[:uz]Ўзбекистон касаба уюшмалари Федерациясининг Портали[:ru]Портал Федерации Профсоюзов Узбекистана[:oz]Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Portali[:uzl]Oʼzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Portali[:]
35 yil

09.07.2026. Toshkentda O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi va Xalqaro mehnat tashkilotining Mehnatkashlar faoliyati bo‘yicha byurosi hamkorligida IndustriALL global ittifoqining “Kasaba uyushmalari faoliyatini tashkil etish va xodimlar manfaatlarini himoya qilishda global standartlarni joriy etish” mavzusidagi Markaziy Osiyo submintaqaviy konferensiyasi o‘tkazildi.

O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi va Xalqaro mehnat tashkilotining Mehnatkashlar faoliyati bo‘yicha byurosi o‘rtasida tuzilgan 2026 yilgi tadbirlar rejasiga asosan tashkil etilgan mazkur konferensiyada IndustriALL global ittifoqiga a’zo bo‘lgan 5 ta tarmoq kasaba uyushmalari, xususan, O‘zbekiston Kimyo va farmasevtika sanoati, Metallurgiya va mashinasozlik sanoati tarmoqlari, Energetika, neft’-gaz va geologiya xodimlari kasaba uyushmalari Respublika Kengashlari, Navoiy kon-metallurgiya kombinati xodimlari kasaba uyushmasi Kengashi, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati aksiyadorlik jamiyati xodimlari kasaba uyushmasi Kengashi, shuningdek, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston kasaba uyushmalari delegasiyalari vakillari, Xalqaro mehnat tashkilotining Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun byurosi hamda IndustriALL global ittifoqi mutasaddilari ishtirok etdilar.

Xalqaro konferensiyada ta’kidlanganidek, oxirgi yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ochiqlik siyosati doirasida demokratik islohotlar jadallashib, mehnat sohasidagi qonunchilik xalqaro standart va normalarga uyg‘unlashtirildi. Shuningdek, O‘zbekistonning Xalqaro mehnat tashkiloti bilan muloqoti yuksak darajaga ko‘tarildi. Buning natijasida fuqarolarimizning mehnat sohasidagi huquqlarini ta’minlash ishlari ham yangi bosqichga chiqdi.

Ko‘zlangan maqsadlarga ko‘ra, mazkur xalqaro konferensiya bevosita kasaba uyushmalari faoliyatini tashkil etish va xodimlar manfaatlarini himoya qilishda global standartlarni joriy etish bo‘yicha anjuman ishtirokchilarining takliflari, fikrlari va tajribalarini konstruktiv muhokama qilish uchun qulay maydon vazifasini o‘tadi.

Anjumanning aynan shu formatda o‘tishi, shak-shubhasiz, O‘zbekistonning xalqaro hamjamiyatga ochiqligini, mazkur yo‘nalishda faol amaliy hamkorlikka, xalqaro va xorijiy tajribani o‘rganish hamda hayotga tatbiq etishga tayyorligini namoyish qildi.

Xalqaro anjumanda bugun Markaziy Osiyo mintaqasida yangi tamoyillar kuchga kirgani, ko‘p yillardan beri mavjud bo‘lgan muammolarni hal etish, savdo-iqtisodiy va madaniy-ijtimoiy aloqalarni kengaytirish, aholining barcha qatlamlari ijtimoiy himoyasini kuchaytirish uchun qulay imkoniyatlar ochilgani alohida ta’kidlandi.

Qayd etilganidek, bugun O‘zbekiston kasaba uyushmalari Yangi O‘zbekiston sharoitida, ya’ni dunyoga ochiq, islohotlarga va xalqaro jarayonlarga integratsiyalashuvga intilayotgan mamlakat sharoitida faoliyat ko‘rsatmoqda. Yangi O‘zbekiston qurilishi “Inson sha’ni va qadr-qimmati, uning baxti uchun” tamoyiliga asoslangan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev rahbarligida mamlakat jahon iqtisodiyotiga faol integratsiyalashib, dinamik aloqalarni rivojlantirmoqda.

