06.05.2026. O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Buxoro viloyati Kengashi tomonidan 2026 yilda yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish yuzasidan belgilangan chora-tadbirlar dasturi doirasida muhim amaliy tadbir tashkil etildi.
Dasturga muvofiq, oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalari bitiruvchilarini zamonaviy ishlab chiqarish jarayonlari bilan yaqindan tanishtirish, ayniqsa erkin iqtisodiy zonalarda faoliyat yuritayotgan qo‘shma korxonalar tajribasini o‘rganish maqsad qilingan.
Shu munosabat bilan Buxoro davlat texnika universitetining 50 nafar bitiruvchi talabasi uchun “BUKHARA NEXT GENERATION PRODUCT” MChJ (Artel) ishlab chiqarish korxonasiga ekskursiya tashkil etildi.
Ekskursiya davomida korxona mutaxassislari talabalarga ishlab chiqarish jarayonlari, mahsulot tayyorlash bosqichlari hamda zamonaviy texnologiyalardan foydalanish tartiblari haqida batafsil ma’lumot berdilar.
Ta’kidlanishicha, korxonada ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan ayrim xom ashyolar, jumladan metall materiallar xorijdan olib kelinadi, qolgan barcha ishlab chiqarish jarayonlari esa mahalliy sharoitda amalga oshiriladi.
Ma’lum qilinishicha, korxonaning umumiy maydoni 17 gektarni tashkil etadi. Bu yerda 2 ming nafardan ortiq ishchi-xodim faoliyat yuritmoqda. Ayni paytda korxonada 500 ga yaqin bo‘sh ish o‘rinlari mavjud bo‘lib, ularning asosiy qismi yosh mutaxassislar uchun mo‘ljallangan.
Shuningdek, talabalar uchun dual ta’lim tizimi asosida ishga joylashish imkoniyati yaratilgani ta’kidlandi. Ushbu tizim doirasida talabalar o‘qish bilan bir vaqtda ishlab, oylik maoshdan tashqari har oy 1 million so‘mlik oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlanishi ko‘zda tutilgan.
Tadbir yakunida Buxoro viloyati kasaba uyushmalari Kengashi, Buxoro davlat texnika universiteti hamda Artel zavodi vakillari o‘rtasida yoshlar bandligini ta’minlash, ularni zamonaviy kasb-hunarlarga yo‘naltirish va amaliy ko‘nikmalarini oshirish bo‘yicha o‘zaro hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Kelgusida mazkur hamkorlik doirasida universitetda talabalar bilan uchrashuvlar, seminarlar va amaliy mashg‘ulotlar tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
![[:uz]Ўзбекистон касаба уюшмалари Федерациясининг Портали[:ru]Портал Федерации Профсоюзов Узбекистана[:oz]Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Portali[:uzl]Oʼzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Portali[:]](https://kasaba.uz/wp-content/uploads/2024/04/cropped-ohirgi-logo_kasaba_v13-removebg-preview.png)



O'zbekcha
Русский