning eng kuchli suzuvchilari bilan bir maydonda raqobatlashib, tajriba orttirishlariga ham xizmat qilishi bilan yanada ahamiyatlidir. Shuningdek, Jahon kubogi bosqichi musobaqalari O‘zbekistonda suv sportining yanada rivojlanishi, Yangi O‘zbekiston sportchilarining xalqaro tajribalari yuksalishi hamda sohada yetakchi xorijiy davlatlar bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga munosib hissa qo‘shish bilan birga bo‘lajak Olimpiya chempionlarini tarbiyalashda yana bir muhim qadam bo‘ldi.

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Matbuot xizmati