22.10.2026. O‘zbekiston kimyo va farmatsevtika sanoati xodimlari kasaba uyushmasi tizimidagi “Qo‘ng‘irod soda zavodi” MCHJ XKda mehnat muhofazasi masalalariga bag‘ishlab “Mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha vakillar faoliyatini samarali tashkil etish” mavzusida seminar o‘tkazildi.
Tadbirda Respublika kengashi apparatining mehnat muhofazasi bo‘yicha bosh mutaxassisi Sh. Rixsiboyev hamda madaniy-ma’rifiy va sport ishlari bo‘yicha yetakchi mutaxassisi Sh. Toirov, korxona kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisi S. Abdireymov, shuningdek, mehnat muhofazasi bo‘yicha vakillar ishtirok etdi.
Seminarda korxonada xodimlar uchun xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratish, mehnat muhofazasi talablariga rioya etilishini ta’minlash hamda ishlab chiqarish jarayonidagi xavflarning oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida so‘z yuritildi.
Respublika kengashi apparatining mehnat muhofazasi bo‘yicha bosh mutaxassisi Sh. Rixsiboyev O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 24 dekabrdagi 819-son qarori mazmun-mohiyati, ish beruvchi va xodimlarning huquq hamda majburiyatlari, mehnat jarayonidagi xavflarni baholash, profilaktik chora-tadbirlarni amalga oshirish va xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratish masalalari to‘g‘risida batafsil gapirib o‘tdi.
Shundan so‘ng Respublika kengashi apparatining yetakchi mutaxassisi Sh. Toirov so‘zga chiqib, xodimlar o‘rtasida sog‘lomlashtirish gimnastikasini muntazam tashkil etish orqali xodimlarning jismoniy faolligini oshirish, mushaklardagi zo‘riqishni kamaytirish, charchoqning oldini olish va mehnat qobiliyatini saqlab qolishga erishish mumkinligini ta’kidladi. Shuningdek, bunday mashg‘ulotlarni samarali tashkil etishda xodimlarning bajaradigan ish turi, yoshi, jismoniy holati va mehnat sharoitlarini inobatga olish zarurligini qayd etdi.
Tadbir davomida ishtirokchilarning mavzu yuzasidan bergan savollariga batafsil javoblar qaytarilib, mehnatni muhofaza qilish sohasidagi dolzarb masalalar muhokama qilindi.
Seminardan so‘ng korxonada mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha vakillar faoliyati o‘rganildi. Jarayonda mehnat sharoitlari, xodimlarning hayoti va salomatligini muhofaza qilishga qaratilgan chora-tadbirlar hamda sohada amalga oshirilayotgan ishlar ko‘rib chiqildi. Shuningdek, birinchi va ikkinchi bosqich nazorat jurnallari ko‘zdan kechirildi.
O‘rganish davomida mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, kasaba uyushmasi vakillarining ushbu jarayondagi ishtirokini faollashtirish, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va xodimlarning mehnat huquqlarini himoya qilish masalalariga ham e’tibor qaratildi.
Mazkur tadbirlar korxonada xavfsiz mehnat muhitini ta’minlash va mehnat muhofazasi sohasidagi jamoatchilik nazoratini yanada kuchaytirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Shavkat Toirov
Kimyo va farmatsevtika sanoati xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashining madaniy-ma’rifiy va sport ishlari bo‘yicha yetakchi mutaxassisi
![[:uz]Ўзбекистон касаба уюшмалари Федерациясининг Портали[:ru]Портал Федерации Профсоюзов Узбекистана[:oz]Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Portali[:uzl]Oʼzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Portali[:]](https://kasaba.uz/wp-content/uploads/2024/04/cropped-ohirgi-logo_kasaba_v13-removebg-preview.png)



O'zbekcha
Русский