O‘zbekistonning 2019 yilda XMTning uch tomonlama maslahatlashuvlar to‘g‘risidagi 144-sonli Konvensiyasini ratifikasiya qilishi katta burilish nuqtasi bo‘ldi. Respublika uch tomonlama komissiyasi tuzildi. 2023 yilda yangi Mehnat kodeksining amalga kiritilishi bilan uch tomonlama munosabatlarning huquqiy asoslari misli ko‘rilmagan darajada kengaydi. Bugungi kunda barcha darajalarda, ya’ni respublikadan tortib boshlang‘ich tashkilotlargacha komissiyalar tashkil etilgan.

Submintaqaviy konferensiyada qayd etilganidek, global tarmoq kasaba uyushmalari – bu butun dunyo bo‘ylab milliy kasaba uyushmalarini yagona doiraga birlashtirgan kuchli xalqaro birlashmalardir. Ularning roli juda muhim: ular oddiy xodimlarning ovozini transmilliy korporatsiyalarga yetkazadi, iqtisodiy taraqqiyot inson huquqlarining buzilishiga asoslanmasligini ta’minlaydi.

Xalqaro anjuman davomida nufuzli xalqaro ekspertlar, mintaqaning tarmoq kasaba uyushmalari rahbarlari va xorijlik mehmonlar global o‘zgarishlar davrida mehnatkashlar huquqlarini himoya qilishning yangi samarali usullarini muhokama qildilar.

Konferensiya ishtirokchilari xalqaro kasaba uyushmalari harakatining tarixiy g‘alabasi, ya’ni raqamli platformalarda mehnatni tartibga solish bo‘yicha Xalqaro mehnat tashkilotining yangi 193-sonli konvensiyasi qabul qilinganligini olqishladilar. Ushbu hujjat Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun strategik ahamiyatga ega. Chunki platformali bandlik tizimida faoliyat ko‘rsatayotgan xodimlar va yetkazib berish xizmatlarini ko‘rsatuvchilarning aksariyati qat’iy ijtimoiy kafolatlarga muhtoj yoshlardir.

Anjumanda Markaziy Osiyo mamlakatlarining mavzuga oid muvaffaqiyatli ishlari va global doiraviy kelishuvlarning qo‘llanilishi ko‘rib chiqildi. O‘zbekistonning bu boradagi tajribasi ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Xususan, O‘zbekiston Hukumati, Kasaba uyushmalari Federatsiyasi va Ish beruvchilar Konfederatsiyasi o‘rtasida 2026-2028 yillar uchun imzolangan Bosh jamoa kelishuvida aks etgan me’yorlar yuqori baholandi.

Jumladan, Bosh jamoa kelishuviga ish beruvchining tashabbusi bilan xodimni ishdan bo‘shatish jarayonida albatta kasaba uyushma qo‘mitasining roziligini olish, sun’iy intellekt joriy etilishi tufayli ishdan bo‘shatilgan xodimlarni qayta o‘qitish va ishga joylashtirish masalalari kiritilgani e’tirof etildi.

O‘zbekistonda Xalqaro mehnat tashkiloti bilan hamkorlikda Munosib mehnat bo‘yicha mamlakat dasturi, shuningdek, “Better Work”, “Inditex” kabi loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgani, O‘zbekiston Xalqaro mehnat tashkilotining 25 ta Konvensiyasini, shu jumladan, barcha fundamental va ustuvor Konvensiyalarini ratifikasiya qilgani alohida e’tirof etildi.

Qayd etilganidek, O‘zbekiston mustaqilligining dastlabki 25 yilida XMTning 13 ta Konvensiyasi ratifikasiya qilingan bo‘lsa, so‘nggi 9 yil ichida 12 ta Konvensiya va 1 ta protokol ratifikasiya qilindi.

