[:uz]Ўзбекистон касаба уюшмалари Федерациясининг Портали[:ru]Портал Федерации Профсоюзов Узбекистана[:oz]Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Portali[:uzl]Oʼzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Portali[:]

15.05.2026. O‘zbekiston transport, yo‘l va kapital qurilish, qurilish industriyasi xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashining “Yilning eng faol yosh mutaxassisi” ko‘rik-tanlovining respublika bosqichi joriy yilning 15 may kuni Toshkent shahridagi “Toshkentboshplan LITI” davlat muassasasida bo‘lib o‘tdi.

Tanlov “Eng faol yosh quruvchi” hamda “Eng faol yosh transportchi” nominasiyalari bo‘yicha tashkil etildi.

Respublika bosqichida ishtirokchilarning mehnat faoliyati, kasbiy yutuqlari, ijodiy va ilmiy ishlari, innovasion loyihalari, ijtimoiy-siyosiy faolligi hamda jamoat ishlaridagi ishtiroki Toshkent arxitektura-qurilish universiteti va Toshkent davlat transport universitetidan taklif etilgan hakamlar hay’ati tomonidan baholandi.

Ko‘rik-tanlov yakunlariga ko‘ra “Eng faol yosh quruvchi” nominasiyasi bo‘yicha:
1-o‘rin — Toshkent arxitektura-qurilish universiteti “Bino va inshootlar qurilishi” kafedrasi dosenti Rashidov Jasur G‘ayrat o‘g‘li;
2-o‘rin — Toshkent viloyati Piskent tumani qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi ishlab chiqarish loyiha bo‘limi boshlig‘i Maxmudov Shuxrat G‘ayrat o‘g‘li;
3-o‘rin — Farg‘ona viloyati qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bosh boshqarmasi bosh mutaxassisi Sodiqxonov Sardorxon Sobirjon o‘g‘li egalladi.

“Eng faol yosh transportchi” nominasiyasi bo‘yicha:
1-o‘rin — Xorazm viloyati Ilg‘or kasbiy mahorat texnikumi ishlab chiqarish ta’limi ustasi Ibragimov Kamronbek Sobirjon o‘g‘li;
2-o‘rin — Toshkent davlat transport universiteti ilmiy nashrlar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Abdullaeva Ruxsora Sobirovna;
3-o‘rin — Qoraqalpog‘iston Respublikasi vakili Aytmuratov Allamurat Jumamurat o‘g‘liga nasib etdi.

G‘olib va sovrindorlar Respublika Kengashining diplomlari hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Tanlov doirasida Jizzaxlik yosh mutaxassis Jahongir Abdurahmonov tomonidan taqdim etilgan “Eko-shaharcha” loyihasi ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.

12 gektar maydonda amalga oshirilishi rejalashtirilgan mazkur loyiha doirasida turar joy majmualari, savdo pavil’onlari, restoranlar, maishiy xizmat ko‘rsatish ob’ektlari, maktab va maktabgacha ta’lim muassasalarini barpo etish ko‘zda tutilgan.

Loyihaning asosiy jihatlaridan biri ekologik yondashuv bo‘lib, binolar tom qismiga quyosh panellarini o‘rnatish orqali energiya tejamkorligi va tabiiy resurslardan samarali foydalanish maqsad qilingan.

Muallifning ta’kidlashicha, loyiha shaharlardagi tirbandlikni kamaytirish, yangi ish o‘rinlari yaratish hamda savdo infratuzilmasini tartibli tashkil etishga xizmat qiladi.