O‘zbekiston Respublikasining yangilangan Konstitusiyasida bolalar mehnati va majburiy mehnatni taqiqlash, kamsitmaslik va teng qiymatdagi mehnatga teng haq to‘lash tamoyillari, xavfsiz mehnat sharoitlari, yillik haq to‘lanadigan ta’til va pensiya ta’minotiga bo‘lgan huquqlar kabi fundamental qadriyatlar aks etgan.

“Kasaba uyushmalari to‘g‘risida”gi, “Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi, “Aholi bandligi to‘g‘risida”gi, “Ayollar va erkaklarning teng huquq hamda imkoniyatlari kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunlar qabul qilingan. Ratifikasiya qilingan Konvensiyalar bilan birga ratifikasiya qilinmagan Konvensiyalar me’yorlarini ham o‘z ichiga olgan yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi qabul qilingan.

Anjuman ishtirokchilari, shu jumladan, xorijiy ekspertlar O‘zbekistonda kechayotgan bugungi o‘zgarishlar mamlakat yangi tarixini boshlab bergani, ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va boshqa sohalarda yuz berayotgan ulkan yangilanishlar mamlakatning dunyo hamjamiyati bilan tom ma’noda integratsiyalashuvini ta’minlayotganini e’tirof etdilar.

Natijada bugun O‘zbekistonda ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy va intellektual sohalar qatori ijtimoiy-mehnat munosabatlari hamda xalqaro mehnat standartlarini hayotga izchil tatbiq etish yo‘nalishlarida ham yuksak natijalarga erishilayotgani, Hukumat, kasaba uyushmalari va ish beruvchilar tashkilotlari o‘rtasida konstruktiv ijtimoiy muloqot yo‘lga qo‘yilgani alohida ta’kidlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining sa’y-harakatlari bilan so‘nggi 9-10 yilda kambag‘allikni keskin qisqartirishga erishilgani, ishchi kuchi harakatchanligi oshirilayotgani, fuqarolarni xorijda ishga joylashtirish tartibi soddalashtirilgani, ta’lim, tibbiyot va madaniyat xodimlari hamda Davlat byudjetidan moliyalashtiriladigan boshqa tarmoqlar xodimlarining mehnatiga haq to‘lash shartlari takomillashtirilgani e’tirof etildi.

Yangi O‘zbekistonning har tomonlama rivojlanishida kasaba uyushmalari ham faol ishtirok etayotgani ta’kidlab o‘tildi. Aynan kasaba uyushmalari hukumat va ish beruvchilar bilan birgalikda ijtimoiy muloqotning asosiy ishtirokchilariga aylandi. Bu faol va teng huquqli muloqot barqarorlik, manfaatlar mutanosibligi va millionlab fuqarolar hayotini yaxshilashning asosidir.

Bugungi kunda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi 14 ta tarmoqdagi va barcha hududlardagi 8 million nafar mehnatkashni birlashtirgan yirik jamoat tashkilotidir.

Ijtimoiy sheriklik tamoyillari asosida Hukumat va Ish beruvchilar Konfederatsiyasi bilan O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi o‘rtasida Bosh jamoa kelishuvi, mamlakat miqyosida tarmoq va hududiy jamoa kelishuvlari, bevosita korxonalarda esa jamoa shartnomalari tuzilib, amal qilmoqda.

O‘zbekiston kasaba uyushmalari mazkur lokal hujjatlarga muvofiq xodimlarning real daromadlarini bosqichma-bosqich oshirish, mehnat bozorida talab mavjud bo‘lgan kadrlarni tayyorlash tizimini kengaytirish, ish bilan band bo‘lmagan aholi vakillarini kasbga o‘qitish hamda qayta o‘qitish ishlarida hamkorlik ko‘rsatmoqda.

Kasaba uyushmalari Federatsiyasining dasturiy hujjatlariga ko‘ra, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarining ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlarini himoya qilishga ko‘maklashish, yolg‘iz keksalar, pensionerlar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, kam ta’minlangan va ko‘p bolali oilalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Shuningdek, davlat organlari va ish beruvchilar bilan hamkorlik qilish, bandlikning noan’anaviy shakllarida mashg‘ul kishilar hamda ularning oila a’zolarining ijtimoiy himoyasiga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda.

Ikki kun davom etgan submintaqaviy konferensiyada bugungi shiddat bilan o‘zgarib borayotgan dunyoda globallashuv, raqamlashtirish, geosiyosiy keskinliklar va jahon savdosidagi uzilishlar fonida nostandart va platformali bandlikning o‘sishi jahon mehnat bozori deformasiyasiga, iqtisodiy beqarorlik va ijtimoiy tengsizlikka olib kelayotgani ta’kidlandi.

Dunyoda global muammolarning kuchayishi xodimlarning huquqlarini himoya qilish, munosib mehnatni ta’minlash va ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlashga qaratilgan xalqaro mehnat standartlarini samarali joriy etish zaruriyatini kuchaytirayotgani qayd etildi.

Kasaba uyushmalari munosib mehnatning asosiy manfaatdorlari sifatida mehnatkashlar huquq va manfaatlarini himoya qilish, muzokaralar olib borish, qonun ijodkorligida ishtirok etish, xalqaro hamkorlik va hamjihatlikni rivojlantirish orqali adolatli mehnat munosabatlarini shakllantirishga muhim hissa qo‘shmoqda.

Xalqaro konferensiya ishtirokchilari O‘zbekiston jahon iqtisodiyotiga faol integratsiyalashayotgani, jadal aloqalar rivojlanayotgani va mamlakat xalqaro bozorlarga chiqayotganini ta’kidladilar.

Shuningdek, so‘nggi 10 yilda yalpi ichki mahsulot barqaror o‘sib borayotgani, bunday natijalarga mamlakat Prezidenti Shavkat Mirziyoevning tadbirkorlikni faol qo‘llab-quvvatlash, zamonaviy sanoat majmualarini barpo etish, “yashil” va innovasion iqtisodiyotga o‘tish, qayta tiklanuvchi energiya manbalari, axborot texnologiyalari, turizm va moliyaviy xizmatlarni rivojlantirishga qaratilgan uzoqni ko‘zlagan siyosati tufayli erishilgani e’tirof etildi.

Bundan tashqari, O‘zbekistonda aholi ijtimoiy himoyasiga avvalgidan ancha ko‘p mablag‘ ajratilayotgani ta’kidlandi.

Xalqaro anjuman davomida ishtirokchilar va xalqaro ekspertlar kasaba uyushmalari faoliyatini tashkil etish va xodimlar manfaatlarini himoya qilishda global standartlarni joriy etishni ilgari surish, inson manfaatlari hamda uning yashash va mehnat qilish huquqlarini ta’minlashda kasaba uyushmalarining ishtirokini yanada kuchaytirish masalalari bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalari va tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar.

Anjumanda bildirilgan fikr-mulohazalar va takliflardan kelib chiqqan holda ishtirokchilar ijtimoiy muloqotni kuchaytirish, kasaba uyushmalari faoliyatini tashkil etish va xodimlar manfaatlarini himoya qilishda global standartlarni joriy etishni ilgari surish borasida hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama etdilar.

Muhokamalardan so‘ng submintaqaviy konferensiya ishtirokchilari Markaziy Osiyoda kasaba uyushmalari faoliyatini mustahkamlash va munosib mehnatni ta’minlashga qaratilgan yagona harakatlar rejasi hamda amaliy mexanizmlarni ishlab chiqdilar.

Muhabbat O‘rmonbekova

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Matbuot xizmati rahbari